XMT: "O‘zbekistonda bolalar paxta terimiga majburlanmagan"

Image copyright Reuters

O‘zbekistonda monitoring olib borgan Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘tgan galgi paxta mavsumida bolalar jalb etilgani yuzasidan biron bir dalil topmaganini aytgan.

Bu boradagi xulosalar Toshkentda "Xalqaro Mehnat Tashkiloti bolalar majburiy mehnatiga oid Konventsiyasi" mavzuida o‘tgan seminar chog‘i yangragan.

Qariyb yetti yillik muzokaralar ortidan O‘zbekiston hukumati Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari mamlakatda kuzatuv olib borishlariga izn bergan. Va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston fermerlar kengashi bilan hamkorlikda Bolalar mehnati bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilgandi.

Ushbu kengash o‘tgan yilning sentyabr-oktyabr oylarida paxta yig‘im - terimi davrida bolalar mehnatiga oid monitoring o‘tkazgan.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti xulosalari ayni mana shu monitoring ortidan berilgan.

"Biz O‘zbekiston haqidagi savollarga javob bermaymiz"

BBC Xalqaro Mehnat Tashkilotining Jenevadagi qarorgohiga bog‘lanib, chiqarilgan xulosalar qanday dalillarga asoslangani xususida so‘rarkan: "O‘zbekiston borasidagi biron bir savolga mutlaqo javob bermaymiz", degan javobni oldi.

Ismi sharfini ham bayon qilishni istamagan tashkilot xodimasi "O‘zbekiston bilan bog‘liq masala o‘ta nozik"ligi, mavzu "hozir embargo ostida ekani" hamda "ushbu ish bo‘yicha javob berishi mumkin bo‘lgan mas‘ul O‘zbekistonda"ligi hamda uning telefon raqamlarini berolmasligini aytdi.

O‘zbekistondagi inson huquqlari faollariga ko‘ra esa, ular faqat Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari kelishlari haqida eshitishgan, ammo bu tashkilotdan hech kim bilan ko‘rishishmagan.

"Ularning kelishi ma‘lum bo‘lganidan keyin biz kutdik, bizga o‘xshagan tashkilotlar ham bor O‘zbekistonda... Bolalar mehnatidan foydalanilayotgani haqida huquq himoyachilari xabar tarqatdimi, Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari shu huquq himoyachilari bilan ishlashi kerak edi. Nimagadir birov kelib uchrashmadi ham. Monitoring qanday o‘tkazilganidan mutlaqo bexabarmiz", deydi O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.

"Biz aynan bolalar paxta terimiga safarbar etilayotgani boradasida xabar tarqatganmiz, dalillar taqdim qilganmiz va monitoring o‘tkazilishini ham biz talab qilganmiz. Lekin, kelgan ekspertlar davlat odamlari bilan ko‘rishishgan. Rasmiylar, albatta, ularni yaxshi joylarga olib borishadi... Boradigan joylarga oldindan aytib qo‘yiladi. Hokimlar hamma joyni to‘g‘irlab qo‘yishadi. Xullas, monitoring birtaraflama olib borilgan", deydi faol.

O‘zbekiston hukumati yillarki paxta-yig‘im terimida majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotganlikda xalqaro tanqidlar ostida qolib keladi, biroq o‘zbek rasmiylari bu kabi hollar amalda ekanini doimo rad etib kelishgan.

O‘tgan yil "Paxta kampaniyasi" tashkiloti tomonidan chiqarilgan hisobotda o‘zbek hukumati fermerlarni tizimli ravishda davlat paxta rejasini bajarishga, bolalar hamda kattalarni paxtani terib olishga majburlagani xususida aytilgandi.

2013 yilgi paxta mavsumida 1 milliondan ortiq odam paxta terimiga majburlangan, ularning ichida balog‘atga yetmagan bolalar ham borligi urg‘ulangandi.