BBCga aytaman: "MXXni sotsam prezidentni, Prezidentni sotsam vatanni sotgan bo‘laman"

BBC pochtasiga xat yo‘llagan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Yoqubov Quvondiq Yo‘ldoshboyevich o‘zining sobiq raisi Rustam Inoyatov va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovdan kechirim so‘ragan.

Bunga 2014 yil 27 yanvarda O‘zbekiston Xalq Harakati saytida bosilgan Usmon Xaqnazarovning maqolasida o‘zi xaqidagi gaplar sabab bo‘lganini aytgan.

"Men Yoqubov Quvondiq Yo‘ldoshboyevich MXXning sobiq xodimiman. Maxsus xizmatda ishlagan odamni maxsus xizmat xodimiman deyishni o‘zi axmoqlik. Haqiqatdan bu ma‘lumot mendanligi aniq bo‘lishi uchun voyenniy bilet va pasport nomerlarimni, uy manzilimni keltiraman. Men haqimda 27 yanvar 2014 yil O‘zbekiston Xalq Harakati saytida va boshqa saytlarda Usmon Xaqnazarov nomi bilan chiqarilgan maqolalar haqida izoh bermoqchiman va rahmat, uzrlarimni yetkazmoqchiman. Faqat iltimos, bu orqali kimnidir maqtash, qoralash yoki kimgadir qarshi foydalangmanglar" deb yozadi o‘zini MXXning sobiq xodimi degan Quvondiq Yoqubov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Prezidentimiz I.Karimov va raisimiz Inoyatov R. dan menga berilgan imkoniyatdanfoydalana olmaganim, ularni ishonchlarini oqlay olmaganligim uchun chin dildan kechirim surayman. Hozirda ozodlikda va oilam davrasida ekanligimdan prezidentimiz I.Karimovning rahmdiligi, bag‘ri kengligi va raisimiz Inoyatov R.ning kechirimligi, to‘g‘ri yul tanlashda yordam berganlari va hayot saboqlarini o‘rgatganlari uchun men va oilam nomidan katta rahmat aytaman.

Men internat maktabda tarbiyalanib, keyinchalik Oliy harbiy bilim yurtida o‘qiganman. Yaqin qarindoshlarim sudlanganligi sababli MXXga qabul kilishmagan. Shunda prezidentimizning "O‘zbekiston 21 asr bo‘sag‘asida, xavfsizlika tahdid, taraqqiyot kafolatlari va barqarorlik shartlari" asariga asos qilib "I.Karimov dushmani, bu - mening va mening oilam dushmani" nomli shaxsiy ish rejasi ishlab chiqib, Prezident devonidan yordam suraganman. Inoyatov R. shunda menga ishonib imkoniyat bergan va ishga 2092-ls buyruqqa binoan qabul qilgan.

Afsus imkoniyatdan foydalana olmadim, prezidentimizning ishonchlarini oqlolmadim. Bu ish rejasi hech qanaqa o‘ldirishga asoslanmagan.

Qamalishimga kelsak, unga ham o‘zim aybdorman, Inoyatovning aloqasi yo‘q.

SNB meni ta‘qib qilmayapti, SNB bilan hozirda meni bog‘lab turgan narsa bu meni qayta ishga tiklanishga harakat qilayotganim. Yana bir bor imkoniyat berilishiga umid qilaman.

Bu bilan aytmoqchimanki, Sohibqiron Amur Temur bobomiz aytganlar: "Tanlanganlargina qo‘mondon bo‘ladi, yaxshi qo‘mondon hammani gapini eshitadi, lekin qalbi buyurganini qiladi".

Amur Temur bobomiz ta‘riflaganda Prezidentimiz I.Karimov va Inoyatov yaxshi qo‘mondonligidan, prezidentimizning rahmdiligi, kechirimligi va bag‘rikengligi uchun men va meni oila a‘zolarim nomidan katta rahmat aytaman, va menga berilgan imkoniyatdan foydalana olmaganim, ishonchlarini oqlay olmaganim uchun chin dildan kechirim surayman. Usmon Xaqnazarovning 27 yanvardagi maqolasiga kelsak, kim va nima uchun meni ma‘lumotlarimni tarqatganidan qat‘iy nazar, bu Prezidentimiz I.Karimov va MXX raisi Inoyatovni omma va butun jahon oldida obro‘sizlantirish, deb tushunaman.

Meni davlat sirlarini sotishga urinishda ayblashgan, haliyam men va mening oilam baxtiga prezidentimiz va Inoyatov bor ekan, bo‘lmasa davlat xoini sifatida hozirda qamoqda bo‘lar edim.

O‘zingiz o‘ylang, MXXni sotsam prezidentni sotgan bo‘laman. Prezidentni sotsam vatanni sotgan bo‘laman. Faqat Lola yoki Gulnora Karimova emas, balki shu yurtdagi har bir yosh avlod Prezident Islom Karimovni farzandi kabi men ham Islom Karimovning farzandiman. Endi ayting qanday qilib o‘z otamni sotishim mumkin?

Prezidentimiz Islom Karimov va raisimiz Rustam Rasulovich Inoyatovdan kechirishlarini, ularning ishonchlarini oqlash uchun yana bir imkoniyat berishlarini so‘rayman", - deydi shuningdek Quvondiq Yoqubov BBCga yuborgan maktubida.