Rossiyaning Astanadagi elchixonasi moliyaviy to‘lovi to‘sib qo‘yilgan

Image copyright Reuters
Image caption JP Morgan Chase Qrimdagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanktsiyalar bo‘yicha Amerika hukumatidan izoh olishga urinayotganini bildirdi

Amerikaning yirik moliyaviy konglomerati JP Morgan Chase Rossiyaning Astana shahridagi elchixonasidan "SOGAZ" sug‘urta shirkatiga pul o‘tkazilishiga to‘siqlik qilgan.

Bu haqida xabar tarqatgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bank bunday to‘siqni Rossiyaga qarshi e‘lon qilingan sanktsiyalar bilan izohlagan.

Vazirlikning rasmiy vakili Aleksandr Lukashevich bankning bunday qarorini "nomaqbul, noqonuniy va mantiqsiz" deb atadi.

Lukashevich janoblari ta‘kidlashicha, JP Morgan Chase tutgan yo‘l va Rossiya diplomatik missiyasiga qarshi har qanday dushmanona amallar nafaqat xalqaro qonunlarni buzadi, balki bunga javoban choralar ko‘rilishiga yetaklaydi.

"Agar Amerikaning moliyaviy idorasi bu bilan boshqalardan "farq qilib", Oq Uyga yaxshi ko‘rinib qo‘yishni istagan bo‘lsa, u haddan oshiq harakat qilib yuborgan", - deyiladi vazirlik voizi bayonotida.

JP Morgan Chase esa, Qrimdagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanktsiyalar bo‘yicha Amerika hukumatidan izoh olishga urinayotganini bildirdi.

"Butun jahon bo‘ylab amaliyotlarni bajarayotgan Amerikaning har qanday moliyaviy muassasasi qatori biz ham muayyan talablarga bo‘ysunamiz. Biz AQSh hukumatidan yaqin kunlarda e‘lon qilingan sanktsiyalari borasida aniqlik kiritishini so‘rashda davom etamiz", - deyiladi bank bayonotida.

"SOGAZ" va "Rossiya" banki

20 martda AQSh Prezidenti Barak Obama Rossiyaga qarshi yana ko‘proq jazo choralariga yo‘l ochib beruvchi farmoyishga imzo chekdi.

Sanktsiyalar, xususan, Rossiya rahbariyatining moliyaviy manfaatlariga xizmat qiluvchi "Rossiya" bankiga qaratilgan.

21 martdan boshlab Visa va MasterCard to‘lov tizimlari bu bankning mijozlariga xizmat qilishni to‘xtatib qo‘ygan.

"SOGAZ" sug‘urta shirkati "Abros" shirkatiga tegishlidir. "Abros" esa, o‘z navbatida "Rossiya" banki nazorati ostida faoliyat yuritadi. Biroq, bu shirkatga qarshi bevosita sanktsiyalar kiritilmagan.

28 martda aniq bo‘lishicha, "Rossiya" banki o‘zining "SOGAZ"dagi hissasini 51%dan 48,5%ga kamaytirgan. Bu AQSh sanktsiyalari e‘lon qilinishidan bir necha kun avval sodir bo‘lgan.

G‘arb matbuotida yozilishicha, moliyaviy muassasalar odatda Amerika hukumati sanktsiyalarini amalda qanday qo‘llashni bilmaydilar. Sanktsiya e‘lon qilingan yirik shirkatgalarga tegishli kichik shirkatlar taqdiri mavhum qolgan.

Macro Advisory xalqaro konsultatsion shirkati xodimi Kris Uiferning aytishicha, jazo choralari borasidagi qarorda "tushunmovchiliklar" ko‘p.

"Bizga ma‘lum bo‘lishicha, sanktsiyalar aniq xarakterga ega bo‘lsada, ko‘pgina Amerika shirkatlari ehtiyotkorona ish tutadilar va xavfni kamaytirishga urinadilar. Lekin, ba‘zida bu o‘z o‘zingizga qarshi sanktsiya kiritishni anglatadi", - deydi ekspert.