Meri O'Konnor: "O‘zbekiston juda go‘zal, lekin odamlarning ko‘zlarida g‘amginlikni ko‘rdim"

Image caption Meri O'Konnor - rassom va suratkash

BBC mehmoni - Markaziy Osiyoga ko‘ngil qo‘ygan irlandiyalik suratkash Meri O'Konnor.

Meri O'Konnor 2000-yildan beri zamonaviy san‘at bilan shug‘ullanib keladi. U 2003 yilda Olma-otaga ko‘chib o‘tishi ortidan, Markaziy Osiyo uning ilhom parisiga aylangan.

Uning yangi "Choy va gurung" (Chai and Chat) nomli kitobida Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohatida uchratgan insonlarining rang-barang suratlari mujassam bo‘lgan.

O'Konnor xonimning o‘tgan yili chop qilingan muvaffaqiyatli ilk kitobi - "Telbalarcha muhabbat" (Head over Heels) chop qilinishini ortidan, barcha nusxalari sotib bo‘lingan.

Unda ham suratkashning O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bo‘ylab qilgan safarlari chog‘ida olgan suratlari yig‘ilgandi.

"Men Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning ajoyib odamlari bilan vaqtimni o‘tkazishni juda yaxshi ko‘raman, ular bilan choy ustida suhbat qurish, hushchaqchaq onlarni kameram bilan qayd qilib olish mening eng yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotim", - deydi Meri O'Konnor.

Suratkashning asarlari Qozog‘istondagi kundalik turmushidan tortib, mintaqaning go‘zal tabiati, qor qoplagan cho‘qqilar qo‘ynilaridagi o‘tovlardan tortib, qizigan bozorlarni aks ettiradi.

Meri O'Konnor suratlarini tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing

Uning kitoblariga Markaziy Osiyoda yashovchi qator xorijiy yozuvchilar - Pol Bartlet, Nadin Kassas, Joanna Lillis va boshqalar o‘z hikoyalari bilan hissa qo‘shganlar. Kitobdan Hamid Ismoilov va Filip MkDonaning she‘rlari ham o‘rin olgan.

Kitob nogiron bolalar va yetim bolalarga tibbiy yordam yetkazib beruvchi Olma-otada joylashgan Dara jamg‘armasi tomonidan chop qilingan.

Muallif kitob savdosidan tushgan foyda to‘laligicha ana shu jamg‘armaga berilishini aytadi.

Meri O'Konnor Irlandiyaning Veksford shahrida tug‘ilgan. Dublinda dizayn mutaxassisligi bo‘yicha ta‘lim olishi ortidan, London va Yangi Zelandiyada interer dizayneri bo‘lib faoliyat yuritgan.

2000 yilda u Markaziy Amerikaning Beliz davlatiga ko‘chib o‘tgan. Belizdagi ranglar unga rassomlik mo‘yqalamini qo‘lga olishga ilhomlantirgan.

2003 yilda u muhandis turmush o‘rtog‘iga hamrohlik qilib Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan va shu kungacha Olma-otada yashab kelmoqda.

Meri O'Konnor tinglovchilarimiz va saytimiz o‘quvchilari savollariga Dublindagi uyidan javob berdi.

Salom Meri. Nima uchun Markaziy Osiyoga qiziqib qolgansiz? Irlandiyalik oilangiz va do‘stlaringiz nima deb o‘ylashadi bu qiziqishingiz haqida? Qozog‘istonda siz kelgandan beri nimalar o‘zgardi, demokratiya oshdimi yo kamaydimi?Axror, London

