Janubiy Koreyada yo‘lovchi kema halokatga uchradi

Kemada asosan maktab o‘quvchilari bo‘lgan Image copyright Reuters
Image caption Kemada asosan maktab o‘quvchilari bo‘lgan

Janubiy Koreyaga tegishli kema yo‘lovchilarini qutqarish ishlari davom etmoqda. Bortida 476 odam bo‘lgan parom Inchxon g‘arbiy bandargohidan Cheju kurort oroliga yo‘nalgan. Asosan maktab o‘quvchilarini ortib olgan paromda qutqaruv ishlarini amalga oshirish uchun 34 kema va 18 tik uchar qatnashmoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, kamida bir yo‘lovchi halok bo‘lgan.

Mahalliy hokimiyat ayni damgacha 147 kishining boshqa kema bortlariga olinganini xabar berdi.

Qutqaruvchilar yo‘lovchilarga parom bilan qo‘shilib cho‘kib ketmaslik uchun suvga sakrash va qutqaruvchilarni kutishni maslahat bergan.

Ko‘plab yo‘lovchilarning taqdiri noma‘lumligicha qolmoqda.

Hodisa joyidan olingan tasvirlarda yonboshga ag‘darilib qolgan paromning asta sekinlik bilan suv ostiga cho‘kayotgani aks etgan.

Axborot agentliklarining yozishicha, kema mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 9 da Byugpong orolidan 20 chaqirim masofadan falokat haqida signallarni jo‘nata boshlagan.

Yonxam agentligining xabar berishicha, paromning halokatga uchrash sababi hozircha aniq emas. Kemaning halokatga uchrashidan oldinroq muammoga duch kelgani taxmin qilinmoqda.

"Biz kuchli zarbani eshitdik, shundan so‘ng kema to‘xtadi, keyin esa bir tomonga og‘a boshladi", - deya YTN agentligi yo‘lovchilardan biridan iqtibos keltiradi.

Seuldan BBC muxbiri Lyusi Uilyamsonning xabar berishicha, paromda suzgan bolalarning g‘azabga to‘lgan ota onalari maktabga yig‘ilgan. Ular yomon ob-havo haqidagi xabarga qaramasdan paromning nima sababdan dengizga chiqqaniga javob talab qilishmoqda.