Qrimning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi

Qrim Davlat Kengashi majlisida Qrimning yangi konstitutsiyasi bir ovozdan qabul qilingan.

Majlisda ishtirok etgan 88 deputatning barchasi yangi konstitutsiyani quvvatlagan.

Yangi qonun matniga ko‘ra, Qrim Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi demokratik, huquqiy davlat hisoblanadi va uning hududi Rossiyaning ajralmas qismi sanaladi.

Qrim Konstitutsiyasi loyihasi juda qisqa muddatda tuzilib, Moskvaga taqdim qilingan va Kreml tomonidan ma‘qullangani aytilgandi.

Konstitutsiya loyihasini tayyorlash komissiyasi Davlat Kengashi prezidumi tomonidan 21 martda tasdiqlangan edi.

Komissiya tarkibiga prezidium a‘zolari, deputatlar, huquqshunoslar, siyosiy va tarix fanlari mutaxassislari kiritilgan. Ularning orasida rossiyalik mutaxasislarning borligi ma‘lum emas.

Qrim deputatlari shuningdek Simferopolni Putin nomiga o‘zgartirishni taklif qilgan edilar.

Konstitutsiya parlamentning nashri bo‘lgan "Krymskiye izvestiya"da chop etilgach, qonun kuchga kirgan hisoblanadi.

Shu hafta boshida Ovro‘po Ittifoqi Parlament Assambleyasi Qrim anneksiyasini qoralagan, bu xalqaro belgilangan qonunlarga zid ekanini aytgan.

Payshanba kuni OIPA Rossiyaning Ukrainaga aralashuvi uchun yil oxirigacha ovoz berish huquqidan mahrum qilgan, shuningdek assambleyaning rahbarlik organlarida ishtirok etish va saylovlarni kuzatishga ruxsat berilmaydi.

Bu qarorni yoqlab 145 kishi ovoz bergan, 21 qarshi va 22 betaraf qolgan. Rossiyaliklar ovoz berishmagan.

Rossiya delegatsiyasi norozilik belgisi sifatida assambleya sessiyasini tark etgan.