BMT elchisi: Roxinga musulmonlarining ta‘qibi insoniyatga qarshi jinoyat

Image caption Raxinedagi to‘qnashuvlarda musulmonlarning uylari yoqib yuborilgan

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Tomas Ojea Kuintana Birmada Roxinga musulmonlariga nisbatan qilinayotgan muomala yuzasidan bayonot tarqatgan.

Bayonotda Roxinga musulmonlariga nisbatan munosabat "insoniyatga qarshi jinoyatlar" deb ko‘rilishi mumkinligi aytilgan.

BMT maxsus ma‘ruzachisi Birma g‘arbidagi Raxine shtatidan yuzlab xalqaro tashkilotlarning xodimlari chiqib ketishga majburlanganlari ortidan gapirgan.

Birmada aholini ro‘yxatga olishga qaror qilingan, Roxinga musulmonlariga oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur narsalar bilan yordam berib kelayotgan xalqaro tashkilotlarni esa Raxine shtatidagi buddoyilar Roxingalarni ham ro‘yxatga olish amallaridan g‘azabga kelganlar.

Birma hukumati va buddoyilarga ko‘ra, Roxingalar mahalliy aholi emas, ular Bangladeshdan kelib qolgan kelgindilar.

Roxingalar o‘nlab yillar davomida yashab kelayotganlariga qaramasdan, Birma harbiy xuntasi hukmronligi yillarida ular fuqaro sifatida ro‘yxatga olinmagan.

Raxine shtatida 1 million 300 ming Roxinga musulmonlari bor deb ko‘riladi.

2012 yil oxiridagi zo‘ravonliklardan keyin o‘n minglab Roxingalar g‘arbiy sohildagi chodirlar jamloqlarida yashashga majbur bo‘lmoqdalar.

BMT maxsus ma‘ruzachisi Tomas Ojea Kuintana aytishicha, Roxinga musulmonlariga oziq-ovqat va suv yetishmaydi, tibbiy yordam rad qilinadi.

"Diniy ozchilikka nisbatan uzoq davom etib kelayotgan ta‘qib insoniyatga qarshi jinoyatlar deb ko‘rilishi kerak", degan BMT rasmiysi.

Janob Kuintana Roxingalarga nisbatan Birma hukumati munosabatini muntazam tahqirlash va jamiyatdan siqib chiqarish deb ta‘riflagan.