Lenur Yunusov: Qrim Tatarlari xalq nomi oqlanishiga uzoq vaqt harakat qilib keldilar

Lenur Yunusov 1972 yilda O‘zbekistonning Jizzax viloyatida Qrim Tatarlari oilasida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tamomlaganidan keyin 1988 yil Toshkent Davlat Universitetining (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti) Jurnalistik fakultetiga o‘qishga kirgan.

1980 yillarning oxirgi yillarida Gorbachyovning oshkoralik siyosati 1944 yilda vatanlaridan surgun qilingan Qrim Tatarlarini ham ruhlantirdi va ular o‘zlarining tarixiy vatani Qrim yarim oroliga qaytishni boshladilar.

1993 yilda universitetdagi tahsilini tugatgan Lenur ham oilasi bilan tarixiy vataniga qaytishga qaror qilgan.

U jurnalistik faoliyat yuritish bilan birga turli xalqaro tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari uyushtirgan o‘quv mashg‘ulotlarida jurnalistikadan saboq bergan.

Lenur Yunusov uylangan, ikki farzandning otasi.

Lenur Yunusov: Qrim Tatarlari xalq nomi oqlanishiga uzoq vaqt harakat qilib keldilar

BBC: Bugungi BBC mehmoni taniqli qrimlik jurnalist Lenur Yunusov. Lenur, dasturimizga xush kelibsiz.

Lenur Yunusov: Assalomu alaykum mening O‘zbek do‘stlarim. Sizlarga Qrimdan buyuk-buyuk salom.

BBC: Suhbatimizni Rossiya rahbariyatining Qrim Tatar xalqini reabilitatsiya qilish haqidagi g‘oyasidan boshlasak. Qrim Tatarlarining o‘zlari ushbu fikrga qanday munosabat bildirmoqdalar?

Lenur Yunusov: Oxirgi yillarda Qrim Tatarlari Ukrainada deportatsiya qilingan xalqlarning huquqlarini qayta tiklash maqsadidagi qonunning qabul qilinishiga intilib keldilar. Gap aynan Qrim Tatarlarining siyosiy va huquqiy reabilitatsiyasi haqida borgan. Afsuski, bunday qonunning qabul qilinishiga erishib bo‘lmadi. Ukraina parlamenti ana shunday qonunni bir marta qabul qildi. Lekin o‘sha paytda Ukrainaning prezidenti bo‘lgan Leonid Kuchma bu qonunga veto qo‘ydi, natijada bu qonun hayotga tatbiq etilmay qolib ketdi. Rossiyada esa bunday qonun uzoq yillardan buyon mavjud. Unda qatag‘on qilingan xalqlarni oqlash, ularga tovon to‘lash masalalari o‘rin olgan. Albatta, Qrim Tatarlari bu qonun o‘zlariga tatbiq etilishidan qoniqish his qiladilar. Ammo shu bilan birga men qator ekspertlar xulosalari bilan tanishib chiqqanman, u yerda bu qonun jabr ko‘rgan xalqlarga ko‘p narsa bermasligi haqida so‘z boradi. Xususan, shuncha deportatsiya qilingani va boshidan o‘tkazgan shuncha yo‘qotishlar evaziga beriladigan tovon pullari arzimas, minimal to‘lovlar, xolos. Ularni insonlar boshiga tushgan fojea miqyosi bilan umuman taqqoslab bo‘lmaydi. Shuning uchun hozircha Qrim Tatarlari faqat yakuniy qarorni kutib turishipti. Buning ustiga, hozir biz Qrimda ulkan huquqiy vakuumdamiz. Qaysi qonunlar ishlayapti, tushunish ham qiyin. Chunki ayrim muassasa, idora-tashkilotlar hamon Ukraina qonunlari bo‘yicha faoliyat yuritayapti. Xususan, bank tizimi qisman Ukrainaga bog‘langan. Ayrim idora-tashkilotlar Rossiya qonunchiligi bo‘yicha ish yuritishga o‘tgan. Shuning uchun Rossiyaning reabilitatsiya haqidagi qonuni Qrim Tatarlariga nisbatan qanday tatbiq qilinadi va Qrim Tatarlariga nima beradi, degan savolga javob berishga hali erta.