O'konnor: Mening turmushim o‘rtog‘im 11 yil avval Olma-otadan Bishkekkacha yotqizilayotgan yo‘l qurilishi loyihasiga muhandis bo‘lib ishga yollandi. O‘sha vaqtda Qozog‘istonga oilamiz bilan ko‘chib o‘tdik. Hech bir oila a‘zomiz yo do‘stimiz Qozog‘iston qayerdaligini bilmasdi. Lekin, hamma u mintaqa bilan qiziqib qolishgandi. Lekin, mana endi 11 yil o‘tib, biz u yerda yashayotganimizga hamma o‘rganib qoldi. Qachonki yangiliklarda Markaziy Osiyo haqida xabar chiqsa, menga sim qoqishadi va "Eshitdingmi, Qozog‘istondan fazogir kosmosga uchib ketibdi?" deb so‘rashadi, men esa: "Qozog‘istondan fazogirlar har hafta kosmosga uchib ketadilar", deb javob beraman. Umuman aytganda, Angliya va Irlandiyadagi do‘stlarim hammasi qiziqib qolishgan bu mintaqaga, chunki avvallari ular Markaziy Osiyo haqida hech nima bilmaganlar. Ko‘plari bizni kelib ko‘rishadi, Qozog‘istonda mehmon bo‘lishadi. O‘zgarishlarga keladigan bo‘lsak, juda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Ana shu o‘zgarishlar menga ikkita kitobimni chiqarishga turtki berdi. Ayniqsa Qozog‘iston ancha zamonaviy va ancha ochiq jamiyatga aylandi. Bir necha yil avval Qozog‘iston Osiyo O‘yinlariga mezbonlik qildi, aynan shu davr menga o‘zgarishlarning boshlanishidek tuyuldi. Chunki mahalliy xalq birinchi marta xorijliklarning oqimiga duch keldi. O‘sha o‘yinlar o‘tishi ortidan, mahalliy aholining dunyoqarashida qandaydir burilish yuz bergandik tuyuldi menga. Ular Markaziy Osiyo endi yashirin va chekka bir hudud emas, balki keng jahonning bir qismi deya o‘ylay boshlashdi, va ularda ochiqlik, bag‘rikenglikni seza boshladim. Yana bir o‘zgarish shuki, biz kelib o‘rnashgan paytimiz odamlar asosan ruscha gaplashishardi, hozir esa hamma yerda qozoq tilida gaplashishadi.

Yevropaliklarning Osiyoga qiziqishining asosiy sababi nimada ko‘rasiz?O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

O'konnor: Sabablar ko‘p. Albatta, neft va gaz kabi minerallar tufayli ko‘p ovro‘poliklar u yerga ishlash uchun borishadi. Qadimiy Ipak yo‘li ham xorijliklarni Markaziy Osiyoga ohanrabodek o‘ziga chorlaydi. Ipak yo‘li odamlarni hududning tarixiga qiziqishiga sabab bo‘ladi. Undan tashqari, Sovet tarixiga ishqiboz bo‘lgan odamlar ham Markaziy Osiyoga safar qilishni yaxshi ko‘radilar. Chunki Sovet Ittifoqining ba‘zi eski aspektlari saqlanib qolgan.

Assalomu alaykum! Avvalo bizning madaniyatimiz va xalqimizga bo‘lgan hurmatingiz uchun ta‘zimdaman. Lekin G‘arbda Markaziy Osiyo haqida hech qanday ma‘lumotga ega bo‘lmaganlar, hattoki O‘zbekiston degan davlat borligini bilmaydiganlar ham borligi sir emas. O‘zbekiston, va umuman Markaziy Osiyo, haqida G‘arb xalqlariga bildirish uchun qanday ishlar amalga oshirilsa samarali bo‘ladi deb o‘ylaysiz?Otabek, Seul

O'konnor: Avvalambor, O‘zbekiston ajoyib turizm sanoatiga, undan tashqari, o‘ta go‘zal tarixiy obidalariga ega. G‘arbliklar bu obidalarni juda yaxshi ko‘rishadi. Menimcha, bu qiziqishni yanada oshirish uchun turizm sanoati orqali targ‘ibot ishlarini muntazam ravishda davom ettirish kerak. Sayyohlar oqimi yildan yilga farq qiladi. Masalan, hozirgi kunga qaraganda 10 yil avval ko‘proq britaniyaliklar O‘zbekistonga borganlar. Bu ma‘lumotni menga O‘zbekistondagi gidlarim berishdi. O‘ylashimcha, agar G‘arb sayyohlari kelishini istasa, O‘zbekiston shu davlatlar bilan muntazam ravishda do‘stona aloqalarni olib borishi kerak, va o‘zining bebaho ziyoratgohlarini targ‘ib qilishi kerak. Chunki hozirda sayyohning oltida juda katta tanlov bor, shunday ekan, targ‘ibotni kuchaytirish kerak. Markaziy Osiyoga kelgan har bir sayyoh uchun mehmondo‘stlik, ajoyib tarixiy obidalar kafolatlangan.

Suratga olishning qanday zavqi bor? Bu kasbga qiziqishingizga sabab nima bo‘lgan?O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

O'konnor: Men ko‘p yillar avval kollejda suratkashlikka o‘qiganman. Har doim unga qiziqishim katta bo‘lgan. O‘tgan 10 yil ichida men mo‘yqalam bilan suratlar chizib keldim. Lekin, Markaziy Osiyodagi ba‘zi narsalar meni yana suratkashlikka qo‘l urishimga sabab bo‘ldi. Shundan beri qiziqishim va tajribam kundan kunga ortib bordi. Suratkashlik men uchun bir tashlab bo‘lmaydigan odatga aylandi.

