"Islomdan voz kechganimni aytolmayman"

Image copyright none
Image caption Islomdan voz kechish eng ulkan gunohlardan biri sanaladi

"Oilangni, yaqinlaringni tiriklayin yo‘qotish og‘ir" - deydi o‘ychan ko‘zlarini devorga tikib Mohinur - "Ammo men ularga bir umr yolg‘on gapirib yashashni istamadim va ko‘nglimdagi aytdim.

London markazidagi eski qovoqxonada tashkil etilgan maxsus kechada men uchratgan 25 yoshlardagi bu qiz bir paytlar Pokistondan Britaniyaga ko‘chib kelgan o‘ta taqvodor musulmon oilasida tug‘ilib o‘sgan.

Ammo ulg‘aygach, o‘z ko‘nglida samimiy muslima emasligini anglagan. Shu asno tashida boshqacha, ichida boshqacha hayot kechirishni istamagan.

Xullas, Mohinur ota-onasiga o‘zini muslima sanamasligini aytgan.

Biroq bu iqrori unga juda qimmatga tushdi.

"Otam shu gapni eshitishi bilanoq meni oq qildi. Oilani isnodga qo‘ygan sendek qizim yo‘q, deb aytdi" - davom etadi Mohinur - "Shundan beri hayotimda qarindoshlarim yo‘q".

Mohinur oilasidan ketadi va huquqshunoslikka o‘qiydi. O‘z bitiruv kechasiga ota-onasini taklif etish uchun ko‘p xat yozadi, qo‘ng‘iroq qiladi va qo‘l telefonidan xabarlar yuboradi. Ammo uyidan hech kim unga javob bermaydi.

"Islom dini meni ota-onamdan ayirdi" - deydi u o‘kinch bilan.

Dinsizlar davrasida

Biz Mohinurni uchratgan Londondagi qovoqxona bir qarashda boshqalaridan farq qilmaydi: Turli irq va millat vakillari uchrashadigan hamda musiqa tinglaydigan xilvat go‘sha.

Ammo bu yerdagi odamlarni ikki narsa birlashtiradi: Avvalo, ularning barchasi musulmon oilasida tug‘ilib o‘sishgan. Ikkinchidan, hammalari keyin Islom dinidan voz kechganlar.

Ayni qovoqxonada ular bemalol o‘zlarining musulmon emasliklari haqida gapira olishadi, din borasida tanqidiy fikrlarini aytishadi va bu uchun hech kim ularni malomat qilmaydi.

Lekin negadir ba‘zi erkaklar musulmoncha uzun soqol qo‘yishgan, ayrim qizlar boshida esa ro‘mol.

"Uyimda hamma hijob o‘raydi, besh vaqt namoz o‘qib, ro‘za tutadi" - deydi asli bangladeshlik 23 yashar Oyisha - "Shu bois men ham ko‘chaga chiqsam boshimga ro‘mol tashlayman".

Oyisha yoshligidan din borasida unda ko‘plab tanqidiy fikrlar paydo bo‘lganini, ammo kattalardan so‘raganida "Islom dinini savolga tutib bo‘lmaydi" deb koyishganini aytadi. Ammo kezi kelganda, hamon ayrim diniy masalalarda onasi va yo singillari bilan tortishib turishini ham ta‘kidlaydi.

Image caption Sobiq musulmonlar qovoqxonada yig‘ilganda, o‘zlarini erkin his qilishlarini aytishadi

"O‘zimning muslima emasligimni qarindoshlarimga aytib, ular bilan rishtalarim uzilib ketishini istamayman" - deydi Oyisha - "Lekin fikrlarimga qarab, o‘zlari bir kun bilib olishsa kerak".

Dindan chiqqan qori

Mazkur davradagi aksar sobiq musulmonlar ko‘ngillaridagi tanqidiy fikrlari va istaklarini bir umr yashirib yashashga qaror qilishgan.

Hali 17 yoshidayoq Qur‘onni yoddan o‘qib tushirgan qori, hamon uzun musulmoncha soqol qo‘yib yuradigan Aziz ulardan biri.

"Qur‘onni 12 yoshimdan o‘qishni boshlaganman. Uni o‘qib tushirgach ham baribir, ma‘nosini tushunmadim, tushunganimda ham ular men uchun hech narsa anglatmasdi" - deydi u nega dindan chiqqanini izohlab.

"Uyimda hech kim mening Islom dinidan voz kechganimni bilmaydi. To‘g‘risi, hayotim ikkiyuzlamachilikdan iborat, uyimdagilar davrasida musulmonman, ko‘nglimda esa dinsizman".

Aziz nega ikkiyuzlamachi hayotni yashayotganini oqlashga intiladi.

