Jurnalist Gennadiy Pavlyuk o‘limida gumondorlar ushlangan

Image copyright KP
Image caption Gennadiy Pavlyuk Bakiyev hukumati haqida tanqidiy maqolalar chop etgan

Qirg‘iziston prokuraturasi xabar qilishicha, jurnalist Gennadiy Pavlyuk o‘limida ayblanib xavfsizlik xizmatining ikki xodimi qo‘lga olingan.

Gennadiy Pavlyuk sobiq prezident Bakiyev haqidagi maqolasidan keyin 2009 yilda Qozog‘istonda derazadan tashlab yuborilgandi.

O‘shanda jinoyatni o‘rgangan Olmoti shahar mahkamasi jurnalist Gennadiy Pavlyukni o‘limida Qirg‘iziston maxsus xizmati xodimlari qo‘li borligini ma‘lum qilgandi.

Qirg‘iziston Prokuraturasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ayblanuvchilar 5 aprelda hibsga olingan, hozirda tergov ishlari ketmoqda.

Oradan shuncha vaqt o‘tgandan so‘ng Pavlyuk ishida yangi dalillarning prokuraturaga yetkazilgani gumondorlarni qo‘lga olishga sabab bo‘lgan.

Pavlyuk o‘limi

2009 yil 16 dekabrda Ibrohim Rustambek taxallusi bilan tanilgan Gennadiy Pavlyuk Olmaotaga xizmat safariga boradi.

U "Qozog‘iston" mehmonxonasiga joylashadi, biroq oradan ikki soat o‘tgach Pavlyukni Furmanov ko‘chasida og‘ir jarohatlar bilan topiladi.

Jurnalistni qo‘l va oyoqlari ip bilan bog‘langan bo‘lgan. Shuningdek jurnalistning kurtkasi, kompyuter sumkasi va skotch o‘rami topilgan.

Oltinchi qavatdan tushib, jarohatlari tufayli koma holatidagi Pavlyuk hushiga kelmasdan kasalxonada vafot etgan.

2011 yil oxirida Olmaota mahkamasi odam o‘g‘irlash va qotillikda ayblanib ushlangan Qirg‘iziston xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi Aldoyor Ismonqulov, Qozog‘iston fuqarolari Almaz Igilikov va Shalkar Orazalinlarni 10 yildan 17 yilgacha qamoq jazolariga hukm etgan.

Biroq asosiy buyurtmachini topishning imkoni bo‘lmagan.

Oldingi mahkama ma‘lumotlariga ko‘ra, Pavlyuk ommaviy axborot vositalariga moliyaviy ko‘mak beruvchi qandaydir fond bilan yozishmalar olib borgan. Fond unga 80 ming yevro grant va‘da qilgan. Noma‘lum kishilar jurnalist bilan shartnoma tuzish bahonasida Olmaotaga taklif qilishgan.

Pavlyukdan uy seyfining raqamini olishga muvaffaq bo‘lmagan kishilar uni derazadan tashlab yuborishgan.

Jurnalist Pavlyukning o‘limi siyosiy ekanligi haqida o‘shandayoq bildirilgan. "Beliy poroxod" gazetining asoschisi muxolifatning "Ota makon" partiyasi bilan hamkorlik qilgan, o‘sha paytdagi hukumat, jumladan Qurmanbek Bakiyev haqida tanqidiy maqolalar chop etgan.

Image caption Bishkekda Pavlyuk xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgan edi

Gumondorlardan biri qirg‘iz Aldiyor Ismonqulov oldin ham jinoyat sodir etgan, u Qirg‘izistondagi bir qancha yuqori lavozimli kishilar o‘limiga aloqador ko‘rilgan.

Biroq Qurmanbek Bakiyev uni doim quvvatlab kelgani bois Ismonqulov qamalish o‘rniga, lavozimi ko‘tarilgan.

Ismonqulov jumladan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan, elektron pochta va telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitish bilan shug‘ullanadigan texnik bo‘limni boshqargan.

Qirg‘izistonda Ismonqulov Bakiyevning katta o‘g‘li Marat Bakiyevning soyasida yuradigan shaxs sifatida tanilgani aytiladi.

Gennadiy Pavlyuk o‘limi Qirg‘izistonda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Uning o‘limidan so‘ng oilasi Rossiyaga ko‘chib ketgan.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda marhum jurnalist Gennadiy Pavlyuk xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik o‘g‘irlab ketilgani haqida xabarlar chiqqandi.