Taniqli O‘zbek yozuvchisi Zohir A‘lam vafot etgan

Image copyright pixland.uz

Taniqli O‘zbek yozuvchisi Zohir A‘lam 71 yoshida Toshkentda yurak xurujidan vafot etgan.

Zohir A‘lam 1943 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

1965 yilda Toshkent Davlat Universitetining filologiya bo‘limini tugatgan.

Adibning "Baxtli bilet" deb nomlangan birinchi kitobi 1972 yilda chop etilgan.

Zohir A‘lamning1978 yilda "Muqaddima", "Hammasi bir binoda", "BAM manzaralari" deb nomlangan kitoblari, 1981 yili "Kiyik ko‘zlari" va "O‘sma ketar, qosh qolar" kitoblari, 1985 yilda "Ota o‘gitlari", 1987 yili "Zarb" kitoblari, "Muqaddima" va "Kiyik ko‘zlari" nasriy to‘plamlari nashr qilingan.

Publitsist sifatida Zohir A‘lam "Boyovut", "Mayiz atrofidagi gaplar", "Jomboy hangomalari" deb nomlangan asarlarini ham nashr etgan.

U dramaturg va tarjimon sifatida ham tanilgan.

Zohir A‘lamning "Afandining qirq bir pashshasi" p‘esasi respublika teatrlarida qayta va qayta sahnalashtirilgan, rus va bulg‘or tillariga ham tarjima qilingan.

Zohir A‘lam bolgar mumtoz adabiyoti namoyandasi Pavel Vasilevning "To‘siq", "O‘lchamlar" kabi qissalari, rus adibi Sergey Zaliginning "Komissiya" romanini o‘zbek tiliga o‘girgan.

U Sho‘rolar Ittifoqi parchalanishi arafasida qayta qurish va oshkoralik epkinlari esgan yillarda O‘zbekistonda O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish, atrof-muhit muhofazasi muammolarini ko‘tarib chiqishda faol ishtirok etgan.

Zohir A‘lam O‘zbekistonda kommunistik rejimga muxolif "Birlik" Xalq Harakati barpo etilishi tepasida turgan ziyolilardan biri bo‘lgan.

O‘zining hikoya qilishicha, u 1988 yilda Do‘rmondagi Yozuvchilar bog‘iga tashrif buyurgan eston shoirasi Sire Ruutsoo bilan tanishadi, u bilan suhbatlari ta‘sirida 1988 yilning avgustida "O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati" ro‘znomasida Estoniya "Xalq Fronti" haqidagi birinchi maqolani chop etadi.

Uning ortidan "Xalq Fronti" faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Boltiqbo‘yiga safar qilgan adib Tallinnda "Xalq Fronti"ning s‘ezdida qatnashadi va estonlarning mustaqillik uchun kurashini dastaklab, nutq so‘zlaydi.

1988 yilning noyabr oyi boshida Toshkentga qaytgan Zohir A‘lam O‘zbekistonda ham milliy mustaqillik uchun kurashuvchi "Xalq Fronti" kabi tashkilot tuzish fikrida bo‘lgani va hamfikrlarni izlashga tushganini aytadi.

U va boshqa ziyolilarning harakatlari samarasi o‘laroq, shu yilning 11 noyabrida shoir va hofiz Dadaxon Hasanning uyida "Birlik" Xalq Harakatining ta‘sis majlisi bo‘lib o‘tadi.

Zohir A‘lam harakatning raisdoshi etib saylanadi.

1990 yildagi bo‘linishdan so‘ng "Erk" partiyasiga o‘tgan Zohir A‘lam bir muddat partiyaning ikkinchi kotibi vazifasini bajargan.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Zohir A‘lamning asarlari e‘lon qilish taqiqlangan.

U o‘zining qalamiga mansub asarlar maktab darsliklaridan olib tashlangani va 2006 yilda uning p‘esasi asosida taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan "Bir kuni afandi" badiiy filmi namoyishi taqiqlab qo‘yilganini aytgan.

Bundan roppa-rosa uch yil oldin Zohir A‘lam BBC mushtariylari va radiotinglovchilarining savollariga javob qaytargan edi.