14 yoshli kelinchak erini zaharlab o‘ldirdi

Bunga uydagilari tomonidan otasi tenggi erkakka majburan uzatilgan Vasilu Umarning o‘zi iqror bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, hodisa Nigeriyaning asosan musulmonlar yashovchi shimoliy Kano shtatida yuz bergan.

Mahalliy politsiyaning aytishicha, Vasilu erining ovqatiga margimush solib, uni o‘ldirgan.

Xuddi o‘sha zaharlangan ovqatni tanavvul etib, yana uch kishining hayotdan ko‘z yumgani va 10 nafarining kasalxonaga yotqizilgani ham aytiladi.

Nigeriya shimolida esa, yoshgina qizaloqlarni bola boshi bilan otasi tenggi erkaklarga uzatish hollari keng tarqalgan.

Deylik, otasi bor-yo‘g‘i 14 yoshda bo‘lgan Vasiluni 35 yashar kishiga majburan erga bergan.

Vasilu to‘yidan bir hafta o‘tib, bu kabi mudhish qotillikka qo‘l urgan.

Nigeriyada bo‘lgan muxbirimizning aytishicha, Islomiy politsiya erta nikoh hollarining oldini olishga urinib, zo‘ravon otalarni jazolashni ham yo‘lga qo‘ygan.

Ammo, hozircha, ular ko‘rayotgan bunga o‘xshash chorayu amallar ham ish bermayotgan ko‘rinadi.

Vasiluni esa, qilgan ishi ortidan, endi mahkamaga tortilishi kutilmoqda.

Faqat Nigeriyada emas

Image copyright Getty

O‘tgan yili yamanlik qizaloqlarning ayanchli taqdirlari ham xalqaro miqyosda jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lgandi.

Agar, mahalliy faollarning ma‘lumotlariga tayanilsa, Yamanda nigeriyalik Vasilu kabi boshiga bu kabi ko‘rgulik tushayotgan qizaloqlarning soni oz emas.

Deylik, 11 yoshli Vafoni ota-onasi 40 yashar erkakka bergan.

Vafo o‘z eri tomonidan jinsiy zo‘rlangan va qiynoqqa solingan.

Faqat faollar aralashibgina, uni eridan ajratib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

11 yoshli Favziya esa, to‘ng‘ich bolasini dunyoga keltirish chog‘ida hayotdan ko‘z yumgan.

Majburan erga berilgan 12 yoshli Salva boshiga tushgan ko‘rguliklarga chidolmay, o‘zini tomdan tashlab, o‘ldirgan.

Rasman qayd etilmagan, ammo keng xabar berilgan boshqa bir hodisada esa, 8 yashar qizaloq ilk nikoh kechasidan so‘ng olgan ichki jarohatlari tufayli qazo qilgan.

Ammo ko‘pchilik oilalarni qizchalarining taqdiridan ko‘ra, ko‘proq kuyov tomonidan olajak qalinu, sarpo-surug‘lari qiziqtirarkan.

Yaman Inson Huquqlari vazirligidan bildirishlaricha, nikoh yoshini rasman belgilab beruvchi qonunni qabul qiling deb, turli darajadagi hukumat idoralariga murojaat qilaverib, eslari ketgan.

Vazirlik vakillariga ko‘ra, busiz qizaloqlarni majbur nikohlaru zo‘ravonliklardan asrab bo‘lmaydi.

Qo‘shni Afg‘oniston ham mustasno emas

Image copyright BBC World Service

Yillarki, afg‘onistonlik inson huquqlari faollari ham yoshgina qizaloqlarning otasi tenggi erkaklarga majburan uzatilishi hollaridan jiddiy xavotir izhor etib kelishadi.

12 yoshida turmushga uzatilgan Sahar Gulning kechmishi yaqinda butun dunyoni larzaga solgan va Afg‘onistonning o‘zida ham kishilarning qahru g‘azablariga sabab bo‘lgandi.

Yosh boshi bilan o‘zidan ancha katta kishiga erga tegishga majbur bo‘lgan Sahar Gul eri va uning yaqinlari tomonidan shafqatsiz qiynoqqa solinadi.

Ular Sahar Gulni yerto‘lada och-nahor saqlashadi, tirnoq va sochlarini sug‘urib olishdan tashqari, badanini sigaret cho‘g‘i bilan kuydirishadi.

Image caption Sahar Gul yosh boshiga tushgan ko‘rgo‘liklar ortidan...

O‘tgan yili afg‘on politsiyasi o‘lishiga bir bahya qolgan Sahar Gulni qutqarib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Afg‘oniston qonunchiligida nikoh yoshi qilib 16 yosh belgilangan.

Ammo afg‘on qizlarining yarmidan ko‘prog‘i bu yoshga yetmasdan erga berib yuboriladi.

Deylik, o‘tgan yili Afg‘oniston shimolida bangi otasi qizini bir parcha yer evaziga sotib yuborgandi.

Mahalliy faollarga ko‘ra, afg‘on hukumati qashshoqlikni aritish va odamlarning huquqiy savodxonliklarini oshirish yo‘lida jiddiy chora-tadbirlarga qo‘l urmas ekan, yosh-yosh qizchalarning taqdiri xavf ostida qolaveradi.