Ukrainada Viktor Yanukovichni hibsga olish haqida buyruq chiqarildi

Image copyright AP

Ukraina prokurorlari mamlakat sobiq Prezidenti Viktor Yanukovichga qarshi ish ochishib, uni hibsga olish haqida buyruq chiqarishgan.

Hozir Rossiyada ekani ishonilayotgan Viktor Yanukovichning Xavfsizlik mulozimi Oleksandr Yakumenkoga qidiruv e‘lon qilindi.

Ukrainaning hozirgi hukumati namoyishchilarni o‘ldirish buyrug‘i aynan Yanukovich va uning ittifoqchilaridan kelganiga ishonadi. Bu haqda bosh vazir Arseniy Yatsenyuk BBS bilan suhbatda gapirgan.

Hukumat tekshiruvining dastlabki natijalariga ko‘ra, maxsus politsiya kuchlari Fevral oyida Kiyevda kechgan norozilik namoyishlari chog‘ida odamlarga qarata o‘t ochishgan va o‘nlab namoyishchilar qurbon bo‘lgan.

Ichki ishlar vaziri Arsen Avakovga ko‘ra, hozirga qadar bu kabi qotillikka qo‘l urgan degan ishonch bilan Berkut maxsus politsiya kuchlarini 12 nafar a‘zosi aniqlangan, ulardan uch nafari hozir hibsga olingan.

18 dan to 20 fevralga qadar, tekshiruv natijalariga ko‘ra, Institutsk ko‘chasida 76 namoyishchi o‘ldirilgan.

Oylab davom etgan norozilik namoyishlari oqibati Yanukovich va uning hukumati qudratdan ag‘darilgan edi.

Ichki ishlar vaziri Avakov taqdim etgan tafsilotlarning birida, sakkiz qurbon bitta avtomatik quroldan otib tashlangani va qurbon bo‘lgani aytiladi.

Ayni paytda Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Valentin Nalyavaychenko, Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati xodimlari namoyishchilarga qarshi amaliyotlarni rejalashda ishtirok etganini aytgan.

Uning so‘zlariga qaraganda, FSB Ukrainaga uchoqlarda tonnalab qurol va portlovchi moddalarni jo‘natgan.