Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan. O‘n to‘qqizinchi hikoya

Olimjon otasining janozasiga jo‘nab ketgach, ertasi kechgacha xavotir yurdim. Bir men emas, Shuhrat ham "vaqtida yetib borgan bo‘lsin-da, soviganmi-sovimaganmi, otasining yuzini oxirgi marta ko‘rib, qabriga sepiladigan damtuproqni hidlab, aqalli ikki ketmon tuproq tortishga ulgurgan bo‘lsin", degan o‘yda ekan.

Kechqurun ishdan kela solib, akamga qo‘ng‘iroq qildim.

- Men o‘zim telefon qilmoqchi bo‘lib turgandim, - dedi akam allanechuk horg‘inmi, mah-zunmi tovushda. - Xavotir bo‘lmanglar. Aeroportda Olimjonni amakisi ikkovimiz kutib oldik. Olimjon tekshiruvchilarga voyenkomatga yozgan arizasini ko‘rsatdi. Biz otasining qirqi o‘tguncha imkon berishlarini, ma‘rakadan so‘ng ertasigayoq xizmatga jo‘nab ketishini aytdik. Chegarachilarning kattasi Olimjonning otasi o‘lganini eshitib, uning yelkasiga qoqib qo‘ydi. "Voyenkomatdagilar ham odam, ularning ham ota-onasi bor, yigitning ahvolini tushunishar",- dedi u yonidagi askarlarga qarab…

"Yaxshi odam ekan, - dedim Shuhratga akamning aytganlarini so‘zlab berar ekanman. - Yo‘q, biz yuqorining buyrug‘ini bajarishimiz shart, eshagi loydan o‘tib, qochib ketadiganlarning ko‘pini ko‘rganmiz, deyishsa nima qilamiz, deya ikki oyoqni bir etikka tiqib oladiganlar xilidan, na urf-odatlarimizni hurmat qilmaydigan, na inson ko‘nglini tushunmaydigan temir qo‘g‘irchoqqa uchrab qolganda nima bo‘lardi",- dedim.

Men endi ana shunday qo‘g‘irchoqlardan biri haqida misol keltirmoqchi edim, Shuhrat o‘zi ko‘rgan bir gapuqmas to‘g‘risida hikoya boshladi…

Bo‘sh piyolada choy ichmoqchi bo‘lganim

Tashvish kelsa, qo‘sh keladi, degan gap bor. Hordiq kuni edi. Hatto nonushtaga ham turmasdan, cho‘zilib yotgandik. Shuhratning telefoni kuy chalib, apil-tapil kiyindi-da, oshxona tomonga o‘tib ketdi. Birpasdan so‘ng boshqalarni uyg‘otib yubormaslik uchun asta qadam qo‘ygancha ostonadan o‘tib, oshxona eshigini yopdi.

Men yonboshlagancha Shuhratga savol nazari bilan qaradim. U qulog‘imga shivirladi:

- Yigitlar charchashgan, uyg‘otib yubormaylik. Tur, oshxonaga o‘t.

Men yuz-qo‘limni yuvib kelib, oshxonaga kirganimda, Shuhrat choy damlayotgan ekan. U shoshmasdan choy qaytardi.

- Choy ichishga chaqirdingmi, - dedim Shuhratning kayfiyatini yaxshilash maqsadida ataylab ovozimga quvnoq tus berishga urinib.

- Ko‘kchoy asabga orom beradi, deb o‘zing o‘rgatgansan-ku, o‘rtoq, - Shuhrat ustma-ust ikki piyola choy ichdi. – Mahallamizdagi G‘ayrat akani taniysan-a? Sinfdoshimiz Nargis bor-ku, o‘shaning akasi.

Men Shuhratning avzoyidan qandaydir tashvishli hodisa yuz berganini, lekin u ataylab yotig‘i bilan so‘zlashga urinayotganini sezib o‘tirardim.

- Anovi Domodedovoda xotini ikkovi ishlaydigan G‘ayrat akami? Tinchlikmi?.

- Tinchlik emas-da… G‘ayrat akaning svarshik bo‘lib ishlashlarini yaxshi bilasan. Shu… allaqanday teplotrassa o‘tkazishayotgan ekan, yiqilib tushib, oyog‘i sinibdi.

