Ovro‘po parlament assambleyasi Rossiyaning Qrimdagi amallarini qoraladi

Image copyright AFP

Ovro‘po Kengashi Parlament Assambleyasi Qrimni qo‘shib olgani uchun Rossiya qoralangan rezolyutsiya qabul qilgan.

Assambleya rezolyutsiyasi uchun 154 ovro‘polik parlament a‘zosi ovoz bergan.

Hujjatga qarshi 26 ovoz berilgan, 14 ta betaraf ovoz yig‘ilgan.

Ovro‘po Kengashi Parlament Assambleyasi "Rossiya harbiy bosqini va buning ortidan Qrimni qo‘shib olganini keskin qoralaydi. Bu xalqaro huquq me‘yorlari, shu jumladan, BMT nizomi, OBSE Xelsinki Akti va Ovro‘po Kengashining asosiy tamoyillarini buzishdir", deyiladi rezolyutsiyada.

"Rossiya o‘zining Ukrainadagi harakatlarini oqlash uchun ishlatayotgan birorta ham argumenti fakt va isbotlarga asoslanmagan", deyiladi Ovro‘po Kengashi hujjatida.

"Qrimda 2014 yil 16 mart kuni tashkil qilingan referendum deb atalgan narsa Qrim konstitutsiyasi bo‘yicha ham, Ukraina konstitutsiyasi bo‘yicha qonuniy emas. Bundan tashqari, xabar qilinayotgan saylovchilar ishtiroki va natijalar haqiqatga yaqin ko‘rinmaydi", deyiladi rezolyutsiyada.

Parlament Assambleyasi hujjatida aytilishicha, Qrimni Rossiyaga qo‘shish harakati "Rossiya hukumati tomonidan tashkillashtirilgan".

Ovro‘po Kengashi Parlament Assambleyasi Ukraina yangi hokimiyati va Ukraina parlamentini qonuniy deb e‘tirof etadi va ular qabul qilgan qarorlarni ham to‘g‘ri deb biladi.

Ovro‘po Kengashi Parlament Assambleyasi ushbu tashkilot tarkibida Rossiya hay‘atining vakolatlari masalasini ham ko‘rib chiqish, Rossiyani assambleya sessiyalarida ovozdan mahrum qilishni ham muhokamaga qo‘ygan.

Assambleya majlisidan keyin Rossiya hay‘ati tashkilotdan chiqib ketish ustida bosh qotirayotganini ma‘lum qilgan.

Bu haqda Rossiya delegatsiyasi rahbari Aleksey Pushkov aytgan.

"Biz bizni a‘zolikdan chiqarib yuborishni xohlayotgan tashkilotga osilib olmoqchi emasmiz", deb aytgan Rossiya hay‘ati rahbari.