Eron BMTdagi elchisiga AQSh vizasi berilmaganidan g‘azabda

Image copyright AFP

Eron Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida yangi elchi etib tayinlagan Hamid Abutolibiyga AQSh vizasi berilmaganini qoralagan.

Eron hukumati elchini almashtirmasligi va o‘z diplomatiga viza bermagani uchun AQShga qarshi huquqiy choralar ko‘rishini aytmoqda.

Eronga ko‘ra, Amerikaning viza so‘rovini rad etishi qonunga ziddir.

Amerika rasmiylariga ko‘ra, Hamid Abutolibiy 1979 yilda Amerika bilan Eron munosabatlari to‘xtatilishiga olib kelgan Tehrondagi AQSh elchiligi xodimlarini garovga olishda ishtirok etganlardan biridir.

O‘tgan haftada AQSh Kongressi agar elchilik xodimlari tahdid tug‘dirishi ehtimoli bo‘lsa ularga AQSh vizasi rad etilishiga ruxsat beradigan qonunni qabul qilgan.

Eron Kongressning bu qarorini qoralab chiqqan.

Bu qonun kuchga kirishi uchun prezident imzolashi talab qilinadi.

Oq Uy voizi Jey Karney so‘zlariga ko‘ra, prezident "qonun maqsadiga hammaslakdir".

Xalqaro qonunchilikka binoan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a‘zo davlatlarning vakillariga AQSh viza berishi kerak.

Image copyright Getty

Bungacha 1998 yilda AQSh BMTda nutq so‘zlashi kerak bo‘lgan Falastin rahbari Yosir Arofatga viza bermagan, ushbu qarorni Birlashgan Millatlar qoralab chiqqan edi.

Hamid Abutolibiy borasidagi Amerika qaroriga BMT hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

Eronga ko‘ra, janob Abutolibiy eng tajribali diplomatlaridan biridir.

Bungacha u Eronning Belgiya, Ovro‘po Ittifoqi, Italiya va Astraliyadagi elchisi lavozimlarida ishlagan.

Hamid Abutolibiy 1979 yilda garovgirlardan biri bo‘lmaganini aytgan.

Tehrondagi AQSh elchixonasi Eron islomiy inqilobi payti garovga olingan.

Elchixonada bo‘lgan 52 amerikalik 444 kun davomida garovda ushlab turilgan.

Janob Abutolibiyning aytishicha, garovga olgan talabalar keyinroq undan tarjimon bo‘lishni iltimos qilganlar.

Eronning BMTdagi elchisi bilan bog‘liq mojaro Eronning boshqa davlatlar bilan yadroviy dasturi borasidagi hamkorligi kuchaygan, munosabatlar iliqlashishi kuzatilgan paytda yuz bermoqda.