Sharif Habibullayev: Assalomu alaykum Lenur aka. Bilasizki, siz O'zbekistonda yashagan paytlarda va hozir ham mamlakatda rus tilida o'qishni istaganlar uchun maktablar yetarlicha mavjud. Lekin tatar tilida o'qishni istaganlar uchun birorta ham maktab yuq. Hozirda Rossiyaning katta shaharlari hisoblangan Moskva, Sankt Peterburgda ham tatar millatiga mansub fuqarolar ko'p bo'lishiga qaramasdan, ular uchun birorta ham tatar maktabi tashkil qilinmayapti. Lekin Tataristonda rus tiliga ixtisoslashgan maktablarni hohlagancha topish mumkin. Birinchi savolim; ayni paytda Qrimda tatar tiliga ixtisoslashgan maktablar bormi va ular yetarli darajadami? Javob uchun oldidndan katta rahmat.

Lenur Yunusov: Men ushbu o‘quvchi, radiotinglovchiga uning juda qiziq va yaxshi savoli uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu mavzuda gapirishdan oldin bir aniqlik kiritib o‘tish zarur, deb o‘ylayman. Afsuski, hozirgacha ham bir-biridan farqlanadigan ikki xalqni ko‘pchilik bir xalq deb o‘ylab xato qiladi. Bu xalqning biri Qrim Tatar xalqi. Bu xalq hozirgi Qrim hududida shakllangan xalq. Qrim Tatarlarining murakkab etnik kelib chiqishi mavjud. Ikkinchisi, Volgabo‘yi Tatarlari. Ularni Qozon Tatarlari deb atashadi. Bu xalq Volga daryosi sohillarida shakllangan. Xalqlarimizning tillari bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun ko‘pchilik adashtiradi. Biroq Qrim Tatar tili O‘zbek tiliga ham, Turk tiliga ham, Ozari va Qozoq tillariga ham o‘xshash. Bu barcha tillar umumiy turkiy tillar oilasiga kiradi. Qrim Tatarlari ham, Qozon Tatarlari ham sunniy musulmonlardir. Shunday bo‘lsa ham, ikkita mutlaqo boshqa-boshqa xalq. Shuning uchun ham Rossiyaning biror-bir joyida Qrim Tatar maktabi yo‘q va bo‘lishining ham iloji yo‘q edi. Chunki Qrim Tatarlarining aksari O‘zbekistonda yashashgan. Va mening bilishimcha, O‘zbekistonda ham Qrim Tatar tilida ta‘lim beriladigan maktab yo‘q. Balki Qrim Tatarlari zich yashagan joylarda sinflar bordir. Ma‘lumki, Qrim Tatarlari O‘zbekistonning Chirchiq, Angren shaharlarida, Toshkent viloyatida ko‘p yashashgan. Qrimga to‘xtaladigan bo‘lsak. Ukraina mustaqil bo‘lganidan keyingi yillarda Qrimga kelib o‘rnashganlaridan keyin Qrim Tatarlari katta qiyinchiliklar bilan, men aytgan bo‘lardimki, katta-katta janglar bilan 15 ta Qrim Tatar tilida o‘qitiladigan maktab ochishga muvaffaq bo‘lganlar. Bu yerdagi maktablar haqida umumiy tasavvur hosil bo‘lishi uchun eslatib o‘taman: Qrimda rus tilida saboq beriladigan maktablarning soni yuzlab. Hozir aniq mening yodimda yo‘q, 500 yoki 600 ta. Ukrain tilidagi maktab atigi beshta. Bu masala Qrim Tatarlari uchun katta muammo. Bu yerda bizning farzandlarimizning yarmi o‘z ona tilida ta‘lim olish imkoniyatiga ega emaslar. 30 yoki 40 foiz bolalarning Qrim Tatar maktabiga borishi uchun sharoit bor. Qrim Tatar maktabi deb atalgan maktablarda ham Ukrain va Qrim Tatar tilida ta‘lim berilgan. Chunki Qrim Tatar tilida darsliklar yetishmaydi, o‘qituvchilar soni kam. Shuning uchun ham Qrim Tatar tilidagi maorif bizning xalqimiz uchun katta muammo va bekorga Qrim Tatar tilini YuNESKO o‘layotgan tillar ro‘yxatiga kiritmagan.

