Markaziy Banki besh ming so‘mlik pullarni muomaladan olinishini rad qildi

Image caption Besh ming so‘mlik pullar 2013 yil 1 iyuldan chiqarila boshlangan

O‘zbekiston internet nashrlari "Soliq info"ga iqtibosan xabar qilishicha, respublika Markaziy Banki besh ming so‘mlik qog‘ozpullarga doir xabarlarni rad etgan.

Ayni paytda aholi orasida besh ming so‘mlikda qandaydir kamchilik topilgani va vaqti bilan muomaladan butunlay olinishi to‘g‘risida mish-mishlar keng tarqalgan.

"Bu mish-mishlar hech qanday asosga ega emas. Besh ming so‘mlik kupyuraning dizayni parlamentning yuqori palatasi tomonidan tasdiqlangan va unda hech bir kamchilik yo‘q", deb aytgan Markaziy bank vakili "Soliq info" nashriga.

Markaziy Bank o‘tgan yilning 1 iyulidan boshlab, besh ming so‘mlik pullarni foydalanishga chiqargan edi.

O‘zbekiston milliy valyutasi - so‘m dastlab 1994 yil 1 iyulda muomalaga kiritilgan.

1997 yilda 1,3,5,10,50 va 100 so‘mlik pullar qatorida 200 so‘mlik chiqarilgan. 2000 yil iyunda esa 500 so‘mlik, 2001 yilda ming so‘mlik kupyuralar joriy qilingan.

Odamlar kichik so‘mlar va tangalar ishlatilmay qolganiga ancha yillar bo‘lganini aytishadi.

Besh ming so‘mlik qog‘oz pullar haqidagi mish-mishlarni muhokama qilayotgan internet foydalanuvchilariga ko‘ra, rasmiylar har doim muddatidan oldin sizib chiqqan xabarlarni tasdiqlashga shoshmaydilar. So‘ngra baribir bu haqda xabarni tarqatishlariga to‘g‘ri keladi.

"Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi", degan maqolni keltiradi foydalanuvchilardan biri izoh qoldirarkan.