Jirinovskiy "Makdonalds" va "Pepsi-kola"ni baykot qilishga chaqirdi

Image caption "Makdonals Qrimda yopilgani juda yaxshi, Pepsi-kolani ham yo‘qotish kerak"

Qrim yarim orolida Amerikaning yirik "Makdonalds" shirkati bo‘limlari o‘z faoliyatini to‘xtatgani manzarasida, Jirinovskiyning LDPR partiyasi uni butun Rossiyada taqiqlash chaqirig‘i bilan chiqdi.

"Makdonalds o‘zining faoliyatini Qrimda to‘xtatdi. Juda yaxshi. Bizda ham yopish kerak. LDPRning shahar bo‘limlariga buyuraman, barcha "Makdonalds"larning oldida piketlar qilishsin", deb aytadi partiya rahbari Vladimir Jirinovskiy.

Janob Jirinovskiy "Makdonalds" bilan birga Pepsi-kola ichimligiga ham boyqot e‘lon qilish kerakligini aytmoqda.

Jirinovskiyga ko‘ra, "Makdonalds" restoranlari sifatsiz ovqatlari bilan "rossiyaliklarni zaharlamoqda" va uning o‘rnini bemalol shashlik, cheburek va chuchvaraxonalar bilan to‘ldirish mumkin.

Bundan oldin "Makdonalds" Simferopol, Sevastopol va Yaltada o‘z restoranlarini shirkatga bog‘liq bo‘lmagan "ishlab chiqarish vajlari" bois vaqtincha to‘xtatayotganini bildirgan.

"Biz imkoniyat bo‘lishi bilan yana qayta ishga tushishga umid qilamiz", deyiladi "Makdonalds" tarqatgan xabarda.

Image copyright Getty
Image caption Makdonalds" ko‘pincha "fast fud" terminining paydo bo‘lishi bilan bog‘lanadi

Ayni paytda shirkatning Qrimdagi barcha xodimlari Ukrainadagi boshqa Makdonaldslarda o‘z vazifalarini saqlagan holda ish topishlari aytilgan. Dastlabki uch oyda shirkat xodimlarining yangi turar joylari haqini to‘lashga va‘da bergan.

"Makdonalds" ishchilari xuquqlarini himoya etadi va siyosatdan qat‘iy nazar o‘zi mustaqil holda qaror qabul qiladi, deydi shirkat vakili BBCga.

Biroq, "Makdonalds"ning Ovro‘po bo‘limi matbuot xizmati vakiliga ko‘ra, Qrimning siyosiy maqomini o‘zlari uchun aniqlab olmagunlaricha, hududdagi uch restoranni yopishga qaror qilingan.

"Makdonalds" nomi ko‘pincha "fast fud" terminiga bog‘lanadi.

O‘zining bahsli chiqishlari bilan tanilgan Jirinovskiyni norozi qilgan yana bir narsa Rossiya matbuotida paydo bo‘lgan shirkatning "ekologik belgi"si haqidagi mish-mishlardir. Unga ko‘ra, Makdonalds o‘zining ramzi rangini qizil-yashilga almashtirish niyatida.

Image copyright AFP
Image caption "Bizda bunday ramz -masxaraboz bor. Mana unga reberending qilinglar", deydi janjalli siyosatchi

"Bizda bunday ramz -masxaraboz bor. Mana unga reberending qilinglar", deydi janjalli siyosatchi Jirinovskiy "Makdonalds"ga qarata.

O‘z navbatida "Makdonalds" ning Ovro‘po idorasi "eko-brend" tuzilayotgani xabarlarini rad qildi.

Aka-uka Makdonaldlar o‘zlarining ilk restoranlarini 1940 yilda Kaliforniyada ochganlar.

Rossiyaga "Makdonalds" 1990 yillarda kirib kilgan, hozirda butun mamlakat bo‘yicha 418 ta "fast-fud" yemakxonalari mavjud.

Ekofaollar va diyetologlar "Makdonalds" mahsulotlari to‘liq pishirilmasligi va tarkibidagi moddalar sabab, inson organizmiga katta zarar ko‘rsatishini aytib kelishadi.