Sharif Habibullayevning keyingi savoli: Rossiya hukumati bugun ko‘plab va‘dalarni berib Qrimni o‘ziga qo‘shib olayapti. Lekin kelgusida tatarlar uchun o‘z tilida tahsil olish, shu tilda yetarli fikr yuritish, qadriyatlarini tiklash kabi imkoniyatlarni yaratib bera oladimi? Federatsiyaning o‘zida mavjud bo‘lmagan imkoniyatlarni hukumat Qrim uchun tashkil qilib bera oladimi?

Lenur Yunusov: Shu o‘rinda yana tarixga qaytish o‘rinli. 1944 yilda Stalin rejimi Qrim Tatar xalqini deportatsiya qilgunicha Qrim Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Rossiya Federatsiyasi tarkibida bo‘lgan. Ana o‘sha paytda Qrim ASSR ham mazmunan va ham shaklan Qrim Tatarlarining muxtoriyati bo‘lgan. Qrim Tatar tili rus tili bilan birga davlat tili bo‘lgan. Qrim Tatarlar hokimiyatda o‘z vakillariga ega bo‘lganlar. Konstitutsiyada Qrim Tatarlarining o‘z ona tilida ta‘lim olish, o‘z madaniyatini rivojlantirish huquqlari belgilab qo‘yilgan bo‘lgan. Hozir gap shu haqda bormoqdaki, bugungi Rossiya rahbariyati o‘sha milliy-hududiy muxtoriyatning mazmuni va shaklini qayta tiklashni istaydimi yoki yo‘q? Chunki milliy-hududiy muxtoriyat g‘oyasini Qrimdagi mahalliy ruslar salbiy qabul qilishlari mumkin. Chunki Tatarlar Qrim xalqining ko‘pchiligini tashkil qilmaydi. Qrim aholisining 15 foizini Tatarlar tashkil qiladi. Ayni paytda Rossiya Federatsiyasining o‘zida qator milliy muxtoriyatlar borligini biz yaxshi bilamiz. Misol uchun, Chuvashiya, Boshqirdiston, Adigeya va boshqalar. U yerda o‘sha o‘lkalarga nomi berilgan xalq vakillari ham ozchilikni tashkil qiladi. Shu bois ham Qrim Tatarlari shunga umid qilishayaptiki, Rossiya hukumati Qrim Tatarlarining milliy-xududiy muxtoriyatini qayta tiklaydi. Chunki milliy-madaniy muxtoriyat bu jamoat tashkilotiga o‘xshaydi. Milliy-hududiy muxtoriyat esa davlatchilik ko‘rinishi. Milliy-hududiy muxtoriyat muayyan xalqqa o‘z madaniyatini rivojlantirish, ta‘lim olish va boshqa siyosiy huquqlarini taqdim etadi. Shuning uchun ham Qrim Tatarlari berilgan va‘dalar bajarilishini kutishayapti. Chindan ham ko‘p va‘dalar berilgan edi. Yaqinda Prezident Vladimir Putin ham Qrim Tatarlariga bog‘liq uchta masalani ko‘rib chiqishga buyruq berishini aytdi. Shuning uchun kutib turishipti.

Fazliddin ismli o‘quvchimizning savoli ushbu mavzuning davomidek ekan: Aytingchi Qrim tatarlarining avtonom respublika tuzish maqsadi amalga oshadimi, bunga Rossiyaning munosabati qanday bo'ladi deb o'ylaysiz?

Lenur Yunusov: Rossiya hukumati bunga ko‘nadimi-yo‘qmi, hozircha menda bu axborot kam. Ammo olgan ma‘lumotlarimizga ko‘ra, Qrimni milliy muxtoriyat qilmoqchi emaslar. Aynan hozir Qrim Respublikasi yangi konstitutsiyasini tayyorlash jarayoni ketayapti. Konstitutsiya matni ustida mualliflar jamoasi ishlayapti. O‘sha mualliflar matbuotga aytishgan: "Qrim Tatarlariga hokimiyat organlarida joylar kafolatlanadi, degan bandni biz konstitutsiya matniga kiritmoqchi emasmiz". Aynan mana shu band muhim hisoblanadi. Agar konstitutsiya bo‘yicha Qrim Tatarlariga hokimiyatda lavozimlar kafolatlanmasa, bizning ahvolimiz xuddi Ukraina tarkibidagidek bo‘lib qolaveradi. Chunki Ukraina tarkibida Qrim Tatarlari kvotaga ham, kafolatga ham ega emas edilar. Ular saylov orqali nimaga erisha olsalar, faqat shunga imkonlari yetar edi. Misol uchun, Qrim parlamentiga bo‘lgan eng oxirgi saylovda Qrim Tatarlari faqat 5 deputat g‘alabasiga erisha olgan edilar. Bu 100 deputat orasida faqat 5 foiz deganidir. Jami Qrim aholisi nisbatida esa xalqimiz 15 foizni tashkil qiladi. Shu bois, Qrim Tatarlariga davlat organlaridagi o‘rinlar kafolati zarur. Agar saylov natijalariga qaraladigan bo‘lsa ham yalpi 15 foiz ovoz to‘plashning imkoni yo‘q, chunki Qrim Tatarlari bir joyda zich yashamaydilar, ko‘p joyga tarqalib ketganlar. Shuning uchun ham Qrim Tatarlari hokimiyatdagi joylar kafolati haqidagi va‘dalar amalga oshadi, deb kutmoqdalar. Ana shunda respublika nomida aks etmasa ham, mohiyatan bu milliy-hududiy muxtoriyat bo‘ladi.

