Qozog‘iston bo‘lginchilik uchun jinoiy jazoni kuchaytirdi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Qozog‘istonda Rossiyaning qo‘shni mamlakatlar hududiy yaxlitligiga tajovuzidan xavotirlar bor

Qozog‘iston jinoiy kodeksining yangi loyihasiga binoan, Qozog‘iston hududiy yaxlitligini noqonunan o‘zgartirishga chaqirgan shaxs 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

Bu haqida Qozog‘istonning Tengrinews.kz xabar agentligi mamlakat bosh prokuraturasiga tayanib xabar tarqatdi.

"Jinoiy kodeks loyihasiga kiritilgan yangi moddaga ko‘ra, bo‘lginchilik faoliyati uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutiladi. Qozog‘iston resbpulikasining hududiy yaxlitligini noqonunan, nokonstitutsiyaviy ravishda o‘zgartirishga chaqiriqlar, dezintegratsiyaga chaqiriqlar uchun jinoiy javobgarlik kiritiladi", - dedi Bosh prokuratura departamentining rahbari Arman Ayaganova.

"Mazkur modda bu kabi chaqiriqlarni og‘ir jinoyat deya belgilaydi va uning birinchi bobiga binoan, 7 yillik qamoq jazosi ko‘zda tutiladi. Agar bu kabi amallar rasmiy lavozim suistemol qilinishi bilan amalga oshirilsa, jinoiy javobgarlik 10 yilgacha belgilanishi mumkin", - dedi Ayaganova xonim.

Uning aytishicha, internet ham ommaviy axborot vositasi deya hisoblangani uchun, internetdagi bo‘lginchilik chaqiriqlari va targ‘ibotlar ham mazkur modda ostiga tushadi.

Rossiyaning Ukraina va Qrimdagi amallari Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan qator sobiq sovet respublikalari, xususan eng yaqin ittifoqchilaridan bo‘lgan Qozog‘istondan tortib Ovro‘poparast Estoniyada xavotirlarga sabab bo‘lgan.

Qozog‘istonda qator siyosatchilar va tahlilchilar Rossiyaning qo‘shni mamlakatlardagi rusiyzabon aholi yashovchi viloyatlarni o‘ziga qo‘shib olishi xavfi haqida fikr bildira boshlaganlar.

Xususan, Qozog‘iston qishloq xo‘jalik vazirining sobiq muovini Marat Tolibayev "boshqa mamlakatdagi rusiyzabon fuqarolarni himoya qilish pretsedenti Qozog‘iston uchun o‘ta xavfli, shuning uchun bu mojaroda Qozog‘iston Rossiyaning yonini ola olmaydi", - deb aytgan.

Ehtimoliy mojaro hududi bo‘lib an‘anaviy tarzda aholisi asosan rusiyzabon bo‘lgan Shimoliy Qozog‘iston viloyati ko‘riladi. Biroq, ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, tashqi ta‘sirsiz u yerda mojaro avj olishining ehtimoli kam.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Talgat Mamirayimovning BBCga aytishicha, Shimoliy Qozog‘istonda bo‘lginchilik kayfiyati mavjud, biroq u ochiqcha namoyon bo‘lmayapti.

"Lekin, potentsial katta, faqat bir kichik turtki, uchqun kerak, xolos. Agar Qozog‘istondagi etnosiyosiy rus tashkilotlari Rossiyaning ko‘magi bilan bo‘lginchilik kayfiyatlarini avj oldirish bilan shug‘ullana boshlasalar, mojaro osongina kelib chiqishi mumkin. Lekin, hozircha bu faqat xavf deb ko‘riladi, tahdid emas", - dedi siyosatshunos.

Your contact details
Disclaimer