Kasb qiyinchiliklaridan hech azob chekkanmisiz?O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

O'konnor: Yo‘q, hech qachon. Men kimnidir suratga olishimdan oldin, ular bilan suhbatlashaman, qandaydir insoniy aloqaga kiraman. Ruscha gapirishim menga yordam beradi. Men Markaziy Osiyodagi odamlarni juda yaxshi ko‘raman va hurmat qilaman. Ular biz g‘arbliklarga qaraganda, ba‘zi hollarda juda qiyin va juda boshqacha turmushni boshdan kechirganlar. Balki shuning uchundir, ular mening kameramdan uyalishmaydi. Hech qachon hech qanday to‘siqni sezmaganman. Aksinsa, ular mening suratkashligimga qiziqish bilan yondoshishadi. Bu kabi ochiqlik G‘arbdan qanday farq qilar ekan, bilmadim, chunki oxirgi yillarda men faqat Markaziy Osiyoda suratkashlik qilayapman. Markaziy Osiyoliklar tashqaridan qat‘iy, jiddiy odamlar bo‘lib ko‘rinishadi, lekin ular bilan suhbatga kirib, ko‘ngillariga yo‘l topsangiz, ular dunyodagi eng yumshoq odamlar ekanini sezasiz. Men Markaziy Osiyoda eng chuqur va ma‘noli do‘stlikdan bahramand bo‘layapman.

Siz Dunyo bo‘ylab ta‘qib qilinadigan va taqiqlanadigan fotograflar qismatiga qanday qaraysiz? Masalan, Umida Ahmedova. Nima uchun ba‘zi hukumatlar fotograflardan qo‘rqadi?Farhod, Moskva

O'konnor: Markaziy Osiyodagi ba‘zi hukumatlar juda ko‘p narsalardan qo‘rqishadi, faqat fotograflardan emas. Suratkashlik jurnalistikaning bir qismidir, va voqe‘lik, afsus, shundayki u hukumatlar ba‘zi narsalarning ochiqlanishidan manfaatdor emaslar. Shaxsan mening suratlarim ko‘proq san‘at va insonlarning kundalik hayotiga bog‘liq. Men kimnidir hafa qilishi yoki xavotirga solishi mumkin bo‘lgan jihatlarga tegmayman. Lekin, ba‘zi masalalarni jamoatchilikka olib chiqishni xohlagan fotograflardan hukumatlar nima uchun qo‘rqishlarini men tushunaman. Bu Markaziy Osiyo hukumatlariga xos bo‘lgan tabiat.

Sharq odamlarining sizga yoqqan uch xislatini ayta olasizmi?O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

O'konnor: Menga yoqadigani shuki, Sharqda odamlar zaminga yaqinroqlar, ularning yer bilan rishtalari mustahkam. Ovro‘poda, o‘ylashimcha, biz o‘z ildizlarimizni biroz unutganmiz. Bir misol keltiray. Olma-otada yaqinda bir hamkasbim vafot etdi va biz uning dafn marosimiga bordik. Bu rus ayol biz bilan 11 yil ishlagandi. U vafot etgunga qadar u bilan naqadar yaqin bo‘lib qolganimizni anglamagan ekanmiz. Qozog‘istondagi dafn marosimlari G‘arbdagidan juda farq qilar ekan. Tobut to go‘rgacha ochiq bo‘lishi bizni juda ta‘sirlantirdi. Hammamiz ko‘p yig‘ladik. Lekin, buning yaxshi bir tarafi shuki, biz barcha g‘am-anduhimizdan qutulib oldik. G‘arbda esa hamma narsa yopiq, tobut ham, ichki kechinmalar ham... Yana bir misol, sizlar Markaziy Osiyoda o‘z hovlingizda yo dala hovlingizda o‘z meva yo sabzavotlaringizni yetishtirasiz, va bu ham bir an‘ana. Shuning uchun, menga Sharqdagi odamlarning o‘z ildizi, o‘z yerlari bilan yaqinligi menga yoqadi. Afsuski, G‘arbda bu rishtani uzib qo‘yganmiz...