"Onam o‘ta taqvodor va meni ham musulmon sifatida o‘stirgan" - deydi suhbatdoshim - "Agar yolg‘iz o‘g‘li dindan chiqqanini eshitsa, u uchun ulkan fojea bo‘ladi. Men onam o‘zini baxtsiz his etishini istamayman".

Xullas, Aziz onasi bilan ba‘zan masjid boradi, namoz o‘qiydi va ramazon payti volidasi ko‘zi uchun ro‘za tutadi.

"Lekin onam ko‘rmagan paytlari ro‘zamni buzaman" - deydi Aziz - "Ovqat yemasam ham, suv ichaman".

"Islomda majburlash yo‘q!"

Dindan voz kechgan musulmonlar o‘z yaqinlari yuz o‘girishidan, ota-onalari oq qilishidan qo‘rqishadi. Shu asno ko‘pchilik o‘zini yolg‘ondakam musulmondek tutadi.

Lekin yanada yirikroq qo‘rquv bor. Islomdan chiqqanlarni musulmonlar "murtad", deb atashadi va bunday odam o‘lim jazosiga mahkum bo‘lishi kerak, deb biladilar.

Islom dinidan chiqqanini omma oldida aytgan qator musulmonlar o‘zlariga nisbatan o‘lim tahdidlari bo‘lganini aytganlar.

Eron, Pokiston va Afg‘oniston kabi mamlakatlarda Islomdan voz kechganlar uchun o‘lim jazosi belgilangan.

Nega Islom dini o‘zidan yuz o‘girganlarga nisbatan bunchalik qat‘iy mavqeda, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Ushbu savolga javob izlab, Britaniyadagi imom va Islomiy fiqh olimi Usamo Hasinga murojaat etdik.

"Qur‘onda bir gap aniq-taniq ta‘kidlangan: Dinda majburlash yo‘q. Bu tamal fikrdir" - deya shart kesadi ulamo Hasin.

Image copyright none
Image caption Ovro‘poda yashovchi siyosatchi Ayon Hirsiy Ali Islomdan voz kechganini oshkor etgani bois o‘lim tahdidlari olgan

"Ammo keyinchalik murtadlik qonuni yuzaga keldi. Bu holatda esa hadislarga tayanib, dindan chiqqan odamga o‘lim jazosi tayinlanishi kerak, degan fikr qonunan mustahkamlandi".

Usamo Hasinga ko‘ra, o‘rta asrlarda Islomdan voz kechish siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, g‘ayrimusulmon dushman tarafiga o‘tish, ya‘ni sotqinlikni anglatgan va shu bois dindan chiqqanlarga eng og‘ir jazo qo‘llanilgan.

"Bugun ham ayni masalada jahondagi holat aftodahol" - deydi Usamo Hasin - "Aksar Islomiy maktablar va ulamolar o‘rta asrlardagi qarashlarga sodiq qolishmoqda va dindan chiqqan odam qatl etilishi kerak, deydilar".

Suhbat so‘nggida Usamo Hasin sobiq musulmonlarga nisbatan qo‘llanishi buyurilgan o‘lim jazosiga tamomila zid tushuvchi fikrni yana bir bor urg‘ulaydi.

"Qur‘onda aytilgan fikr ustivor bo‘lishi kerak. Muqaddas kitobimiz esa dinda majburlash yo‘q, deb qayd etadi".

"Islomni yomonlamang!"

Londondagi qovoqxonada esa sobiq musulmonlar suhbatlari bahsga aylanib ketadi.

"Islomni yovuz din va yo qoloq, deb aytishlariga qarshiman" - deydi Islomdan voz kechgan sobiq musulmon yigitlardan biri qizishib - "Islom ham boshqa dinlar kabi bir din, xolos".

Yonidagi suhbatdoshi esa uning fikrini davom ettiradi.

"Tarixga qarang, 6-7 asr avvalgi Nasroniy dini qilgan ishlarni sarhisob qiling. Axir Nasroniy dini nomidan qilingan yovuz ishlar oldida Islom hatto ep esholmay qoladi-ku!"

Sobiq musulmon o‘zining sobiq dini haqidagi dunyoda shakllangan noto‘g‘ri fikrlarni shunchalik kuchli ehtiros bilan tarqatishga urinardi.

Yigit Islomni shunchalik berilib himoya qilardiki, sobiq musulmonning gaplarini eshitgan chetdagi biron g‘ayridin uni ashaddiy islomparast, deb o‘ylashi turgan gap.

Ushbu maqola Sarafroz Mansurning "E‘tiqodni tark etish" nomli radioeshittirishi asosida tayyorlandi.

Radioprogrammani seshanba 8 aprel kuni BBC O‘zbek Xizmati "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.