Chet ellik mehmonlar O‘zbekistonga "tahdid"mi?

Image caption Prezident Karimov O‘zbekistonning mehmondo‘stligini ko‘z-ko‘z qilib keladi

O‘zbekiston davlat televideniyesi xorijliklarga o‘zbek vizasini rasmiylashtirishda ko‘mak bergan mahalliy shirkat egalarini "fosh etuvchi" ko‘rsatuv namoyish etgan.

3 aprel kuni O‘zbekistonning birinchi telekanali orqali ko‘rsatilgan dastur "Xatar bilan o‘ynashish" deb nomlanadi.

Unda ayrim "soxta shirkatlar" chet el fuqarolariga O‘zbekistonga safar qilish uchun "noqonuniy ko‘mak ko‘rsatgani" aytilgan.

Iddao qilinishicha, ko‘rsatuvda nomi tilga olingan tadbirkorlardan biri shirkat nizomida ko‘rsatilgan faoliyat turi o‘rniga "muntazam ravishda xorijliklarni O‘zbekistonga taklif qilish" bilan shug‘ullanib kelgan.

Davlat telekanalining muxbiri tomonidan so‘roqqa tutilgan tadbirkor 2013 yilning fevralidan buyon 300 nafar chet ellikni O‘zbekistonga taklif qilganini aytadi.

Ularning ko‘pchiligi Pokiston va Xitoy fuqarolari bo‘lgan.

"Men ularga o‘zbek vizasi olishga yordam berdim", - deya iqror bo‘ladi mahalliy tadbirkorlardan biri.

Ko‘rsatuvda nomi tilga olingan boshqa bir tadbirkor ayol esa 42 nafar xorijlikka O‘zbekiston vizasini rasmiylashtirishga yordam bergani aytilgan.

"Ularning 31 nafari pokistonliklar", deyiladi ko‘rsatuvda.

Unda nomi tilga olingan tadbirkorlar, ma‘lum bo‘lishicha, Saudiya Arabistoni, Suriya va Hindiston kabi davlatlar fuqarolarining O‘zbekistonga safar qilishlariga yordam berishgan.

Ayni paytda taklif qilingan xorij fuqarolarining birontasi O‘zbekiston qonunlarini buzganliklari haqida hech narsa deyilmaydi.

"Olov bilan o‘ynashish"

Ko‘rsatuv mualliflari tadbirkorlarni "juda ko‘p xorijliklarni O‘zbekistonga tashrif qilganlari holda ular bilan hech qanday biznes qilmaganliklarini" tanqid qilishadi.

"Bu kabi noqonuniy faoliyat mamlakatimizning milliy xavfsizligiga tahdiddir", deyiladi dasturda.

Maxsus dastur mualliflarining fikricha, mamlakat fuqarolarining o‘zlari tanimagan xorijlikni O‘zbekistonga taklif qilishlari "olov bilan o‘ynashish"dir.

"Shuning uchun har birimiz hushyor va ogoh bo‘lishimiz darkor", - deya xulosa qiladi ko‘rsatuv.

Ammo tadbirkorlarni nizomda ko‘rsatilgan faoliyat turi o‘rniga viza bilan shug‘ullanishga undagan sabablar yoritilmagan.

Chet ellik tadbirkorlarning safarlaridan hech qanday "biznes natija" bo‘lmaganining sabablari ham ma‘lum emas.

O‘zbekiston post sovet hududida xorijiy sarmoya muhiti eng yomon bo‘lgan davlatlardan biri sifatida ko‘riladi.

"Qaytib O‘zbekistonga bormayman"

Mamlakatda so‘nggi yillarda sarmoyadorlarning huquqlarini kafolatlovchi ko‘plab qonun va hukumat qarorlari qabul qilganiga qaramay, amalda xorijiy ish odamlari O‘zbekistonga safar qilish va u yerda ish yuritishning qiyin ekanidan noliydilar.

O‘tgan yil avgustida Farg‘ona vodiysida ish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida safar qilgan turkiyalik tadbirkor, o‘zining so‘zlariga ko‘ra "jonini zo‘rg‘a qutqarib qolgan".

Uning aytishicha, bir kun ko‘rsatilgan mehmonxonada qolmagani uchun Toshkent aeroportida chegarachilar 4 ming AQSh dollari miqdorida jarima yoki 3 yil qamoq jazosi bilan tahdid qilishgan.

"Oxiri Turkiya konsulining aralashuvi bilan yonimdagi bor pulni berib, qutuldim. Endi qaytib O‘zbekistonga bormasam kerak", - deydi nomi tilga olinishini istamagan turkiyalik tadbirkor BBCbilan suhbatda.

Shu kunlarda O‘zbekistondagi internet nashrlari Turkiya elchisining Samarqand va Buxoro shaharlari bilan Turkiya orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqqanini yozgan.

"O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib tarqatilgan xabarda aytilishicha, elchi Namik Guner Erpul "O‘zbekturizm" rahbarlari bilan uchrashuvda shuningdek, "Toshkent – Istanbul" yo‘nalishidagi uchoq qatnovlarini ko‘paytirish zarurati haqida ham gapirgan.

Ammo xabarda o‘zbek rasmiylari Turkiya elchisining taklifini qanday qarshilashgani haqida hech narsa deyilmaydi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqligi va so‘nggi yillarda turk biznesiga o‘tkazilgan bosimlar nazarda tutilsa, ikki o‘rtadagi bordi-keldilarning ko‘payishini kutish qiyin.