Qrim hodisalari ortidan AQSh, Rossiya va Markaziy Osiyo munosabatlari qanday bo‘lishi kerak?

Image copyright Lindsey Wasson

Ushbu savol nafaqat davlatlar rahbarlari uchun dolzarb, balki jahondagi ko‘plab tahlil va tadqiqot markazlari mavzusiga aylangan.

AQShda faoliyat yuritadigan o‘zbekistonlik yoshlar tashkil qilgan Awareness Projects tashkiloti ham o‘z anjumanini ushbu dolzarb masalaga bag‘ishlagan.

Bostondagi Tafts universitetidagi konferentsiyaga saboq olayotgan talabalar, ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar qatnashganlar.

Anjumanda Amerika Qo‘shma Shtatlarining faxriy diplomatlaridan biri, bugungi kunda Harvard Universitetining Tomas Simmons, O‘zbek muxolifatidagi "Serquyosh O‘zbekistonim" koalitsiyasi rahbari, bugun AQShda muhojirotda istiqomat qiladigan sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov, Turkiy dunyo va sobiq Sho‘ro mamlakatlari bo‘yicha tadqiqotchi, "Al-Jazira" eksperti Sara Kendzior ma‘ruza qilganlar.

Ma‘ruzalarda xalqaro noroziliklarga qaramasdan Rossiya Qrimni o‘z hududi deb e‘lon qilishi, bunday sharoitda Amerika Qo‘shma Shtatlari yuritayotgan siyosat, kelajakda bu siyosat yana nimalarga qaratilishi lozimligi, Rossiyaning tashqi siyosati, xususan, Kreml bilan Markaziy Osiyo aloqalarida rol o‘ynaydigan omillar nimalardan iborat ekaniga e‘tibor qaratilgan.

Awareness Projects tashkiloti asoschisi Dmitriy Nurullayev aytishicha, bu kabi anjumanlar AQShdagi mutaxassislar, talabalar va qiziqqan doiralar o‘rtasida sobiq Sho‘ro mamlakatlari, xususan Markaziy Osiyo va O‘zbekiston haqidagi bilim va tasavvurni boyitishga xizmat qiladi.

Bundan oldin Awareness Projects O‘zbekistonda rejimni o‘zgartirish mavzusida anjuman tashkil qilgan edi.