BBC: Shu kunlarda Qrimni Ukrainadan quruqlikdan uzib qo‘yilsa, oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Chunki Rossiya tomonidan dengiz orqali zarur narsalarni olib kelish oson emasligi aytilayapti. Bu borada vaziyat qanday?

Lenur Yunusov: Shu kunlarda ushbu muammo muhokama qilinayapti. Misol uchun, hozir Qrimda aviaqatnov butkul to‘xtagan, desak ham bo‘ladi. Uchoqlar Simferopoldan faqat Moskvaga parvoz qilayapti. Boshqa yo‘nalishdagi parvozlar bekor qilingan. Kimdir xorijga chiqmoqchi bo‘lsa, uchoq orqali Moskvaga borib, keyin uchishi kerak. Yoki poyezdga o‘tirib, Kiyev, Odessa yoki Donetskka borish kerak, undan keyin uchoqqa o‘tirib qayergadir ketish mumkin bo‘ladi. Dengiz qatnovi bo‘yicha hozircha muammo yo‘q. Lekin, siz aytib o‘tganingizdek, dengiz yo‘li orqali yuk tashish ancha murakkab. Dengiz orqali doimiy muntazam va barqaror oziq-ovqat ta‘minotini tashkillashtirib bo‘lmaydi. Hozircha Qrimdagi do‘konlarda oziq-ovqat taqchilligi kuzatilayotgani yo‘q. Sal oldinroq odamlar orasida “urush boshlanib ketadi” degan vahima boshlangan, odamlar do‘konlardagi gugurt, tuz, shakar, yorma va boshqa mahsulotlarni yoppasiga sotib olishni boshlagan edilar. Hozir esa bunday vahimalar yo‘q. Hozir boshqa bir muammo paydo bo‘lgan. Birorta ham do‘konda bank terminali ishlamayapti. Shu sabab odamlar xaridlari uchun naqd pul bilan hisob-kitob qilishga majbur bo‘layaptilar. Vaholanki, anchadan buyon hamma bank kartochkalari bilan savdolashishga o‘rganib ketgan edi. Bundan keyin vaziyat qanday shakllanadi, men bir narsa deya olmayman. Lekin Qrim yarim orolini Rossiya bilan bog‘laydigan parom tizimi oziq-ovqat, neft mahsulotlari va boshqa zarur tovarlar bilan ta‘minlashga to‘la qodir emas.

BBC: Mana siz bank kartochkalari bilan bog‘liq ahvolni tilga oldingiz. Kecha 30 martdan boshlab Qrim Moskva vaqtiga ham o‘tdi. Mana hozir biz sizga telefon orqali Ukraina xalqaro kodini terib qo‘ng‘iroq qilayapmiz. Yaqin orada Qrimning xalqaro kodini ham o‘zgartirish rejalashtirilayaptimi?

