Qozog‘iston rasmiy doiralaridagi oxirgi o‘zgarishlar nimani anglatadi?

Image copyright Reuters

Qozog‘iston rasmiy doiralarida oxirgi kunlarda qator muhim va e‘tiborga loyiq o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Mamlakat yangi bosh vaziri etib, avval ham bosh vazir bo‘lgan va hozirgacha prezident devoni rahbari vazifasini bajarib kelgan Karim Masimov tayinlandi.

Ayni vaqtda prezident Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Parlament quyi palatasi spikerining o‘rinbosari ham etib tayinlangan.

Bu o‘zgarishlarni qanday talqin qilish mumkin. Suhbatdoshimiz Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillis:

Joanna Lillis: Menimcha shunisi aniqki, Masimovning hukumat tarkibiga Bosh vazir sifatida qaytishi, prezident Nazarboyevning ishonchiga ega ekanligini anglatadi. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, janob Masimov mustaqil Qozog‘iston tarixida avval eng ko‘p muddat bosh vazir bo‘lgan shaxs. 2012 yili bosh vazirlikdan olib tashlanishidan avval deyarli olti yil bu vazifani bajargan. Bosh vazirlikdan olinganidan keyin ham juda muhim mavqe, prezident devoni rahbari mavqeida qolgandi. Kundalik ravishda prezident yaqin bo‘lgan mavqedan hozirda bosh vazirlikka qaytayapti. Ana shu omillar u prezident Nazarboyevning katta ishonchiga ega odam ekanligidan dalolat beradi. Albatta bu o‘zgarishlar Qozog‘istondagi qudrat almashinuvi ehtimollari haqidagi taxminlarga turtki berdi. Ko‘plab kuzatuvchilarning ishonishicha, Karim Masimov kelgusi qudratga nomzod sifatida anchayin kuchli shaxs. Lekin shunday tahlilchilar ham borki, ularga ko‘ra Masimov qudratga asosiy nomzod emas, shunchaki bu o‘ringa kim erishishida muhim rol o‘ynaydigan odam.

BBC: Lekin aytib o‘tganingizdek, Prezident Nazarboyev uni bir bosh vazirlikka qo‘yib, keyin olib, mana yana qaytarib qo‘ymoqda. Bu mamlakatda kim rahbar ekanligini ko‘rsatib qo‘ysh uchun qilinayotgan qadamlarmi?

Joanna Lillis: Shunday bo‘lishi ham mumkin, chunki bu qarorlar ortida asosan janob Nazarboyev turadi. Leikn shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, janob Nazarboyev hozirda vazifasidan olingan Serik Ahmetov ishidan qoniqmagandi. Fevral oyida aholining katta noroziligiga sabab bo‘lgan tanganing davlvatsiyasi ortidan Prezident butun boshli Vazirlar Mahkamasini qattiq tanqidga tutgandi. Yangi Bosh vazir etib Karim Masimovni tayinlanishi haqida e‘lon qilar ekan, Serik Ahmetov faoliyatini yana bir bor tanqid qilishni ham yoddan chiqarmadi.

BBC: Dariga Nazarboyevaning Parlament spikeri o‘rinbosari va parlamentdagi Nur Otan fraktsiyasi rahbari etib tayinlanishi, buni ham qudrat almashinuvi yo‘lida qilinayotgan qadamlar, deya talqin qilsa bo‘ladimi?

Joanna Lillis: Albatta, Dariga Nazarbayevaning parlamet quyi palatasi spikeri o‘rinbosarligigiga tayinlanishi juda e‘tiborli hodisa. Nazarboyeva xonimning sobiq eri prezidentning nazaridan qolganidan keyin u ham siyosiy sahnada anchayin mavqeini yo‘qotgandi. U oxirgi saylovlardagina parlamentga qaytdi va mana endi spiker o‘rinbosari etib tayinlamoqda, bu esa kelgusi ko‘tarilishlar ehtimolini ham anglatadi. Bu Darig‘aning o‘z otasi ishonch doirasiga yana qayta kirib kelayotgani belgisidir. Oxirgi vaqtlarda u prezident atrofida ham ko‘proq ko‘rina boshladi, Sochidagi Oimpiadaga hamroh bo‘lib bordi. Shuning uchun uning siyosiy karerasi qayta yo‘lga tusha boshladi, deb ishonch bilan aytishimiz mumkin menimcha. Lekin tahlilchilar uning oxirgi tayinlanishlari qudrat almashinuvi stsenariysida qanday rol o‘ynashi mumkinligi haqida ehtimollar haiqda bosh qotirishmoqda. Bu ehtimollarni ko‘rish hozirda bir oz folbinlikni eslatmoqda.

BBC: Bularning hammasi Prezident Nazarboyev qudrat almashiinuvi haqida jiddiyroq o‘ylay boshlaganini anglatadimi?

Joanna Lillis: Fikrimcha hozirda qanday yangi tayinlanishlar Prezident Nazarboyev qaysidir ma‘noda qudrat almashinuvi haqida o‘ylayotgani belgisidir. Masimov va Nazarboyeva xonim ikkalasining muhim mavqelarga tayinlanishi balkim prezidentning bu haqda jiddiyroq o‘ylayotgani belgisi ham bo‘lishi mumkin. Lekin uning boshida qanday o‘ylar kechayotganini biz albatta bilmaymiz. Balkim ularning ikkisini ham yana bir bor sinab ko‘rish uchun vazifalarga tayinlayotgandir.