"Inson haqlari tashkilotlariga bosimda Rossiya O‘zbekistondan o‘rnak olayapti"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Bir yil oldin "Memorial"ning Moskvadagi idorasiga reyd uyushtirilgandi

Sankt-Peterburgdagi mahkama "xorijiy agent" degan nom bilan qayta ro‘yxatdan o‘tishni istamagan "Memorial" inson huquqlari tashkilotining bo‘limini yopish haqida qaror chiqargan.

"Memorial"ning Tahqirlarga qarshi markazi Rossiya hududida irqchilik va ksenofobiya qurbonlariga ko‘maklashishga ixtisoslashgan va oxirgi yilda ikki marta mahkama ishini yutib chiqqan edi.

Nihoyat 8 aprel kuni Sankt-Peterburg mahkamasi prokuraturaning diskriminatsiyaga qarshi markazga nisbatan talabini qondirishga qaror qilgan.

Tahqirlarga qarshi kurash markazi faoliyati to‘xtatilgani Rossiyada "Amerika ovozi" radiosi eshittirishlarini uzun to‘lqinda tarqatish to‘xtatilgan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Rossiyaning "Ria Novosti" axborot agentligi va "Golos Rossii" radiosini birlashtirish natijasida tashkil qilingan "Rossiya segodnya" davlat axborot agentligining rahbari Dmitriy Kiselyov "Amerika ovozi" rahbariyatga maktub yo‘llagan.

Maktubida janob Kiselyov ilgari Amerika radiosi bilan imzolangan eshittirishlarni Rossiya hududida uzun to‘lqinda tarqatishga taalluqli shartnomani bekor qilishi haqida ma‘lum qilgan.

"Biz siz bilan hamkorlik qilmoqchi emasmiz", deb yozgan Rossiya axborot va radioidorasi rahbari.

Rossiya 2012 yilda xorijdan moliyalanadigan nohukumat notijorat tashkilotlarini "xorijiy agent" deb ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi qonunni qabul qilgan, ushbu qonunga binoan Moskvadagi qator xalqaro tashkilotlar idoralariga reydlar uyushtirilgandi.

Ushbu qonunga binoan, xorijdan moliyalanadigan tashkilot "xorijiy agent" deb ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Sho‘rolar davridan ko‘pchilik "xorijiy agent" deganda josusni nazarda tutadi.

SSSR zamonida dissidentlar yoki oddiy o‘zgacha fikrdagi insonlar "chet el agenti" deya tavqila‘natlangan.

Moskvadagi "Memorial" faoli Bahrom Hamroyevning aytishicha, Rossiya hukumatining so‘nggi qadamlari ozodlik va hurlikka qarshi boshlagan amallarining ko‘rinishidir.

Inson haqlari tashkilotlariga bosim o‘tkazishda Rossiya O‘zbekistondan o‘rnak olayapti, deydi Bahrom Hamroyev.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi