Turkiya Bosh vaziri Twitterga to‘siq olib tashlanganidan xursand emas

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright AFP

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda Twitterga qo‘yilgan to‘siqni olib tashlash haqidagi Oliy mahkama qarorini tanqid ostiga olgan.

Unga ko‘ra, Oliy mahkama bu boradagi arizani rad etishi lozim edi.

"Biz hukmga muvofiq ish tutyapmiz, ammo men qarorni hurmat qilmayman", deb aytgan janob Erdo‘g‘an Ozarbayjonga ketishi oldi bergan matbuot anjumanida.

Twitter ijtimoiy tarmog‘iga to‘siq 21 mart kuni mahalliy saylovlar oldi qo‘yilgandi.

Turkiyaning telekommunikatsiya tizimi payshanba kuni mahkama qarori chiqarilishi ortidan ikki haftalik taqiqni bekor qildi.

Twitterning to‘silishiga sabab Suriyaga qo‘shin kiritishni muhokama qilayotgani bilan bog‘liq audioyozuvlarni e‘lon qilingani ekani aytilgandi.

Ayrimlar esa, buni Turkiyada oxirgi paytlar Twitter va Facebook orqali prezidentga yaqin doiralarning korruptsiyaga aloqadorligi borasida ko‘plab xabarlar chiqa boshlaganiga bog‘lashdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Erdo‘g‘on janoblarining o‘zi bir necha marta korruptsiyada ayblandi. O‘tgan oyda YouTube video tarmog‘ida go‘yoki bosh vazir va o‘g‘li yirik miqdordagi mablag‘ni qanday yashirishni muhokama qilgani to‘g‘risidagi suhbat chiqarildi.

Bosh vazir ma‘muriyati Turkiya mahkamasi Twitterdan bir necha linklarni olib tashlashni so‘rab qilgan murojaati javobsiz qolgandan so‘ng, unga to‘siq qo‘yishga qaror qilinganini bildirdi.

Twitter taqiqlanishi ortidan esa, Turkiya ichkarisi va tashqarisida janob Erdo‘g‘an siyosatiga qarshi tanqidlar kuchaydi.

Uning boshqaruvi borgan sari avtoritar tus olayotgani yuzasidan xavotirlar ortdi.

Twitter orqali tarqatilgan ma‘lumotlar esa, Bosh vazir va uning ittifoqchilari obro‘siga putur yetkazganiga ishonch bildirildi.

Ammo, baribir mahalliy saylovlarda janob Erdo‘g‘an partiyasi g‘alaba qozondi.

Turkiyada yashovchi jurnalist Kamoliddin Yo‘ldoshga ko‘ra, Twitterning yopib qo‘yilishi Turkiya hukumatiga ishonchni so‘ndira olgani yo‘q.