Yangi prezident qanday bo‘lishi kerak?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qonun va adolatni ta‘minlaydigan, tinchlikni qaror toptirishga qodir, bergan va‘dasiga vafo qiladigan, xalqini o‘ylaydigan, iqtisodni ko‘taradigan, yoshlarga yo‘l beradigan...

Yangi prezidentiga buncha talabni qo‘yayotgan kim bo‘ldi ekan desangiz, bugungi saylovlarda ovoz berayotgan afg‘on xalqi.

Tarixiy bo‘lishi aytilayotgan prezidentlik saylovlari esa, Afg‘oniston ozmuncha muammolarga to‘qnash kelib turmagan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.

Qariyb ikki o‘n yillik Tolibon muammoasi hanuz barham topmagan, harakat bilan bir qatorda yana turli isyonchi guruhlar faollashgan, kambag‘allik va korruptsiya chuqur ildiz otgan, afyun ishlab chiqarish yana o‘zining cho‘qqisiga yetgan...

Ustiga ustak, qo‘shni Afg‘onistonda yangi prezident saylanayotgan bir yilda 13 yillik harbiy hozirliklari ortidan, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari mamlakatni butkul tark etishlari va berilayotgan katta miqdordagi xalqaro yordamlar ham kesilishi mumkin.

Ya‘ni, rasmiy Kobul va Vashington o‘rtasida muayyan sondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonda qolishlari va milliardlab dollar xorijiy yordamlarning davom etishini ta‘minlashi mumkin bo‘lgan muhim xavfsizlik bitimi ham hali-hanuz imzolanmagan.

Xuddi shu kabi istiqbol manzarasida yangi prezidentning qanday odam bo‘lishi oddiy afg‘onlar uchun ham, Afg‘oniston mojarosiga befarq bo‘lmagan O‘zbekiston doxil qolgan barcha mintaqa davlatlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etgan.

Shanba kungi prezidentlik saylovlarida esa, ja‘mi 8 nomzod bellashmoqda:

Sakkiz nomzodning barchasi erkak: O‘tgan ikki galgi saylovlardan farqli tarzda, bu yil ularning orasida birorta ham ayol siyosatchi yo‘q.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Afg‘oniston aholisining 10 foizini tashkil etishsa-da, biror bir o‘zbek siyosatchisi ham prezidentlik uchun bellashmayapti.

Afg‘oniston shimolida katta qudratga ega muxolif siyosatchilardan biri bo‘lgan general Abdulrashid Do‘stum esa, asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilgan Ashraf G‘ani Ahmadzayga 1-muovinlik qilmoqda.

Afg‘oniston saylov qonunchiligiga muvofiq, har bir nomzod ikkitadan muovini bilan birga saylovlarda ishtirok etadi.

Afg‘onistonda milliy, mazhabiy, hizbiy va mintaqaviy mansublik katta ahamiyat kasb etadi.

Ularning orasida shifokordan tortib, ulamo va qudratli sobiq mujohiddin qo‘mondonlarigacha bor.

Ammo ulardan aksariyati Afg‘oniston siyosatida yillarki tanish bo‘lgan chehralar.

O‘z o‘rnida ta‘kidlab o‘tish joiz, agar, bugungi saylovlar muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tsa, katta sondagi o‘zbeklar ham istiqomat qiluvchi qo‘shni Afg‘onistonda qudrat ilk bor tinch va demokratik yo‘l bilan almashinishi mumkin bo‘ladi.

BBC O‘zbek Xizmati naq saylovlar arafasida oddiy afg‘onlarga mikrofon tutib, ularning yangi prezident va Afg‘onistonning kelajagi haqida o‘y-fikrlari bilan qiziqqan.