Endi O‘zbek hokimlari xalq arz-dodiga quloq soladigan bo‘ladimi?

O‘zbek Senati "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida" deb nom berilgan qonunni qabul qilgan.

Bu qonun qabul qilinishidan oldin O‘zbekistonning ikki viloyatida shaffoflik eksperimenti 1 yil davomida o‘tkazildi.

Samarqand va Buxoro viloyatlarida hokimlar va mahalliy idora-tashkilotlarning rahbarlari odamlardan qochmasdan, muloqot qilishga "o‘rgatilgan".

O‘zbek Senati qarori haqida O‘zbek matbuoti xabar qilishicha, ushbu qonun fuqarolarning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, ular faoliyatining shaffofligini, ochiqligini ta‘minlashga, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar sifati uchun javobgarligini oshirishga qaratilgan".

Xo‘sh, yangi qonun O‘zbek jamiyatini naqadar ochiq qiladi, amaldorlarni "hokimiyatning asosiy manbasi bo‘lgan xalq"qa hisobot berishga undaydi? BBC ushbu savol bilan Ochiq Jamiyat Institutining Toshkentdagi vakolatxonasi sobiq rahbari, bugun Londonda istiqomat qilayotgan siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovga murojaat qildi.

Alisher Ilhomov: Bu jamiyat ochiqligi va xalqqa hisob berish yo‘lida tashlangan juda kichik qadam. Aslida davlat organlari odamlarga hisobot berishlari, arz va shikoyatlarga quloq tutishlari lozim. Biroq bu qadam - ma‘muriy yo‘l bilan yuqoridan pastdagilarga buyruq shaklida tushirilgan amal ish beradi, deb o‘ylamayman. Sababi, u tuzumning mohiyatini, jamiyat bilan davlatning, hukumat bilan xalqning o‘zaro munosabatini o‘zgartirmaydi. Dunyo tarixida, ko‘plab mamlakatlarda amaliyotda sinovdan o‘tgan hisobdorlik, shaffoflik va o‘zaro bog‘liq faoliyatga doir institutlar va mexanizmlar allaqachon mavjud. Bular haqiqiy saylovlar, saylovlarning erkinligi ta‘minlanganligi. Bunday sharoitda davlat amaldorlari yoki siyosiy rahbariyat jamiyat oldidagi o‘z zimmasidagi vazifa va majburiyatni bajara olmasalar, hukumatdagi kursilaridan ayriladilar. Bu hukumat o‘zini qanday tutishi lozimligi borasida jamiyat ta‘sir ko‘rsata oladigan real richagdir. Keyingisi erkin matbuot. U amaldorlarning faoliyatida xato-kamchiliklarni ko‘rsa, ma‘muriy organlar o‘zini jazolashi yoki qamoqqa tashlashidan qo‘rqmasdan, ochiqchasiga yozadi. Bu misollar demokratik mamlakatlarda jamiyat ochiqligi uchun ish berayotgan haqiqiy mexanizmlardir. Biz esa O‘zbekistonda hozircha bu real mexanizmlarni ko‘rayotganimiz yo‘q. Hukumat ularni joriy etish haqida bosh qotirayotgani ham yo‘q. Hukumat xalq oldida hisobot berayapti degan fikrni uyg‘otish uchun mana shunday byurokratik tashabbuslar yuqoridan pastga tushirilayapti. Men bu tashabbuslarning samarasi nolga teng bo‘ladi, degan fikrdaman. Ma‘lum bir muddat sessiya-konferentsiyalar uyushtiriladi, hisobot berish, telefon orqali "qaynoq liniya"lar tashkil qilinadi, birozdan keyin esa bular hammasi yoddan ko‘tarilib ketadi. Mana bir yil davomida Samarqand va Buxoro viloyatlarida davlat organlarining ochiqligi bo‘yicha eksperiment o‘tkazildi. Bu eksperimentlar qanday natija berdi, hayotda nimani o‘zgartirdi - oddiy odamlar bu haqda hech narsa bilishmaydi.

BBC: Siz nima deb o‘ylaysiz, O‘zbek hukumatini jamiyat ochiqligi, hukumatning xalq oldidagi javobgarligi haqida gapirishga undashiga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin? Buni agar xalqning arzu-dodiga quloq solinmaydigan bo‘lsa, ahvol yomon bo‘lishi mumkin, deya, "Arab bahori" hodisalaridan chiqarilgan xulosa deyish mumkinmi?

Alisher Ilhomov: Ha, markaziy hukumatda shunday xavotir bo‘lishi mumkin. Ya‘ni, aholi nima bilan yashayapti, ularning o‘y-tashvish va muammolari nimadan iboratu-hukumat tepasidagilar qanda yashayapti, xalq bilan hukumat o‘rtasida haddan ziyod katta jarlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, degan fikr. Ular bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalq ovoziga quloq tutishimiz kerak, deb chin dildan qayg‘urayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo, men yana bundan oldin aytgan fikrimni takrorlayman, siyosiy tuzumni o‘zgartirmasdan turib, shaffoflik va hisobdorlikning real mexanizmlarini barpo etmasdan turib, real hayotda amaliy bir natijalarga erishishga mening ko‘zim yetmaydi. Yaxshi niyat niyatligicha qolib ketishi mumkin.

BBC: Balki hali demokratiya institutlari G‘arbdagidek rivojlanmaganini inobatga olib, jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni mana shu shaklda asta-sekin kengaytirib borgan ma‘quldir?

Alisher Ilhomov: Bilasizmi, siyosiy madaniyat markaziy hokimiyatning boshqalarni tarbiyalashga harakat qilishi, amaldorlarning oddiy odamlar bilan muloqot qilishga o‘rgatishiga o‘xshagan yo‘llar bilan o‘stirilmaydi. Bu yetarli emas. Siyosiy madaniyat real demokratiya sharoitida shakllanadi. Tabiiyki, demokratiya oyoqqa turayotganining ilk davrida demokratik institutlar endi-endi shakllanayotgan paytda qandaydir xatolarga yo‘l qo‘yiladi. Ekstremistik amallarga qo‘l uriladi. Populizm orqali ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritishni xohlaydigan liderlar yuzaga keladi. Bu misollar hamma jamiyatlar boshidan o‘tkazishi muqarrar sanaladigan jarayonlardir. Bu jarayonlar yakunida siyosiy rahbarlar orasida kimning kim ekanligi ko‘pchilikka ayonlashadi. Ana shundan keyin hamma narsa o‘z joyiga tushishni boshlaydi. Albatta, bunday institutlashish bir kechada yuz berib qolmaydi, hatto bir yilda ham. Hali siyosiy madaniyatning fundamentiga ega bo‘lmagan totalitar tuzumdan to‘laqonli siyosiy demokratiyaga o‘tishning ilk davrlari og‘riqli bo‘ladi. Hamma narsa konservatsiya qilingan, totalitar tuzumdan demokratiyaga tomon birorta ham qadam tashlanmagan O‘zbekistonda esa siyosiy madaniyat darajasi tubanligicha qolaveradi.