"Putin Ukrainadagi bo‘lginchilarni tizginlasin"

Image copyright bbc
Image caption Ukraina sharqidagi 10ga yaqin shaharda ma‘muriy binolar rossiyaparast guruhlar tomonidan egallab olingan

AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Putinni Ukrainadagi tanglikni yumshatishga ko‘mak berishiga da‘vat qildi.

Janob Obama sharqiy Ukrainadagi bo‘lginchilarni tinchlatish uchun Rossiyalik hamkasbi o‘z ta‘sirini ishga solishi lozimligini ta‘kidladi.

Bu haqda AQSh Prezidenti Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali so‘zlashuv mobaynida aytgan.

O‘z navbatida janob Putin Rossiyaning Ukrainadagi hodisalarga aralashuvi haqidagi xabarlarni "ishonchsiz", deya ta‘riflagan.

Oq Uyning ma‘lum qilishicha, telefon so‘zlashuvi Rosiiya tomonining so‘rovi bilan amalga oshirilgan.

AQSh ma‘muriyati bayonotida aytilishicha, prezident Obama Rossiya hukumatining Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan qurollangan rossiyaparast bo‘lginchilarni qo‘llayotganidan chuqur xavotir izhor qilgan.

"AQSh Prezidenti Ukrainadagi hamma noqonunuiy qurolli kuchlar qurollarini tashlashlari va prezident Putin bu qurollangan, rossiyaparast guruhlarni egallab olgan binolarni tashlab chiqishlariga ishontirish uchun o‘z ta‘sirini ishlatishga da‘vat qildi", deyiladi Oq Uy bayonotida.

Ayni vaqtda AQSh ma‘muriyati jazo choralari kengaytirilishi ehtimoli haqida ham ogohlantirgan.

Shu bilan birga Ovro‘po Ittifoqi jazo choralari qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sohalar ro‘yxatini kengaytirishini ma‘lum qildi.

Ukraina sharqidagi qator shaharlarda esa rossiyaparast faollar ma‘muriy binolarni egallab olishlari ortidan tang vaziyat saqlanib qolmoqda.

BBC muxbirining Donetsk shahridan xabar qilishicha, rossiyaparast olomon jurnalistlarga ham hujum qilishgan.

Rossiya matbuotidagi tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Slovyansk va Kramtorsk shaharlari tomon harakat qilmoqdalar.

Slovyansk shahri yaqinidagi bo‘lginchilar tomonidan o‘rnatilgan nazorat nuqtasiga tunda hujum qilingan, lekin qurbonlar yo‘q.

Sharqiy Ukrainadan prezidentlikka nomzod, rossiyaparast siyosatchi sifatida ko‘rilgan Olex Tsarev namoyishchilar hujumiga uchraganidan so‘ng jurnalistlar o‘ngida ko‘zi ko‘kargan holda paydo bo‘ldi.

Hozirda minglab Rossiya askarlari Ukraina bilan chegaraga yaqin hudularga olib kelingan. Kiyev rasmiylari rossiyaparast guruhlarga qarshi har qanday amal mamlakatga tajovuzga turtki berishidan xavotirdalar.

Ma‘muriy binolarni egallab olganlarga u yerdan chiqib ketish uchun dushanba kuni tongga qadar ultimatum berilgan bo‘lsa ham, muddat o‘tib ketishi bilan rasmiylar tomonidan hech qanday choralar ko‘rilmagan.

Hammasi bo‘lib Ukraina sharqidagi 10 ta shaharda ma‘muriy binolar egallab olingan.

Ba‘zi hududlarda ular kengroq muxtoriyat talab qilayotgan bo‘lsalar, boshqalarida Rossiya Federatsiyatsiyasi tarkibiga qo‘shilishni talab qilmoqdalar.

Ukraina muvaqqat Prezidenti bu masalalar yuzasidan referendum o‘tkazilishi g‘oyasini qo‘llab chiqqan. Lekin ko‘rinishicha u mahalliy referendumlar emas, umummamlakat referendumini nazarda tutgan.

12 aprel kuni rossiyaparast guruhlar poltsiya binosini egallab olgan Slovyansk shahrida Rossiya Prezidentiga murojaat yo‘llab, ularga ko‘mak berishni so‘raganlar.