Afg‘oniston tarixiy saylovi yuqori baholandi

Image copyright n

Yomon ob-havo hamda Tolibon tahdidiga qaramasdan Afg‘oniston prezidentlik saylovida ovoz beruvchilarning faol ishtirokini Afg‘on va G‘arb rahbarlari muvaffaqiyat deb baholadilar.

Ovoz berish huquqiga ega 12 million saylovchining 7 millioni saylovda qatnashgani haqida rasmiylar xabar qilganlar, byulletenlarni sanab chiqish davom etmoqda.

Prezident Homid Karzay o‘rnini egallash uchun sakkiz nomzod kurashga kirishgan.

Muxbirlarga ko‘ra, eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod orasidan g‘olibini aniqlash uchun prezidentlik saylovining ikkinchi turini o‘tkazishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Afg‘oniston prezidentlik saylovi kunida keng miqyosdagi harbiy amaliyot yo‘lga qo‘yildi.

Boisi Tolibon saylovni izdan chiqarish bilan tahdid qilgan.

Ayrim joylarda qattiq yog‘ingarchilik saylovchilar ishtirokiga ta‘sir ko‘rsatgani xabar qilindi.

Afg‘oniston Mustaqil Saylov komissiyasi ovoz berish soxtalashtirilganiga oid 162 shikoyat qabul qilgani haqida xabar tarqatdi.

Muxbirlar ayrim saylov uchastkalarida byulletenlar yetishmay qolgani holllari yuz berganini xabar qildilar.

Mahalliy vaqt bilan soat 5 da saylov uchastkalarining yopilishi ko‘zda tutilgan, biroq saylovchilarning uzun navbatlari bois ayrim joylarda ovoz berish yana to‘rt soat davom etgan.

Prezident Homid Karzay saylovchilar ishtirokini Afg‘oniston kelajagi uchun muhim qadam va muvaffaqiyat deb atadi.

AQSh Prezidenti Barak Obama, "biz Afg‘on xalqi, xavfsizlik kuchlari va saylov komissiyasi rasmiylari bilan faxrlanamiz", deb aytgan.

"Bu saylov Afg‘onistonning demokratik kelajagini ta‘minlash, shuningdek, xalqaro qo‘llab-quvvatlovni davom ettirish uchun o‘ta muhim", degan Prezident Obama.

"Shuncha ko‘p sondagi saylovchilarning, erkaklar va ayollar, keksalar va yoshlarning, zo‘ravonlik tahdidlariga qaramasdan o‘z mamlakatining kelajagi uchun o‘z so‘zini aytish uchun kelganlari, bu Afg‘on xalqining ulkan muvaffaqiyatidir", deb aytgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg.

NATO Bosh kotibi Anders Fog‘ Rasmussen bayonotida aytilishicha, 5 apreldagi saylov "Afg‘oniston uchun tarixiy daqiqa" bo‘lgan.

Afg‘oniston Mustaqil Saylov komissiyasi raisi Ahmad Yusuf Nuristoniyning aytishicha, "bu saylov Afg‘oniston dushmanlariga mujda bo‘ldi. Afg‘onistonning sharafli xalqi qat‘iyati bilan dushmanlar mag‘lub bo‘ldilar".

Prezidentlik uchun kurashga kirishgan sakkiz nomzod orasida eng ko‘p dastakni qo‘lga kiritadiganlari uchta deb ko‘rilmoqda.

Ular sobiq tashqi ishlar vazirlari Abdullo Abdullo va sobiq moliya vaziri Ashraf G‘ani Ahmadzaylardir.

BBC muxbiriga ko‘ra, Abdullo Abdullo mukammal saylov kampaniyasini olib borgan.

Janob G‘ani shahar yoshlarining kuchli dastagini qo‘lga kiritgan.

Doktor Rasulni esa janob Karzay dastaklayapti deb ishoniladi.

Afg‘oniston O‘zbeklarining lideri general Abdul Rashid Do‘stum Ashraf G‘ani Ahmadzay nomzodini qo‘llab-quvvatlagan, shuning uchun shimoliy Afg‘oniston aholisining aksari janob G‘ani uchun ovoz berishlarini bildirgan.

Afg‘oniston Mustaqil Saylov komissiyasiga ko‘ra, saylovda qatnashganlarning uchdan ikki qismi erkaklarni, uchdan bir qismi ayol saylovchilarni tashkil qilgan.

Nomzodlardan birortasi ham 50 foizdan ko‘p ovozni qo‘lga kiritmasa, 28 may kuni prezidentlik saylovining ikkinchi turi o‘tkazilishi kutiladi.