Qirg‘izistonda yangi hukumat koalitsiyasi tuziladi

Image copyright kenesh.kg
Image caption Oldingi koalitsiya o‘tgan oy tarqalib ketgandi

Qirg‘iziston parlamenti favqulodda yig‘inida yangi koalitsion hukumat tuzilishi haqida rasman e‘lon qilingan.

Xabar qilinishicha, yangi ko‘pchilik koalitsiyasi "Davlatchilikni kuchaytirish uchun", deb nomlanadi.

Qarorni Sotsial demokratlar fraktsiyasi rahbari Chinibay Tursunbekov e‘lon qilgan.

"Biz, shuningdek, Joomart Kaipovich Otorbayevni bosh vazirlikka yagona nomzod sifatida ko‘rsatayotganimizni ma‘lum qilamiz", deya qo‘shimcha qilgan Chinibay Tursunbekov.

Qirg‘iziston Sotsial demokratlar partiyasi, Ota-Makon va Or-Nomus firqalari rahbarlari 31 mart kuni uchrashib, yangi koalitsiya tuzish borasida kelishuv imzolashgan.

Mazkur kelishuv esa, parlament majlisida rasman e‘lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.

19 mart kuni Prezident Almazbek Atambayev Sotsial demokratlar partiyasi, Ota-Makon va Or-Nomus partiyalaridan tashkil topgan hukumat iste‘fosi haqidagi farmonga imzo chekkandi.

Bir kun oldin 2012 yil 3 sentyabrida tashkil etilgan "Birdamlik" koalitsiyasi "Ota Makon" partiyasi chiqib ketishi bilan parchalangandi.