Afg‘onistonda ikki ayol jurnalist nishonga olindi

Image copyright none
Image caption Associated Press axborot agentligi muxbirlari - Anja Nedringxaus (o‘ngda) va Keti Gannon (chapda)

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat sharqida ikki xorijiy ayol jurnalist politsiya ust-boshidagi shaxs tarafidan nishonga olingan.

Ichki ishlar vazirligi manba‘sining BBCga bildirishicha, Associated Press axborot agentligi muxbirlari - Anja Nedringxaus hayotdan ko‘z yumgan, Keti Gannon og‘ir jarohat olgan.

Hodisa Afg‘onistonning Pokiston bilan chegarasi yaqinida joylashgan Xost shaharchasida ro‘y bergan.

Va bu shanba kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari oldidan xavfsizlik choralari kuchaytirilgan bir vaqtda kuzatilmoqda.

Yangi prezident 2001 yil Tolibon ag‘darilganidan beri qudratda bo‘lib kelayotgan Homid Karzayning o‘rnini egallaydi. Afg‘oniston konstitutsiyasiga ko‘ra, janob Karzay uchinchi muddatga prezidentlik uchun nomzodini qo‘yishi mumkin emas.

Harbiy hozirlik

Xost viloyati voizi Mo‘boriz Muhammad Zadranning axborot agentliklaridan biriga aytishicha: "Jurnalistlar bugun ertalab tuman politsiya idorasi ichkarisida otilgan. Biri o‘ldirilgan, boshqasi jiddiy jarohat olgan".

Ichki ishlar vazirligi manba‘sining BBCga aytishicha, xorijlik jurnalistlar Xost viloyati Tanay tumaniga Mustaqil Saylov Komissiyasi rasmiysi bilan birga borishgan.

Manba‘ga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan politsiya zobiti hozir hibsda so‘roq qilinmoqda.

Yaqin bir necha hafta ichida Tolibon saylov jarayonlariga xalaqit berishga qaratilgan hujumlarini kuchaytirgan.

O‘tgan oy Frans Press axborot agentligi bosh muxbiri Sardor Ahmad 8 inson bilan birga hashamatli Kobuldagi Sirena mehmonxonasida otib o‘ldirilgandi.

11 mart kuni Shvetsiya va Britaniya fuqarosi Nils Horner Kobulda qurollilar tarafidan otib ketilgandi.

Tolibon hujumlarini qaytarish uchun hozir mamlakat bo‘ylab qariyb 200, 000 qo‘shin joylashtirilgan.

Xavfsizlik kuchlari politsiya bilan birga markazdagi har bir ovoz berish shahobchasi atrofida qo‘riqchilik qiladi, yuzlab askarlar Kobul tashqarisiga yo‘llangan.

BBCning Afg‘onistondagi muxbiri Devid Loynning aytishicha, saylov jarayonlarida barqarorlikni saqlash uchun Tolibon tuzumi qudratdan ketkazilganidan buyon eng katta ko‘lamdagi harbiy hozirlik ko‘rilgan.