FIFA nahang Barsani jazoladi, Birodar aka nima deydi?

Image copyright Getty

Xalqaro futbol tashkiloti tomonidan berilgan jazoga muvofiq, Ispaniya chempioni kelasi yil yoz oyigacha chetdan na-da biror bir futbolchi xarid qiloladi va na-da birorta o‘yinchisini birovga sotoladi.

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida so‘nggi yangilikka munosabat bildirarkan, O‘zbek futboli afsonasi Birodar aka Abduraimov Barsa, baribir, vaziyatdan chiqib ketadi, deydi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Yo‘q, o‘yiniga ta‘sir qilmaydi. "Barselona" uzoq yillardan beri o‘zining futbol maktabiga ishongan. Deyarli hamma futbolchilari o‘zidan chiqqan. Masalan, Madridning "Real"ini olsak, barcha futbolchilarini katta pulga boshqa davlatlar, boshqa jamoalardan olishadi. "Barselona"ning yo‘li esa, boshqa. Ular faqat tarbiyalab, o‘zlari o‘stirib, keyin o‘zlarida o‘ynatishadi. To‘g‘ri, endi, baribir, chetdan bitta-ikkita o‘yinchi olishi kerak. Ammo bu bilan "Barselona" yo‘q bo‘ldi, deyish kerak emas", - deydi Birodar aka.

Ayon bo‘lishicha, 18 yoshdan kichik bo‘lgan chet ellik futbolchilarni sotib olgani uchun, FIFA Ispaniya nahangini jazolashga qaror qilgan.

FIFAning bildirishicha, bu kabi xatti-harakatlari bilan "Barselona" o‘zlari tomonidan belgilab qo‘yilgan tartib-qoidalarni buzgan.

Xuddi shu qilmishi uchun katalan jamoasi 450.000 Shveytsariya franki yoki 305.000 funt sterling miqdorida jarimaga ham tortilgan.

FIFA birgina Barsaning o‘zi bilan cheklanmay, Ispaniya Futbol Uyushmasini ham jazolashga qaror qilgan.

"Barselona" esa, bu yilgi futbol mavsumi yakunida yangi darvozabon sotib olishni ham rejalayotgandi.

Chunki uzoq yillik darvozaboni Viktor Valdes oxirlab borayotgan shartnomasini yangilamoqchi emas va Barsani tark etmoqchi.

Shu yil boshida esa, ispaniyalik mas‘ullarning o‘zlari ham braziliyalik yulduz futbolchi Neymarni xarid qilish jarayonida ko‘zda tutilgan soliqni to‘lamaganlikda aylab chiqishgandi.

Yuz bergan mashmasha ortidan, katalan jamoasi o‘z ixtiyori bilan 11 million funt sterling miqdorida soliq to‘lagan esa-da, mas‘ullar klubga qarshi jinoiy ish ochishgacha borishgandi.

Ushbu voqea bilan aloqadorlikda Barsa prezidenti Sandro Rozel ham iste‘fo bergandi.

Ammo 22 marta Ispaniya chempioni bo‘lmish klub rahbariyati haliyam biror bir qing‘ir ish qilmaganliklarini urg‘ulab keladi.