BBC: O‘zbekiston bo‘ylab ko‘p safar qilibsiz. O‘zbekiston haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

O'konnor: O‘zbekiston juda go‘zal, lekin ayni damda g‘amgin bir joy. Men u yerda bo‘lganimda ko‘p g‘amginlikni sezdim. Balki, bu xislarim u yerdagi hukumat bilan bog‘liqdir... U yerdagi tarixiy va me‘morchilik obidalariga bizni olib borishdi, hammasini ko‘rib huzur oldik, lekin men O‘zbekistonda erkinlik yo‘qligini xis etdim. Qayerga borishimiz, nimalar qilishimiz nazorat ostida edi. Odamlarning ko‘zlaridagi g‘amni ham xis qildim. Masalan, Orol dengiziga va Qoraqalpog‘istonga borganimda, u yerdagi ekologik fojeaga guvoh bo‘ldim. O‘sha butun mintaqa meni qayg‘uga soldi. U yerda men Oktyabr Do‘spanov degan inson bilan tanishdim, va u mening "Telbalarcha muhabbat" kitobimga hikoya yozib berdi. Hikoyada u yosh bolakay bo‘lib Mo‘ynoqda katta bo‘layotganida, Orol dengizi hali ham Mo‘ynoqda bo‘lganini xotirlaydi. Orol qirg‘oqlari so‘ngra asta-sekin yo‘qolib borgan. U davrlarda Mo‘ynoqda 130 ming odam yashagan va bu joy beshta baliq zavodiga ega bo‘lgan. Hozir esa u yerdagi aholi soni 9 ming kishi, xolos. Bu Oktyabrning hayoti. Menga bu juda g‘amgin tuyuldi. U yerda bo‘lgan voqealarni men yirik fojea deb bilaman.

Tojikiston haqida nima deya olasiz?O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

O'konnor: Tojikistonni sevib qoldim! Juda ham yoqdi menga. Odamlari, tog‘lari... Bir kun juda bir chekka qishloqda yurgandik, va tog‘ bo‘ynida toshdan qurilgan kichik uychaga ko‘zimiz tushdi. Bu Afg‘oniston chegarasiga yaqin joy edi. Uydan bir qiz chiqdi, u juda-juda qashshoq edi, hech vaqosi yo‘qligi ayon edi. U bizni uyiga taklif qilib, qatiq bilan mehmon qildi. Men o‘shanba o‘ylanib qoldim, biz G‘arbda shuncha narsaga egamiz, lekin hech qachon yot odamni uyimizga chaqirib, mehmon qilmaymiz. Bu qashshoq qizning sahiyligidan men juda ta‘sirlandim. Lekin, Tojikistonda men O‘zbekistondagidek g‘amg‘inlik yo qayg‘uni sezmadim.

Oilangiz haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

O'konnor: Mening bir qizim bor. U yaqinda 13 yoshga to‘ldi. Qozog‘istonga ko‘chib o‘tganimizda, u ikki yoshda edi. Meyv hozir bemalol rus tilida gapiradi, va biz u bilan juda faxrlanamiz. Umr yo‘ldoshim, hali aytganimdek, muhandis. Butun oilamiz bilan Markaziy Osiyoda yashab kelayotganimizdan juda xursandmiz. Qizim deyarli butun umrini shu kungacha Olma-otada o‘tkazdi. Bilasiz, bolalar har narsaga o‘rganib ketishadi. Men har yili ikki oyga uni Irlandiyaga o‘z amaki va xolavachchalari bilan o‘ynashi uchun olib kelaman. U Irlandiyada ham, Qozog‘istonda ham o‘zini qulay sezadi. Unga Qozog‘istonda chang‘i uchish juda yoqadi, chunki u Olma-ota yaqinidagi Chimbuloqqa bor, ajoyib chang‘ichiga aylandi. Xalqaro maktabida esa u ham rus, va ham qozoq tillarini o‘rganadi.

BBC: Kitoblaringiz nogiron bolalar va yetim bolalarga tibbiy yordam yetkazib beruvchi Olma-otada joylashgan Dara jamg‘armasi tomonidan chop qilingan ekan. Nima uchun bu jamg‘arma bilan hamkorlik qilishga qaror qildingiz?

O'konnor: Ha, kitoblarim Qozog‘iston va Markaziy Osiyoda qashshoq va nogiron bolalarga yordam beruvchi notijoriy Dara jamg‘armasi uchun chop qilindi. Men bu jamg‘armani juda hurmat qilaman, unga 10 yil avval Gulnor Do‘siyeva asos solgandi. U bir qator do‘konlar ochgan, va ulardan keladigan foydaning 100 foizi nogiron bolalarga yordam uchun sarflanadi. Mening kitoblarimdan tushadigan foydaning ham 100 foizi bolalarga sarflanadi. Kitoblarimning o‘ta qo‘lma-qo‘l bo‘lishiga mintaqadagi yozuvchi do‘stlarimning hikoyalari ham sabab, chunki ular kitoblarimga butkul bepul ravishda o‘z hikoyalari bilan hissa qo‘shdilar. Kitoblarimni sotib olish orqali bolalarga yordam berishni istagan tinglovchilar www.kennys.ie yoki www.maryoconnorart.com saytlariga kirib, ularga buyurtma berishlari mumkin.

Your contact details
Disclaimer