AQSh Rossiyani Ukrainani beqarorlashtirmaslikka chaqirib ogohlantirdi

Image copyright AFP

Ukraina sharqidagi uchta shaharda Rossiyaparast namoyishchilar hukumat binolarini ishg‘ol qilishi ortidan yuzaga kelgan o‘ta tang vaziyat borasida AQSh xavotir bildirgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefon suhbati chog‘ida Rossiyaning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish harakatlari qimmatga tushishini aytgan.

Ular kelgusi 10 kun ichida yuzma-yuz uchrashishga kelishganlar.

Ukraina hukumati Donetsk, Lugansk va Xarkov shaharlariga xavfsizlik mulozimlarini yo‘llamoqda.

Donetsk mahalliy ma‘muriyati binosini ishg‘ol qilgan isyonchilar dushanba kuni Donetskni "xalq respublikasi" deya e‘lon qilganlar va 11 mayda uning Ukrainadan ajralib chiqishi borasida referendum o‘tkazilishiga chaqirganlar.

Rossiya yaqinda Ukrainaning aksar aholisi rusiyzabon bo‘lgan Qrim yarim orolini o‘ziga qo‘shib oldi. Qrimda bu yo‘lda o‘tkazilgan referendumni Kiyev va G‘arb noqonuniy deya qoralagan.

Moskva endilikda o‘zining sharqiy Ukraina bilan chegarasida minglab qo‘shinlarini joylashtirgan. U Ukrainaga bostirib kirish niyati yo‘qligini aytsada, u yerdagi etnik ruslarni himoya qilishga haqli ekanini urg‘ulamoqda.

Rossiya fevral oyida Moskvaparast prezident Viktor Yanukovich ag‘darilishi ortidan iqtidorga kelgan Kiyevdagi yangi hukumatni tan olishdan bosh tortib kelayapti.

"Ko‘pirtirish"

AQSh Davlat departamenti voizi Jen Psakining aytishicha, o‘z telefon suhbatida janob Kerri Rossiyani Ukrainadagi "bo‘lginchilar va provokatorlar amallaridan o‘zini ochiqchasiga yiroqlashtirish"ga chaqirgan.

Kerri janoblari Ukraina sharqidagi vaziyat "to‘satdan yuzaga kelayotgan voqealar majmuiga o‘xshamaydi" deb aytgan.

"U aniq ishora berdiki, Rossiyaning Ukrainani beqarorlashtirish amallari Rossiyaga qimmatga tushadi", dedi Psaki xonim.

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Qrimning qo‘shib olinishi ortidan allaqachon bir qator Rossiya va ukrainalik shaxslarga qarshi cheklovlarni e‘lon qilgan.

Britaniyaning Gardian gazetasida chop qilingan maqolasida janob Lavrov Rossiya Ukrainani beqarorlashtirayotganini rad etdi va G‘arbni "tang vaziyatni asossiz yanada ko‘pirtirish"da aybladi.

U, shuningdek, Kiyevdagi hukumatni Rossiyaparast namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishiga qarshi ogohlantirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina sharqi, "xususan Donetsk, Lugansk va Xarkov viloyatlaridagi voqealarni" yaqindan kuzatayotganini bildirdi.

Uning bayonotida yana bir bor Ukraina viloyatlarga ko‘proq vakolatlar beruvchi federal davlat bo‘lishi talab qilinadi.

"Ukrainada bugunda sodir bo‘layotgan muammolar uchun Rossiyani ayblashni bas qiling", deyiladi bayonotda.