Buxorolik savdogarning o‘limi yoki Veymardagi arvoh hikoyasi

Image copyright none
Image caption 1920 yillarda Berlin...

1920 yillar boshlarida Veymar respublikasi poytaxti Berlinga kelgan badavlat savdogar Izomshohning taqdiri ne kechgandi? U tasodif qurboni edimi yoki Sho‘rolar josuslari nishoniga aylanganmi?

Uning oilasi hamon haqiqatni bilishni istaydi. Men bu haqda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi hamkasbim va Izomshohning chevarasidan eshitganman.

Oila so‘zlab beradigan tarixga ko‘ra, oxirgi marta u ona tuprog‘ini Buxoro Xalq Sovet Respublikasi raisi Fayzullo Xo‘jayevning topshirig‘i bilan tark etgan.

Izomshoh Olmoniyada tahsil olayotgan markaziy osiyolik talabalarga moliyaviy dastak yetkazish lozim edi. Biroq, bevaqt o‘lim unga zimmasiga yuklangan vazifasi nihoyasiga yetkazish imkonini bermaydi.

Buxorani tark etishidan oldin Izomshoh o‘z rafiqasiga ketar manzili Olmoniya shimolidagi Hamburg shahri ekanini aytgan. Shunday ekan, u qanday qilib Berlinga borib qolgan?

Shu yerda men ikkinchi manba‘ga murojaat qilaman: bu - tarixchi Nusratillo Naimov. Naimov bu haqda 1997-1998 yillar o‘rtalarida "Buxoro haqiqati" gazetasida 6ta maqola chop qilgan.

Ulardan birida Buxorodan 3 kishidan iborat iqtisodiy hay‘at Berlin markaziy stantsiyasiga yetib kelgani, ular sirli shaxs bilan uchrashib, u bilan shahar chetidagi mehmonxonaga borishgani tilga olinadi. Ertalab esa, hay‘at a‘zolari barchasi o‘lik holda topilgan. Oshxonadan sizib chiqqan gaz xonani to‘ldirgan va hech kim qayta ko‘zini ochmagan.

Bu rostdan ham gaz edimi?

Image copyright none
Image caption Qizil yulduz ordeni - qisqa umr ko‘rgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasidan qolgani...

Ular nima uchun mehmonxonaga oldin rejalanganidek taksida ketishmagan? Endi bu savollarga faqat marhumlarning ruhlarigina javob berishi mumkin.

Aftidan, biz hech qachon Izomshoh o‘zi hay‘at tarkibida bo‘lgan edimi yo‘qmi degan savolga ham javob topa olmaymiz.

Hodisalar Sovet imperiyasining ilk kunlaridagi jiddiy kelishmovchilik bilan bog‘langan ekan, qotillik ortida qanday omil yotgani borasida taxmin qilishimiz mumkin. Ushbu qarama-qarshilik tarixiga nazar tashlash uchun men uchinchi manba‘dan foydalanaman: u - Istanbuldan "Xorijda Turkiston kurashi" kitobi muallifi Ahad Andijon.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mavjud bo‘lgan qisqa davrda Fayzullo Xo‘jayevning xavotirlaridan biri uning iqtisodiy taraqqiyoti bo‘lgan.

Garchi, respublika don, paxta, jun, quruq meva, qorako‘l va ipak eksport qilishni boshlagan esa-da, sanoat abgor holatda edi.

Sovet hukumatining Buxoroga mutaxassislar guruhini jo‘natish istagi yo‘q ko‘rinardi. Xullas, Xo‘jayev va boshqa islohotchilar qator yoshlarni ilm olishlari uchun Olmoniyaga yo‘llashga qaror qilishadi. Aksar ota-onalar bolalarini chetga jo‘natishga qarshi bo‘lganlari bois ushbu tavakkal amalga yetim bolalar tanlanadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, guruh tarkibida 40 nafar turkistonlik, 6 nafar tatar va 4 yahudiy, shuningdek, Turkiston Muxtor Sovet respublikasidan o‘zbek va qozoq millatiga mansub katta yoshli bir necha talaba ham bo‘ladi. Xo‘jayev 1922 yil sentyabrida ularni Olmoniya safariga hozirlaydi.

Guruhga bir ziyoli, islohotchilar harakati an‘anadorlar qanoti rahbari va Buxoro Amiri saroyida xizmat qilgan ikki shifokor hamrohlik qiladi.

Bolalar Olmoniyaga yetib borganlaridan so‘ng nemis tilini puxta o‘rganishlari uchun oilalarga joylashtiriladi. Ular avval o‘rta maktabga qatnaydilar, keyin pedagogik va texnologik bilim yurtlarida, shu bilan birga Berlin, Drezden, Xeydelberg va Darmshtadtdagi universitetlarda tahsil olishadi.

Sovet hukumati janubiy respublikalarida nazoratini mustahkamlar ekan, musulmon aholi va bolsheviklarga xayrixoh bo‘lmagan ruslar yo-da, panturkist turklar bilan aloqalariga xavotir bilan qarashadi.

Sovet chegaralaridan tashqarida sotsialistik tuzumni savol ostiga oluvchi g‘oyalar yoyilishini oldini olish imkonsiz edi.

Bolalarning maktabga kirishlarini to‘xtatish va uyga qaytarish uchun maxsus josuslar jo‘natiladi. Yoshi kattaroq talabalarga o‘qishlarini davom ettirishga ruxsat beriladi, ammo ular Sovet Ittifoqiga sodiq qolish va nomaqbul do‘stlar orttirmaslik yuzasidan ogohlantirilishadi.

Yuqorida tilga olgan Buxoroning iqtisodiy hay‘ati Olmoniya bilan tijoriy aloqalarni o‘rnatishi, evaziga esa, talabalarning moliyaviy ehtiyojlari uchun yordam olishlari lozim bo‘lgan.

Bu Sovet Ittifoqining birdamligiga tahdid bo‘lib ko‘ringan va Naimov o‘z maqolasida aytmoqchi va mening toshkentlik hamkasbim ishongani kabi qotillikka omil bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi?

Alal-oqibat, 1930 yillar Sovet Ittifoqi janubida yangi tashkil qilingan respublikalariga qaytgan talabalarning barchasi hibsga olingan va yo muhojirotga ketgandi. Ulardan bir nafarigina omon qolgan.

Shu asno ular Markaziy Osiyo ziyolilari boshiga tushgan taqdirni bo‘lishdilar - tiriklar yodidan chiqmaydigan ruhlarga aylandilar?