Putin o‘zi va Medvedevning maoshini qariyb uch barobarga ko‘tardi

Image copyright ap
Image caption Kremlga ko‘ra, Putin va Medvedev hozirgacha "eng kam haq to‘langan" davlat odamlari bo‘lishgan

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zi va Bosh vazir Dmitriy Medvedevning maoshini ikki yarim barobardan ko‘proqqa oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

11 aprel kuni imzolangan va Kremlning rasmiy saytida e‘lon qilingan farmon imzolangan ondan boshlab kuchga kiradi.

Joriy yilning o‘zida Putin qator Rossiya hukumati mulozimlarining ish haqlarini ko‘targan.

O‘tgan juma e‘lon qilingan daromadlar to‘g‘risidagi bayonnomaga ko‘ra, 2013 yilda Prezident Putinning daromadlari 2012 yildagidan 2 million rublga kam bo‘lgan.

Uning matbuot kotibi oradagi farqni ikki yil avval to‘langan ta‘til puli bilan izohlagan.

Bosh vazir Medvedev ham o‘tgan yili bulturgidan kamroq pul ishlagan.

2012 yilda janob Medvedevning daromadlari 5.8 million, 2013 da esa 4.26 million rublni tashkil etgan.

"Vedomosti" nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, Prezident Putinning oylik maoshi qariyb 280 ming rubl, Bosh vazir Medvedevniki esa 215 ming rublni tashkil etadi.

Janob Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Prezident va Bosh vazir so‘nggi yillarda oliy hokimiyatning eng kam haq to‘lanadigan vakillari bo‘lib kelishgan.

"Amaldorlar, Prezident ma‘muriyati va Oq uy xodimlarining maoshlari ko‘tarilgan payt ularniki ko‘tarilmagandi. Bu maoshlarning kechikib ko‘tarilishidir", - deb aytgan janob Peskov "Exo Moskvy" radiosi bilan suhbatda.