Osiyodagi havo ifloslanishi dunyo iqlimini o‘zgartirishi mumkin

Image copyright GETTY IMAGES

AQSh Milliy fanlar akademiyasi (PNAS) olimlarining taxmin qilishlaricha, Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi havo ifloslanishi butun shimoliy yarim shardagi iqlimning o‘zgarishiga ta‘sir qilishi mumkin.

Olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, havodagi toksik qorishmalar Tinch ummonida kuchli to‘fonlar paydo bo‘lishiga olib kelishi aniqlangan.

Ummondagi to‘lqinlar Shimoliy Amerikada iqlimiy tizimlarni o‘zgartiradi, bu ayniqsa qish mavsumida kuchli seziladi.

Havoning ifloslanishi ob-havo o‘zgarishiga kompleks ta‘sir qiladi.

Shu bilan birga boshqa tadqiqot ko‘rsatishicha, ummondagi to‘fonlar havoning ifloslanishini kamaytirishga ham hissa qo‘shadi.

Kaliforniya texnologiya instituti reaktiv harakat laboratoriyasidan yetakchi xodim Yuan Vangning aytishicha, "Havoning ifloslanishi ko‘rsatadigan ta‘sir juda tashvishli. Baland va quyuq bulutlar orasidagi ifloslanishlar og‘ir oqibatlar qoldirishi mumkin".

Image copyright AP

Zaharli atmosfera

Osiyoning katta qismi havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda eng yuqori darajalarni tashkil qiladi.

Xitoy poytaxti Pekinda havoni ifloslantiruvchilar tez-tez eng xavfli darajalarga yetishi kuzatilmoqda. Ayni paytda Hindiston poytaxti Dehlida Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan darajadan ko‘p parlanish borligi aytilgan.

Bu omillar ushbu mintaqalarda yashovchi insonlarning sog‘ligiga og‘ir ta‘sir ko‘rsatishidan tashqari, boshqa oqibatlari ham bo‘lishi haqida yangi dalillar paydo bo‘lmoqda.

Buni aniqlash uchun, AQSh va Xitoylik tadqiqotchilar Osiyodagi ifloslanishlarning oqibatlarini yaqqolroq ko‘rishda kompyuter modellaridan foydalanishgan.

Tadqiqot guruhiga ko‘ra, kichik miqdordagi ifloslangan chastitsalar shimoliy Tinch ummoni mintaqasi ustida portlatilishi natijasida, ular havodagi suv tomchilari bilan reaktsiyaga kirishgan.

Olimlar fikricha, juda ham kichik ifloslangan chastitsalar Tinch ummonining shimoliy qismida bulutlarning yanada qalinlashishiga va ummon ustida bo‘ronni harakatini kuchayishiga olib kelgan.

Doktor Yuan Vanga ko‘ra, "Tinch ummonidagi bo‘ron global umumiy tsirkulyatsiya uchun muhim qism hisoblansa, tsiklon yo‘lida bo‘lgan Osiyodagi ifloslanish dunyoning boshqa qismlari, ayniqsa Shimoliy Amerika kabi quyi oqimdagi mamlakatlarga qish mavsumida ob-havoning kuchli o‘zgarishiga ta‘sir ko‘rsatadi".

Professor Elli Xayvud shunday deydi: "Atmosferaning ifloslanishi nafaqat mahalliy, balki dunyoning boshqa joylariga ham ta‘sir qilishi mumkinligi haqida tobora ko‘proq anglamoqdamiz".

"Bu yerda shunday fikrlar aytildiki, Shimoliy Atlantika ustidagi aerozollar Shimoliy Atlantika ustidagi bo‘ronlarga ta‘sir ko‘rsatadi, va Janubiy Osiyo ustidagi mussonlar butun dunyo bo‘ylab tsirkulyatsiyaga ta‘sir qilishi mumkin".