Muvaqqat bosh vazir Ukraina sharqiga safar qilmoqda

Ukraina bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Arseniy Yatsenyuk mamlakat sharqiga safar qilmoqda.

U Ukrainadan mustaqil bo‘lishni istashlarini e‘lon qilgan mintaqalardagi rossiyaparast namoyishchilar bilan uchrashishga qaror qilgan.

Muvaqqat bosh vazir Arseniy Yatsenyukning Donetsk shahriga borishi, "Donetsk xalq respublikasi" barpo etilganini e‘lon qilgan bo‘lginchilar bilan uchrashishi xabar qilingan.

Arseniy Yatsenyuk Donetsk viloyati va shahri rahbarlari va boshqa mahalliy rahbarlar bilan uchrashadi.

Ikki kun oldin Ukraina Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Avakov Ukraina sharqidagi inqiroz 48 soat mobaynida yo kuch qo‘llash yoki muzokaralar yo‘li bilan hal etilishi haqida e‘lon qilgan edi.

Muvaqqat bosh vazirning sharqiy Ukrainaga safari bu mamlakat inqirozi Rossiya bilan Ovro‘po o‘rtasidagi gaz ta‘minoti va qo‘shinlar jamlanishi bilan bog‘liq taranligini yanada kuchaytirgan paytga to‘g‘ri kelgan.

10 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qator Ovro‘po mamlakatlari rahbarlariga maktub yo‘llagani xabar qilindi.

Bu maktublarda Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida gaz ta‘minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan inqiroz Ovro‘po mamlakatlarida gaz taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirish bitilgani aytilgan.

Shu kuni Ovro‘po Kengashi Parlament Assambleyasi Rossiyaning 48 mamlakatdan iborat bu tashkilotdagi ishtirokiga bog‘liq huquqlarini bekor qilishini ma‘qullab ovoz bergan.

10 aprel kuni NATO mart oyining oxirgi kunlari va aprel oyining dastlabki kunlarida Ukraina sarhadlarida tasvirga olingan fotosurat va xaritalarni e‘lon qilgan.

Ularda Ukraina chegarasi oldida Rossiya ko‘p sondagi harbiylari, tank vaqiruvchi uchoqlarini jamlagani aks etgan.

Qator mamlakatlar Rossiya Ukraina chegarasiga yaqin hududlarda 40 mingtacha qo‘shinini yig‘ayotgani va Rossiya Ukrainaga qo‘shin kiritishni rejalayotgani haqida xabar tarqatganlar.

Rossiya qo‘shinlarini jamlaganini rad etadi.