"Muxtor Ablyazov Rossiyaga ham, Ukrainaga ham ekstraditsiya qilinmaydi"

Image copyright RIA Novosti

Frantsiya kassatsiya mahkamasi qozog‘istonlik korchalon Muxtor Ablyazovni ekstraditsiyasini talab qilayotgan Rossiyaga ham, Ukrainaga ham topshirmaslik haqida qaror chiqargan.

Mahkama qarori haqida "Frans Press" axborot agentligi xabar tarqatgan.

Bundan oldin Frantsiyaning Eks-an-Provans shahrining mahkamasi Qozoq bankirini Rossiya yoki Ukrainaga ekstraditsiya qilish haqida qaror qabul qilgan edi.

Muxtor Ablyazov topshirilishini Qozog‘iston ham talab qilgan, biroq Frantsiya bilan Qozog‘iston o‘rtasida ekstraditsiya haqida bitim imzolanmagani sababli Qozog‘istonga bera olmaydi.

Chorshanba kuni Frantsiya Kassatsiya mahkamasi Eks-an-Provans shahri mahkamasi qarorini bekor qilgan. Biroq mahkamadagi boshqa tafsilotlar hozircha noaniq.

"Bugun Parijdagi kasatstsion mahkama Abzalov ekstraditsiyasi haqidagi qarorni bekor qildi va ishni ko‘rib chiqish uchun Eks-an-Provans shahri mahkamasiga qaytardi", deydi Ablyazovning himoyachisi Mark Feygin.

Feyginga ko‘ra, ekstraditsiyaning bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilgan protsessual kamchiliklar sabab. Himoyachining fikricha, Ablyazov ishi ochiq siyosiy sabablarga ega va uning topshirilishi Ekstraditsiya haqidagi konventsiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish hisoblanadi.

Muxtor Ablyazov Qozog‘istonda Qozoq BTA Bankidan bir necha milliard dollarlik mablag‘ni o‘g‘irlashda ayblanib, sirtdan hibsga olingan.

Bu bank Rossiya va Ukrainada ham faoliyat yuritadi.

Ablyazov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad qilib keladi.

Muxtor Ablyazov o‘ziga qarshi olib chiqilayotgan ayblovlarni siyosiy sabablarga bog‘laydi va uni "Prezident Nazarboyevning jiddiy raqibi sifatida yo‘qotish yo‘liga tushishganini" aytadi.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti ham Ablyazovga nisbatan shafqatsiz munosabat ehtimoli kattaligini va uning adolatli mahkamaga erishish huquqi qo‘pol buzilishi mumkinligini bildirgan.

Lekin haqligiga ishontirish uchun Ablyazov Londondagi mahkamada hozir bo‘lishi lozim edi. Lekin u mahkamaga bormagan.

2012 yilda London Oliy mahkamasi tomonidan mahkamaga hurmatsizlik bo‘yicha ayblanib, 22 oy qamoqqa hukm etilganidan so‘ng, Ablyazov yashiringan.

O‘tgan yil noyabrida Muxtor Ablyazov ishini ko‘rib chiqqan Angliya Oliy Mahkamasiga ko‘ra, sobiq mulozim BTA bankidan 300 million dollarlik mablag‘ni o‘margan va ayni bankka 400 million dollarni qaytarib to‘lashi kerak.

Uni o‘tgan yil yozida Frantsiya politsiyasi tikucharlar va maxsus kuchlar ishtirokidagi maxsus amaliyotda tutgan.

Ablyazov muqaddam Qozog‘istonning sobiq Energetika va Savdo vaziri bo‘lgan. BTA-Bankning direktorlar kengashini va muxolifatdagi "Qozog‘istonning demokratik tanlovi" harakatini boshqargan.

2009 yili Qozog‘istondan qochib chiqqan. Bunga Qozog‘iston va Rossiyada 70 milliard dollarni o‘marishda ayblov ilgari surilgani sabab bo‘lgan.

"Siyosiy sabablar"

Janob Ablyazov 1990 yillarning oxirida Qozog‘istonning sobiq Energetika va Savdo vaziri lavozimini egallagan va hukumatdagi nufuzli mulozimlar qatorida tilga olib kelingan. 2001 iste‘foga chiqqach, muxolifatdagi "Qozog‘istonning demokratik tanlovi" harakatini boshqargan.

2002 yil Qozog‘iston mahkamasi Ablyazovni xizmat vazifasini suiste‘mol qilish, davlat mablag‘ini o‘marish va noqonuniy tijorat bilan shug‘ullanganlikda ayblab, olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan va 3,5 million dollarlik jarimaga tortgan.

Ablyazov bir yil qamoqda o‘tirgach, Nazarboyev tomonidan kechirilgan va ozod qilingan.

So‘ngra to‘rt yil mobaynida BTA-Bankning direktorlar kengashini boshqargan va muxolifatdagi faoliyatini davom ettirgan.

U 2009 yili bosimlar va qamalish tahdidi yuqoriligi bois Qozog‘istondan qochib chiqishga majbur bo‘lganini aytgan.