Qozog‘istonga Georgiyev lentasi kerakmi?

Image copyright RIA Novosti

Qozog‘istondagi Internet ijtimoiy tarmoqlarida Georgiyev lentasining ommalashuvidan xavotirlar bildirilmoqda.

Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alaba nishonlanadigan 9 may arafasida Qozog‘istonda qora va norinj rangdagi lentalarni ushbu urushda ishtirok etganlarning xotirasi uchun taqish odatga kirgan.

Internetdagi faollar ushbu lentani Ukrainadagi rossiyaparast tomon ramz qilib olgani uchun ham Qozog‘istonga xavfli ekanligini ta‘kidlamoqda.

Qozog‘istonda so‘nggi yillarda odat bo‘lgan norinj va qora rangdan iborat Georgiyev yoki Gvardiya lentasini taqish aktsiyasi boshlandi.

Qudratdagi "Nur otan" partiyasining "Jas Otan" yoshlar qanoti Qo‘stanay viloyatidagi jamoat joylarida mingdan ortiq mana shunday lentalarni tarqatib chiqqan.

Ushbu amal ijtimoiy tarmoqlarda qozoq faollarining keskin qarshiligiga sabab bo‘ldi.

Siyosatchi Serikjan Mambetalin o‘zining Facebookdagi sahifasida ushbu atribut Chor Rossiyasining ajralmas bo‘lagi ekanligi va Rossiyaning imperialistik g‘oyalari ta‘siriga tushib qolmaslik uchun ham ushbu lentani targ‘ib qilmaslikka undagan.

"Ukrainadagi rossiyalik bosqinchilarni sirtdan mana shunday lenta orqali tanib olish mumkin. Umid qilamanki, qozog‘istonliklarning uni 9 mayda taqmaslikka aqli yetadi. Chunki mana shu lenta ostida Chor Rossiyasi o‘zining mustamlakachilik siyosatini yurgizgan, shu jumladan Qozog‘istonda ham", - deb yozadi Serikjan Mambetalin.

70 ga yaqin odam Mambetalin janoblarining taklifini yoqtirganini bildirgan.

Ayrim ishtirokchilar, lenta o‘rniga nima ko‘taraylik, axir ruslar bilan g‘alabamiz umumiy bo‘lsa, degan e‘tirozlar bildirgan.

Image copyright AFP

Bunga javoban Sovetlar zavmonida hech qanday lentalarsiz bayramni chiroyli nishonlashgani va bugun uni taqishdan ma‘no yo‘qligi keltirilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu lenta bugunga kelib Rossiyaning tashviqot ramzlaridan biri bo‘lib qolganini aytmoqdalar.

Vyacheslav Gubaylin ismli foydalanuvchi Georgiyev va Gvardiya lentalari umuman boshqa boshqa ramzlar ekanligi, Gvardiya lentasining Chor Rossiyasiyaga aloqasi yo‘qligini ta‘kidlagan.

Biroq boshqa ishtirokchilar esa ushbu ikki lentadagi ranglar bir xilligi va ikkisining umuman farqi yo‘qligini bildirgan.

Tortishuvlarda tomonlar ikki jabhaga bo‘linib qolganini ko‘rish mumkin.

Bir tomon Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilariga hurmatni lenta taqmasdan, ularning holidan xabar olish bilan bildirish kerakligini aytsa, ikkinchi tomon qanday lentani taqish yoki taqmaslik har kimning o‘z huquqi ekanligini va bu yerda hech qanday majburlashga yo‘l yo‘qligini bildirishgan.

Qozog‘istonda Georgiyev lentasiga qarshilik shu vaqtgacha kuzatilmagan.

Biroq Ukraina hodisalaridan so‘ng Rossiyaning biqinida joylashgan va rus millati va rusiyzabonlar anchaginani tashkil qiluvchi Qozog‘istonda bu kabi narsalarga xavotir bilan yondashiladigan bo‘lib qoldi.

Qora tutun va olovni akslantiruvchi ushbu ramz Chor Imperiyasining shonli ordeni sifatida ishlatilib kelingan.

Lenta Sho‘rolar tomonidan mukofot sifatida umuman ishlatilmagan.

Faqatgina 1992 yilga kelib Rossiyada uni qayta tiklashga qaror qilingan.