Qozog‘istonda ijtimoiy tarmoqlarni mahkama qarorisiz taqiqlab qo‘yish mumkin

Qozog‘istonda "Aloqa to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ijtimoiy tarmoqlarni mahkama qarorisiz taqiqlab qo‘yish me‘yori kiritilmoqda.

Bu haqda tengrinews.kz axborot portali ma‘lum qilgan. Kuzatuvchilar qonunchilikka kiritilayotgan so‘nggi o‘zgartirishlarni mamlakatda so‘z erkinligini cheklash uchun qilinayotgan qadam, deya baholashgan.

Sal oldinroq mish mish tarqatganlar uchun 12 yilgacha jazo belgilangan va favqulodda holatlar vaqtida matbuot mahalliy hokimiyatning ruxsati bilan chop etilishi mumkinligi qonuniylashtirilgan edi.

Endi ijtimoiy tarmoqlar shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazib jinoiy maqsadlarda ishlatilsa yoki tarmoqlarda Qozog‘istonning saylovlar to‘g‘risidagi qonuniga zid xabarlar tarqatilsa Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari ushbu ijtimoiy tarmoqqa kirishni cheklab qo‘yish chorasini ko‘rishi mumkin.

O‘zgartirishda shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda ruxsat berilmagan namoyishlar va ommaviy tartibsizliklarga chaqiruvchi fikrlar yozilgan taqdirda ham o‘sha ijtimoiy tarmoq Qozog‘iston hududida prokuror buyrug‘i bilan to‘sib qo‘yilishi ko‘rsatilgan.

Bungacha bunday choralar mahakama qaroridan so‘ng ko‘rilgan.

"Odil so‘z" jamg‘armasi prezidenti Tamara Kaleyeva Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mamlakatdagi ommaviy axborot vositalarini mahkama qarorisiz yopib qo‘yish huquqini qo‘lga kiritish uchun tinmay harakat qilib kelayotganini aytadi.

"Bosh prokuratura OAV va saytlarni o‘z vakolatidan kelib chiqib, mahkamasiz va tergovsiz yopib qo‘yish huquqini qo‘lga kiritish uchun doim harakat qilib keladi. Shu vaqtgacha bu me‘yor Qozog‘istondagi fuqarolik jamiyatining faolligi tufayli kiritilmagan edi. Bunday urinishlar ko‘p bo‘lgan. Hozirgi holatda esa eng xavfli va huquqqa to‘g‘ri kelmaydigan me‘yorlar qonunga kiritilayotgani aniqlashayapti", - deydi Tamara Kaleyeva.

Kaleyeva xonim so‘nggi vaqtlarda Qozog‘iston hukumati erkinliklarni qonun yo‘li bilan cheklashga harakat qilayotganiga e‘tibor qaratadi.

"Namoyishlar uchun mas‘uliyatni keskinlashtirish, fikrni erkin bildirishga mas‘uliyatni kuchaytirishlarni ko‘rib Qozog‘iston Shimoliy Koreyaga tenglashib borayapti degan asosli xavotirlar paydo qiladi. Qozog‘iston bajarishi shart bo‘lgan demokratik me‘yorlarni unutib qo‘ymoqda", - deydi Tamara Kaleyeva.

Ijtimoiy tarmoqlariga mahkama qarorisiz to‘siq qo‘yilishi Facebook ham muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Siyosatchi Serikjan Mambetalin o‘z sahifasida hukumat Facebookni jilovlashga harakat qilayotgan bo‘lsa tepada jiddiyroq narsa boshlangan bo‘lishi mumkin deya yozadi.

"Men Facebook ni shunchaki yopib qo‘ymasliklarini yozdim. Bu hukumat almashinuvi yaqinlashganidan darak beradi. Izoh bermaslik va muhokama qilmasliklari uchun ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘yishi mumkin", - deydi Serikjan Mambetalin.

Mambetalin janoblarining aytishicha, Facebook Qozog‘istonda "V kontakte" ijtimoiy tarmog‘idan so‘ng eng ommabop sayt hisoblanadi.

So‘nggi vaqtlardagi namoyish va aktsiyalar aynan Facebook orqali tashkillashtirilgani inobatga olinsa, hukumatning xavotirlanishiga asos bordek.

"Facebook orqali namoyish tashkil qilish bor narsa. Chunki so‘nggi vaqtlardagi namoyishlarning asosiy qismi Facebook orqali tashkillashtirildi. Bizda muxolif matbuoti deyarli yo‘q. Varaqa tarqatish tajribasi rivojlanmagan. Shuning uchun ham odamlar bo‘ladigan tadbir haqida Facebook orqali xabar topishadi", - deydi Serikjan Mambetalin.

"Liberty" jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Galim Ageleuov hukumatning so‘z erkinligi va boshqa erkinliklarni bo‘g‘ish uchun qilayotgan harakatlari fuqarolik jamiyatini tuzishga qarshi zarba bo‘lishini aytadi.

"Ijtimoiy, siyosiy muammolarning yechilmasligi, siyosiy islohatlarning olib borilmasligi va mamlakatda yaxshilanish uchun o‘zgarishlarning bo‘lmayotganligi odamlarning o‘z qobig‘iga o‘ralib qolishiga olib kelishi mumkin. Ular o‘z muammosini qonuniy yo‘l bilan emas, balki yechimni ko‘rmaganda birlashib, ijtimoiy portlashni yuzaga keltirishi mumkin", - deydi Galim Ageleuov.

"Oldil so‘z" jamg‘armasi prezidenti qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgartirishlar Ukraina hodisasiga bevosita bog‘liqligini aytadi.

Hukumat so‘nggi hodisalardan xavotirga tushib qolgan bo‘lishi va shu yo‘l bilan ayrim tadbirlarni olayotgan bo‘lishi mumkin.

Biroq "Liberty" jamoatchilik jamg‘armasidan Galim Ageleuov bunday yo‘l tutish noto‘g‘riligini aytadi.

"Albatta, ular shunday bahonanini ishlatishi mumkin. Balki bu narsaga ishonishlari ham mumkin. Lekin bu ularning noto‘g‘ri yo‘lda ekanligini bildiradi. Chunki hozir kuchli bo‘lish uchun turli fikr, g‘oya va huquqi ta‘minlangan fuqarolik jamiyatiga tayanish kerak. Hukumat mitinglarni bostirishning o‘rniga xalqning dardiga quloq solsa va muammoni yechsa shunda umumiy harakat boshlanadi", - deydi Galim Ageleuov.