Men shu lahza G‘ayrat akaga ko‘plar havas qilishini o‘yladim. Chunki Moskvada usta payvandchilarga talab katta. G‘ayrat aka kamida o‘n yildan buyon Domodedovoda payvandchilik qiladi. Xotini o‘sha yerda farrosh. Uning o‘n besh mingga yaqin oylik oladi, deb eshitganim bor. Shuhratning aytishicha, G‘ayrat aka ellik ming rublga yaqin olarkan. Ya‘ni bir yarim ming dollarga yaqin. Shungami, hatto hamqishloqlarim orasida ham unga havas qiladiganlar ham, hasad qiladiganlar ham bor.

Bunday qarasam, allaqachon bo‘shagan piyolani yana labimga olib boryapman.

- Shuhrat, oyog‘i singan bo‘lsa… G‘ayrat aka hali yosh, bo‘lsa, bizdan o‘n yosh kattadir, oyog‘i tuzalib ketar. Ishqilib, jigar-pigari qattiq urilmagan bo‘lsa, bo‘lgani.

- Buni o‘shaqqa borib aniqlaymiz. Kennoyi ikki og‘iz gapirib-gapirmas, "endi musofir yurtda nima qilaman", deya yig‘iga tushdi.

Oyoq ostidagi falokat

Ikki soatdan keyin G‘ayrat akaning Domodedovo shaharchasidagi ijara uyida o‘tirardik. G‘ayrat aka taxtakachlangan oyog‘ini uzatgancha yotardi. Bizni ko‘rishi bilan piqillay boshlagan kennoyi haligacha ko‘z yoshini tiyolmasdi.

- Falokat oyoq ostida, deydilar-ku, ukalar, - G‘ayrat aka jilmaygancha o‘tirishga urindi. –Ozgina ish qolgandi, ertaga qoldirmayin deb… Oyog‘im qanday sirg‘anib ketganini bilmay qolibman.

- Mayli, aka, boshga tushganni ko‘z ko‘rar, deydilar onamlar. Ishqilib, boshqa yeringizga ziyon yetgani yo‘qmi? – dedi astagina Shuhrat.

- Xudoga shukr, boshqa hamma yerlari tuzuk ekan, - dedi ko‘z yoshini artgancha kennoyi. – Rentgenga tushirdik, keyin moskvalik do‘xtirlar rosa sinchiklab tekshirishar ekan. Baraka topishsin. Faqat puliga chidasangiz bo‘ldi ekan…

Kennoyining aytishicha, shu bitta taxtakachlashga dunyoning pulini olishibdi. Shuning uchun o‘zimizda davolatishni ma‘qul topishibdi. Hisoblab ko‘rishsa, singan oyoq bitib ketguncha davolatish Tojikistonda ancha arzon ekan. Bordi-keldi pulini ham hisoblashibdi, Tojikistonda o‘z uyida ijara uchun pul to‘lamaslikni ham hisoblashibdi, xullas, hammasini tarozi pallasiga qo‘yishsa, Moskvada davolatish qimmatga tusharkan.

- Har narsaning yaxshi-yomon tomoni bo‘ladi. o‘tgan yili uyga borolmagandim. Uyimizni, onamni sog‘inganman, ustiga o‘zimizning dori yemagan mevalarga to‘yib kelaman, - dedi hamon jilmaygancha G‘ayrat aka.

… Shu kuni kechqurun G‘ayrat akani samolyotga kuzatib qo‘ydik. Qo‘shni qishloqdan bir tanishni uchratib, G‘ayrat akaga qarab ketishni iltimos qildik.

Kennoyini ijara uyiga tashlab, o‘zimiz yarim kechada taksida Moskvaga qaytdik.

Eshakning mehnati halol, o‘zi harom

Men taksida kelar ekanmiz, G‘ayrat akaning gaplarini eslardim. Shuhrat undan ishxonasi qanday yordam berganini so‘ragandi, G‘ayrat aka istehzoli jilmaygancha "Eshakning mehnati halol, o‘zi harom", - deb eshitmaganmisan? Nima deding, tib… tibbiy sug‘urta, dedingmi?. Ha, bu medisina straxovaniyesi, degani-da, to‘g‘rimi? Xudo Moskvaga ishlash uchun kelgan biron musofirning taniga hech dard bermasin. Biz sog‘ bo‘lsak, aslida qilgan mehnatimiz uchun beriladigan yarim haqqa xursand bo‘lib, lom-mim demasdan ishlab yursak, moskvalik xo‘jayinlarning og‘zi qulog‘ida bo‘ladi. Bir yering og‘rib, ikki soat ishga chiqmagin-chi, yo haqingni talab qilgin-chi, lab-lunjlari osilib, katta ko‘chani ko‘rsatib qo‘yishadi", -dedi.