Lenur Yunusov: Hozir pochta indekslarini o‘zgartirish ishlari borayapti. Pochta indekslarini Rossiya formatiga o‘tkazishayapti. Rossiyada oltita belgili pochta indekslari joriy qilingan. Ukrainada esa pochta indekslari besh raqamli edi. Oldingi besh raqamli indeks oldiga yana bittadan raqam qo‘shishayapti va Qrimdagi pochta indekslari ham oltita belgili bo‘layapti. Kiyevga borib tushayotgan xat-xabarlar ham avval Moskvaga yuborilayapti. Keyin ular Qrimga yetib kelayapti. Shu taxlit pochta ham kechikayapti, uzoq vaqtda yetib kelayapti. Xuddi shunday ahvol avtomobillar davlat raqamlarida yuz berayapti. Endi qrimliklar o‘zlarining avtomobillari davlat raqamlarini Rossiya davlat raqamlariga o‘zgartirishlari lozim bo‘ladi. Bu ham ko‘p muammolarni keltirib chiqarsa kerak. Telefon aloqasi bilan so‘nggi kunlarda qanday yangiliklar bo‘lganidan afsuski mening xabarim yo‘q. Hozircha Ukraina tartibi saqlanib qolayapti. Ukrainaning barcha mobil aloqa operatorlari faoliyat yuritishayapti. Ular hammasi o‘z xizmatlarini taklif qilishayapti.

BBC: Kuni kecha Rossiya matbuoti Ukraina fuqaroligini saqlab qolmoqchi bo‘lgan oltita qrimlik bor ekan, degan xabar tarqatdi. Bu qanchalar to‘g‘ri axborot?

Lenur Yunusov: Bu xabarga mening ham ko‘zim tushdi. Lekin kechqurun televizorda Ukraina fuqaroligini saqlab qolishni istagan odamlar soni ortgani haqida xabar qilishdi. Ularning soni o‘nlab deyilayapti. Mening o‘ylashimcha, bunday odamlarning soni yanada ortadi. Shu kecha-kunduzda pasport beradigan idoralar oldida odamlarning uzun navbatlari yuzaga kelgan. Ayrim odamlar uzun navbatda turishni istashmayapti. Ba‘zi odamlar Ukraina fuqaroligini yo‘qotmaslik uchun va Rossiya fuqaroligiga o‘tmaslik uchun istiqomat uchun guvohnoma olishni istamoqdalar. Biroq bu ish bilan shug‘ullanadigan Rossiya Federal Migratsiya xodimlarining o‘zlari ham bunday holatlarda qanday ish tutish lozimligini bilishmaydi.

BBC: Hozir biz Qrim Tatarlarining Majlisi barcha tatarlarning ham irodasini ifoda etmaydi, hamma tatarlar ham Majlisni qo‘llab quvvatlamaydi, degan xabarlar tarqalganining ham guvohi bo‘layapmiz...

Lenur Yunusov: Qrim Tatarlari Majlisi Qrim Tatarlari nomidan so‘zlash vakolatiga ega organ hisoblanadi. Majlis xalq tomonidan saylanadi. Va shuning uchun ham Majlis Qrim Tatarlarining aksari nuqtai nazarini ifoda etadi, deb hisoblayman. Ammo bugungi Qrim hokimiyati bilan birga ishlash kerakmi yoki yo‘qmi, degan savol o‘rtaga qo‘yilgan paytda Majlis vakillari orasida fikrlar bo‘linganini ko‘rayapmiz. Majlisdagi ko‘pchilik, hokimiyat bilan hamkorlik qilish kerak, degan fikrga kelgan. Chunki hayot baribir davom etayapti, Qrim Tatarlarining huquqlariga rioya etilishini ta‘minlash kerak. Qrim Tatarlarining xavfsizligini ta‘minlash kerak, degan fikr bildirilgan. Shuning uchun ham Majlisdagi ko‘pchilik Qrim hokimiyati bilan birga ishlash kerak, Qrim Tatarlarining bir necha vakili hokimiyatda lavozim egallashi lozim, degan to‘xtamga kelgan. Ayni paytda Majlisdagi vakillarning uchdan bir qismi hokimiyat bilan umuman hamkorlik qilmaslik lozim, degan fikrdalar. Xuddi shunday bo‘linishni Qrim Tatar xalqi orasida ham kuzatish mumkin. Hamma ham Majlisning Qrim hokimiyati bilan birga ishlash kerak degan qarorini qo‘llab-quvvatlamaydi. Majlisni umuman tan olmaymiz, deydigan guruhlar ham bor. Biroq bu guruh a‘zolarining soni juda kam.

BBC: Katta rahmat. Bugungi BBC mehmoni qrimlik taniqli jurnalist Lenur Yunusov edi.

Lenur Yunusov: Sizga ko‘p rahmat!