Qirg‘izistonda aprel inqilobining to‘rt yilligi xotirlandi

Bishkekda 2010 yil 7 aprelida amalga oshirilgan xalq inqilobining to‘rt yillik xotira marosimi o‘tkazildi.

O‘shanda sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev hokimiyatidan norozi xalqning markaziy maydonga chiqishi va ularga qarata o‘q otilishi ortidan 80dan ortiq inson nobud bo‘lgan edi.

Oliy Kengash binosi yonida o‘rnatilgan yodgorlikka Prezident Almazbek Atambayev boshchiligidagi bir qator hukumat vakillari, aprel voqeasida halok bo‘lgan insonlarning yaqinlari ishtirokida gulchambarlar qo‘yilib, qur‘on tilovot qilindi.

Ob – havoning yomonligi sababli, marosimga yig‘ilganlar, "halq ozodligi" yodgorligi yonida bir muddat sukutdan so‘ng, Ata-Beyit qabristoniga yo‘l oldilar.

Ata-Beyit qabristoniga 1917 yilda Chor Rossiyasi tarafidan sodir etilgan qatag‘onda qurbon bo‘lganlar dafn etilgan. Ular qatorida 2010 yilning 7 aprelida markaziy maydonda o‘qqa tutilgan saksondan ortiq insonlar qabrlari ham bor.

Qabristondagi izg‘irin sovuq, qor aralash yomg‘ir ostida yig‘ilgan halq prezident kelishini deyarli bir soatdan ortiqroq kutishga majbur bo‘ldilar. Bir qancha tan soqchilari qurshovida, hassa tayoqda kelgan prezident Almazbek Atambayev, "inqilob botirlari" qabriga gulchambarlar qo‘yib, qur‘on tilovotdan so‘ng ortga qaytdi.

Xalq ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan "qahramonlar"ning ota-onalari, farzandlari o‘z yaqinlari qabrlari yonida ko‘zda yosh ila uzoq o‘yga botgancha turar edilar. Otasi halok bo‘lganda endigina yetti oylik bo‘lgan bolakay, bugun dadasining qabr toshiga tikiladi. Kimlardir ota – onasidan, farzandlariyu, yoru-birodarlaridan ayrilgan.

Oradan to‘rt yil o‘tgan bo‘lsada, qonli voqeaga asosiy sababchi insonlarning jazoga tortilmagani, uzoq davom etgan sud jarayonlari "xalq qahramonlari" yaqinlarini umidsizlantiradi.

- "Qancha sud jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Har safar turli so‘zlar aytiladi. Va‘dalar beriladi. Lekin, farzandlarimizning qotillari jazosiz qolmoqda" – deydi jabrlanuvchilar.

- "Xalq qahramonlari, 7 aprelda, nohaqsizlikka qarshi kurashayotib, ko‘z ostidagi o‘lim qarshisida ozod, kuchli va adolatli davlatni orzu qilishgan. Biz, ularning orzusini so‘zsiz amalga oshirishimiz kerak. Ularning yorqin esdaligi uchun, barchamiz birgalikda qudratli va demokratik Qirg‘izistonni barpo etmog‘imiz lozim" – deyiladi halq inqilobining to‘rt yilligi munosabati bilan prezident Almazbek Atambayevning Qirg‘iziston xalqiga qilgan murojatida.

Avvaliga buyurtma qotillik, siyosiy quvg‘inlar, keyinchalik esa davlatdagi elektr energiyasi narxining ko‘tarilishi, turmush tarzining tobora qiyinlashib borishidan, davlatni bir insonning oilaviy boshqaruviga o‘tishidan norozi bo‘lgan xalq, 2010 yilning 7 aprelida poytaxt Bishkekning markaziy maydoniga yig‘ilib, sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev siyosatiga qarshi kurashgan va xalq inqilobini amalga oshirgan edilar.