NASA Rossiya bilan hamkorlikni to‘xtatishini bildirdi

NASA Rossiyaning Qrimga nisbatan siyosatiga norozilik sifatida u bilan Xalqaro Fazo stantsiyasiyasidagi birgalikdagi amaliyotidan tashqari barcha hamkorlikni tugatadi, deb bildiradi NASA rasmiylari.

XFSda ayni paytda ikki rossiyalik va bir amerikalik astronavt bor.

NASA bayonotida aytilayotgan taqiq amalga oshadigan bo‘lsa, ma‘lum ko‘rsatma berilmagunicha xodimlarning Rossiyaga safar qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek elektron pochta orqali yozishmalar va rossiyalik hamkorlar bilan teleanjuman o‘tkazish, xalqaro tadbirlarda uchrashuvga ruxsat berilmaydi. Rossiya vakillarining ham NASAga tashrif buyurishi mumkin emas.

"Rossiyaning Ukraina hududiy birligiga daxl qilishi bois, NASA Rossiya Federatsiyasi bilan ayni paytdagi aksariyat shartnomalarini to‘xtatadi. Lekin NASA va Roskosmos Xalqaro fazo stantsiyasida xavfsiz va uzluksiz faoliyatni ta‘minlash uchun birgalikdagi ishlarini davom ettiradi", deyiladi NASA bayonotida.

"Kosmik parvozlarni Amerika tomonidan to‘liq moliyaviylashtirish va Rossiyaga millionlab dollarlarni takroran o‘tkazish o‘rtasida tanlov turibdi. Obama ma‘muriyati Amerikada moliyalashtirishni xohlamoqda, biz umid qilamizki, Kongress bu nuqtai nazarni maqullaydi", deydi NASA.

Rossiyaning bir qancha siyosatchilari NASAning bayonotini u qadar jiddiy qabul qilmaganlar.

"Bizda shundoq ham Xalqaro fazo stantsiyasidan tashqari NASA bilan boshqa yirik hamkorlik yo‘q edi", deb aytgan Rossiya hukumati vakili Dmitriy Rogozin.

Roskosmos saytida esa Amerika agentligi 2011 yil imzolangan shartnomaga binoan, Rossiyaning "Spektr-ZG" fazo apparatini yaratishda ishtirok etishi qayd etilgan.

"Rogozin bugun bilan yashaydi, u MKS dan tashqarida nimalar bo‘lishini bilmaydi. Oyni tadqiq etish va Lagranjni o‘rganish haqida uning xabari yo‘q. U bunday "mayda" ishlar bilan qiziqishga xohishi yo‘q", deydi bosh vazir o‘rinbosarining fikriga e‘tiroz bildirgan Rossiya fazo akademiyasi a‘zosi Yuriy Karash BBCga.

"Rossiya xalqaro hamkorlik o‘rnida ayni paytda hech narsani taklif qilolmaydi. AQSh Rossiyaga bog‘langan bir-ikki loyihalar bor. Agar ikki-uch yildan so‘ng fazoga boshqariladigan "Ajdar" kemasi chiqarilsa, "Soyuz" bilan ham AQShning ishi bo‘lmay qoladi", deb qo‘shimcha qiladi ekspert.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Xalqaro Fazo stantsiyasida amerikalik astronavtning o‘rni uchun NASA Rossiyaga 70 million dollar to‘laydi.

Xalqaro ekipaj a‘zolari uchrashuvi o‘tgan haftada do‘stona o‘tgan.

NASA ma‘muriyati bundan oldin Qrim inqirozi ikki tomonlama fazoviy hamkorlikka ta‘sir qilmasligini bildirgan edi.

Rossiyalik fazogirlar Aleksandr Skvortsov, Oleg Artemev va NASA astronavti Stiven Suonsonlar fazoda jami 176 kun bo‘lishlari kerak.

Ular "Soyuz" bortidagi yaponiyalik Koichi Vakata, rossiyalik Mixail Tyurin va amerikalik Rik Mastrakkioning o‘rnini egallaydi. Fazogirlarni o‘tgan yil noyabr oyida "Soyuz TMA-11M" kemasi olib chiqqan edi. Sounson komandirligidagi ekipaj 40 dan ortiq ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishlari rejalashtirilgan.

"Bizda rossiyaliklar bilan oliy toifadagi va rivojlangan hamkorlik mavjud. Biz ularga bog‘liq bo‘lganimizdek, ular bizga uzviy bog‘liq. Bu yerda ajralish haqida o‘ylamaslik kerak", deb aytgan Assoshieyted Pressga Jorj Vashington universiteti kosmik siyosat bo‘limi rahbari Skott Peys.

Amerikalik olim NASAning qarori fazoni tadqiq qilish ishlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

2003 yil 1 fevralda AQShning "Kolumbiya" kemasi halokatga uchragan, ekipajning yetti a‘zosi bo‘lgan kema Texas shtatida yerga kelib urilgan edi.

O‘shandan keyin 2006 dan 2010 yilgacha "Diskaveri" shatlli 17 parvozni amalga oshirgan, lekin kutilgan samaraga erishilmagan. Shundan so‘ng, AQSh "Speys shatll" loyihasini to‘xtatgan, xalqaro fazo stantsiyasiga "Soyuz" kemasi orqali chiqa boshlagan edi.