G‘ayrat aka ovozi alamdan titrab gapirar ekan, men ishda yiqilib oyoq-qo‘li singan, jigar-bag‘ri ezilgan… hamyurtlarimiz, o‘zbekistonlik, qirg‘izistonliklarni esladim. Xo‘jayinlarning hammasi desam, balki insofsizlik bo‘lar, lekin asosiy ko‘pchiligi texnika xavfsizligiga amal qilmagansizlar, biz vaqtida instruktaj o‘tkazganmiz, o‘zlaring amal qilmagansizlar, deya jabrlanganlarning o‘zlarini aybdor qilib qo‘yishadi.

Oyoq yo qo‘l sinsa, tuzalib ketar, lekin Rossiyada pul topaman, bola-chaqamni boqaman, deb o‘lib ketganlar-chi? Yangi savdo markazi qurish uchun eski uy buzilayotganda, uning tagida o‘lib ketgan uch tojikistonlik, bir o‘zbekistonlikning bolalarini endi kim boqadi? Mutaxassislarning ogohlantirishlariga qaramasdan, uyning yonida chuqur qazdirganlarmi? Sifatsiz qurilgan bozor tomi bosib qolganda, tagida o‘lgan Hasan-Husanlarning onaizori dardiga kim malham qo‘yadi endi? Dushanbening shundoqqina biqinidagi qishloqda yashaydigan bu o‘zbek yigitlar yigirmaga kirmasdan, uylanmasdan dunyodan o‘tishgani bilan bozordan yuz ming dollarlab foyda oladiganlarning ne qayg‘usi bor? Yo Moskva yaqinida quyida gaz bor bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmasdan quduq qazdirganlar bir soatga yetar-etmas vaqt orasida bir-birini qutqaraman, deya halok bo‘lgan besh yigitning oilasiga ko‘mak berishyaptimikan? Qayoqda! Shu o‘zimizning Sug‘d viloyatidagi chekka Qo‘rg‘oncha qishlog‘idan Moskvaga non topish uchun borgan besh inson halok bo‘lganda, faqat u qishloqda emas, atrof-tevarakda ham og‘ir fojeadan chekilgan faryodni maqsadi mo‘may pul topish bo‘lgan Rossiyalik boylar eshitganlarida ham, bir tuklari o‘zgarmasligi turgan gap…

G‘ayrat akaning oyog‘i tuzalib ketar. Lekin u boshlab qo‘ygan uy qurilishini tugatish uchun endi yana qachon Moskvaga borib ishlaydi, qachon pul topadi. Xotinining supur-sidirdan topgan puli urvoq ham bo‘lmas…

"Pastak kulbada ham yashab o‘tish mumkin"

Moskvada, Rossiyada ishlayotgan biron hamqishlog‘imiz boshiga ish tushmasin. Ana shunday paytlarda men onamni o‘ylab, xavotirga tushaman. G‘ayrat akani uyga jo‘natvorganimizdan keyin ishqilib, onam uning ishda yiqilib, oyog‘i singanini eshitmagan bo‘lsinlar, deb Xudodan iltijo qilardim. G‘ayrat aka Shuhratlar bilan qo‘shni, bizdan pastroqdagi mahallada yashaydi. Shuhratning onasi bilan onam to‘y-ma‘rakalarda uchrashib turishadi. Ishqilib…

Xuddi ana shu o‘yga cho‘mgan paytimda telefon jiringladi. Jiyanim. U hol-ahvol so‘radi-da, buvimlar siz bilan gaplashmoqchilar, dedi. Nahotki, G‘ayrat akaning oyog‘i singanini eshitgan bo‘lsalar!

Eshitibdilar. Onam sog‘ligimni so‘radilar, men bilan birga bir uyda turgan yigitlarning ahvolini so‘radilar, qishloqda shu yakshanbadan to‘la chiroq berishayotganini aytdilar. Va keyin…

- O‘g‘lim, qurilishda to‘rt terak balandda ishlarkansizlar. Avvalo, Xudoyim asrasin, lekin o‘zing ham ehtiyot bo‘lgin. G‘ayratjonning onasi kuyib yotibdi. Endi uyining tomini yopib, pardoziga pul to‘playotganda… Qurib ketsin, pastak kulbada ham yashab o‘tish mumkin. Bolajonim, ehtiyot bo‘lgin! Agar… qaytib kelsang, men seni ko‘rib xotirjamgina uxlardim…

Tomog‘imga nimadir tiqilib, aytadigan gapimni aytolmay qoldim.

Umid,

Moskva-Domodedovo-Moskva.