Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Kunlar isishi bilan O‘zbekistondan mehnat muhojirlarining oqimi ko‘payadi Image copyright BBC Uzbek
Image caption Kunlar isishi bilan O‘zbekistondan mehnat muhojirlarining oqimi ko‘payadi

Qozog‘iston tomoni qo‘shni davlat bilan avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida ma‘lum qilgan. Bu haqda Senatdagi kengaytirilgan yig‘inda muhokama bo‘lib o‘tgan, deya xabar beradi tengrinews.kz sayti.

Senat deputatlari "Qozog‘iston Reuspublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik haqidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida" qonun loyihasini tasdiqlashdi.

Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi transport qatnovi masalasini yechishni ko‘zda tutadi. Qonun tashabbuskorlari ushbu transport qatnovi eng muammoli masala bo‘lib qolayotganini ta‘kidlashgan.

"Davlatlarimiz o‘rtasida mana 11 yildirki avtobusi qatnovi yo‘q. Buni nima deb ta‘riflashni ham bilmaymiz. Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, har kuni chegarani 1,5-2 ming atrofida odam kesib o‘tadi", - degan Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksey Volkov.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida havo va temir yo‘llar bo‘ylab qatnov yo‘lga qo‘yilgan. Mutaxassislar avtobus va yengil mashinalar qatnovining ham yo‘lga qo‘yilishi transport yo‘lagining paydo bo‘lishiga olib kelishini aytishmoqda.

Olma ota shahridan Nukusga haftasiga bir marta poyezd qatnovi mavjud. Qozog‘iston tomoni 2014 yilning yozida Olma ota - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha tez yurar poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yishini ma‘lum qilgan edi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi o‘tish nuqtalari eng muammoli ekanligi haqida ko‘p yozilgan.

O‘zbekistoni va Qozog‘iston chegara postidan o‘tayotgan yo‘lovchi poyezd o‘rtacha 3 soat tekshiruvdan o‘tadi.

"Ipak yo‘li" chegara posti 24 soat ishlasada chegaraning ikki tomonida ham uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘lib qolishi haqida aytiladi.

Kunlar isib boshlagan ayni vaqtda O‘zbekiston tomonidan Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun boruvchi mehnat muhojirlarining katta oqimi yuzaga keladi.

Bir necha soatlik navbat va baqir chaqirdan eson omon o‘tib olgan bu odamlar chegarada kutib turgan avtobuslarga o‘tirib Qozog‘istonning ichki hududlariga yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri minglab chaqirim olisdagi Rossiya bo‘lgalariga ketadi.

Qozog‘iston parlamenti a‘zolari bundan uch yil oldin qo‘shni O‘zbekiston bilan chegara o‘tish nuqtalarida muammolar ko‘payib ketayotganidan xavotir bildirgandi. Deputatlar chegarada vaziyatni yaxshilash maqsadida ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga qo‘shimcha bayonnoma imzolangandi.

Qozog‘iston Senat deputatlari bundan ikki yil oldin O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yengillashtirilgan chegara o‘tish nuqtalari ochish taklifi bilan chiqqan edi.

Your contact details
Disclaimer