Namoyishchilar Donetskda "xalq respublikasi" tuzilganini e‘lon qilishdi

Image copyright AFP
Image caption Avvalroq, rossiyaparast guruhlar ma‘muriy binolarni egallab olishgani xabar qilingandi

Xabar qilinishicha, Ukrainaning Donetsk shahridagi hukumat binolarini ishg‘ol qilgan rossiyaparast namoyishchilar "Donetsk xalq respublikasi" tuzilganini e‘lon qilishgan.

Internetda tarqatilgan videotasvirda Donetsk assambleyasida rus tilida so‘zlagan namoyishchilar vakili: "Men Donetsk xalq respublikasi tuzilganini tantanali e‘lon qilaman", deb aytgan.

Qo‘zg‘olonchilar 11 maygacha Ukraina tarkibidan ajralib chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirganlar.

Ayni paytda Ukraina xavfsizlik xizmati rasmiylari mamlakat sharqidagi Donetsk, Lugansk va Xarkov shaharlariga yo‘llanmoqda.

Avvalroq, rossiyaparast guruhlar ushbu shaharlardagi ma‘muriy binolarni egallab olishgani xabar qilingandi.

Muvaqqat prezident Oleksandr Turchinov tartibsizliklarni Rossiyaning Ukrainani "parchalash"ga urinishi deya ta‘riflagan.

Milliy televizion orqali chiqishida janob Turchinov bu Rossiya tomonidan Ukrainani beqarorlashtirish, hukumatini ag‘darish va rejalangan saylovlarga xalaqit berishga qaratilgan maxsus amaliyotlar "ikkinchi to‘lqini" ekanini aytgan.

Rossiya yaqinda referendum ortidan Ukrainaning Qrim yarim orolini o‘zi tarkibiga qo‘shib olgandi.

Ukraina bu amalni qonuniy hisoblamaydi.

Dushanba kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Andrey Deshchitsa "Exo Moskva" axborot agentligiga agar Rossiya Ukraina sharqiga qo‘shin kiritsa, u bilan urushga kirishi mumkinligini aytishi ortidan ikki o‘rtadagi tanglik yanada kuchaygan.

Moskva Ukraina bilan chegarasiga minglab harbiy kuchlarini keltirib qo‘ygan, ammo Ukrainaga bostirib kirish niyati yo‘qligi, faqat etnik ruslarning huquqlarini himoya qilishni ko‘zlayotganini aytadi.

BBCning Moskvadagi muxbiri Daniyel Sandfordga ko‘ra, bir millionga yaqin aholi bo‘lgan Donetskda Qrimdan farqli o‘laroq aksariyatni tashkil qiluvchi rusiyzabonlar bilan bir qatorda ko‘plab ukrainlar ham istiqomat qilishadi.

Muxbirimizning qo‘shimcha qilishicha, ommaviy so‘rovlar Ukraina birligi uchun dastak katta ekanini ko‘rsatgan.