Ichki ishlar vazirligi biometrik pasport taloto‘plari sababini tushuntirmoqchi

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonda biometrik pasportga o‘tish 2015 yil oxirigacha davom etishi belgilangan

O‘zbekiston hukumati matbuotda e‘lon qilinmagan biometrik pasporti bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarining 1 iyuldan xorijga chiqishini taqiqlaydigan qarorni imzolagan.

Buning ortidan Ichki ishlar vazirligining joylardagi xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni qayd qilish idoralari oldida uzundan uzoq navbatlar hosil bo‘lgan.

Bu idoralar pasportini almashtirmoqchi bo‘lgan insonlarning arizalarini qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish va biometrik pasport berish amallarini uddalay olmayaptilar.

Matbuotda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining eng yuqori mansabdorlari fuqarolar bilan muloqot tashkil qilishlari, xususan biometrik pasport berish bilan bog‘liq savollarga javob qaytarishlari xabar qilingan.

Telefon orqali "qaynoq liniya" 8 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 10 dan 12 gacha bo‘lib o‘tishi aytilgan.

Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati savollar bilan murojaat qilish mumkin bo‘lgan telefonlar raqamlarini e‘lon qilgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi biometrik pasport cheklovi bilan bog‘liq qarorini shu yil 6 fevralida qabul qilgan.

Bu qarorga "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari haqida" deb nom berilgan.

Ushbu qarorga ko‘ra, biometrik pasporti bo‘lmagan fuqaroga 1 iyuldan keyin mamlakat tashqarisiga chiqish imkonini beradigan avia yoki temir yo‘l chiptasi sotilmaydi.

O‘zbekiston biometrik pasportga o‘tishga 2011 yilda qaror qilgan.

Insonning biometrik ma‘lumotlari ham joylangan chipli pasportga o‘tishning muddati 2015 yilning oxirigacha etib belgilangan.

Bir derazaga bosh urgan olomon

Ammo O‘zbekiston hukumati o‘zining 6 fevraldagi qarorida nega bu amaliyotni tezlashtirayotgani sababini izohlamagan.

Ma‘lumki, bugungi iqtisodiy sharoit tufayli aksar o‘zbekistonliklar xorijda ishlab daromad topishga majbur etilganlar, 1 iyuldan keyin Rossiya, Qozog‘iston yoki boshqa xorij davlatiga chiqa olmay qolish ehtimoli minglab, balki o‘n minglab fuqaroni OVIR idoralariga bosh urishga majbur qilgan.

Bunday ko‘p sondagi murojaatlarni belgilangan muddatida hal qilish uchun esa mahalliy OVIRlarda jismonan imkoniyat yo‘q.

Xorij matbuoti va Internet saytlarida yuzlab kishilar bir eshik yoki deraza oldida to‘planib qolganlari haqidagi xabar va fotosuratlar e‘lon qilindi.

Biometrik pasport olish jarayoni an‘anaviy ariza, fotosuratdan tashqari pasport egasining barmoq izi yoki ko‘z qorachig‘i haqidagi ma‘lumotlarni joylagan chip bo‘lishini ham talab qiladi.

O‘zbekistonga biometrik ma‘lumot chipini tayyorlab beradigan uskunaning esa xorijdan olib kelinishi zarurligi xabar qilingan.

Oxirgi paytlarda mahalliy OVIR xodimlari chip tayyorlaydigan uskunaning buzilib qolgani yoki ayrim ehtiyot qismi yetishmayotgani tufayli arizachilarning yangi pasporti o‘z vaqtida tayyor bo‘lmaganini vaj qilib ko‘rsatishgan.

Chiqish vizasi

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z fuqarosining chetga chiqishini nazorat qiladigan chiqish vizasi tartibi amal qiladigan dunyodagi barmoq bilan sanarli mamlakatga aylanib qoldi, Ichki ishlar idoralari fuqaroning xorijga chiqish vizasini O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati ma‘qullovidan keyingina oladi.

Chiqish vizasini 17 ish kunida olish ko‘zda tutilgan, bu ham biometrik pasport olish jarayonini mushkullashtirayotgan omillardan biri bo‘lmoqda.

Har bir mamlakatning xorijdagi konsulligi o‘z fuqarosiga pasportini almashtirib berishi jahon amaliyotida qo‘llanadigan tartib.

Biroq shu kecha-kunduzda O‘zbekistonning chet ellardagi konsulliklari eski pasportni biometrik pasportga almashtirib berishni rad qilmoqdalar, har bir kishining O‘zbekistonga borib, o‘zining yashash joyidan hujjatini almashtirishni talab qilmoqda.

O‘zi chiqish vizasi talabi, Vazirlar Mahkamasining 6 fevraldagi qarorini O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid ekaniga e‘tibor qaratadigan qonunchilik ekspertlari Ichki va Tashqi ishlar vazirliklarining xorijdagi fuqaroga pasport bermaslik qarorlari mamlakat bosh qonuni nuqtai-nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini urg‘ulamoqdalar.