Ukraina mamlakat sharqiga qo‘shin kiritdi

Image copyright Simon Ostrovsky

Ukraina qo‘shinlari Kramatorsk shahrida aholining qarshiligiga duch kelgan.

Hozirda qo‘shinlarning shaharni nazorat qilib-qilmayotgani noma‘lum.

Ayni paytda Donetsk shahrida rossiyaparast qurollilar shahar hokimining idorasini bosib olishgan.

Ukrainaning muvaqqat Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Rossiya yangi "Berlin devori" qurishga urinayotgani haqida ogohlantirgan.

Televideniye orqali murojaatida janob Yatsenyuk Rossiyani "Ukrainadagi terrorchilarni dastaklashni to‘xtatish"ga chaqirgan.

Seshanba kuni Ukraina kuchlari Kramatorsk shahri tashqarisidagi aeroportni qaytarib olgan.

Chorshanba kuni ertalab esa shahar markazida zirhli avtoulovlarni ko‘rish mumkin edi.

Keyinroq Rossiya bayroqlari tikilgan bronetexnika borayotgani aks etgan videotasvirlar paydo bo‘lgan.

Ularning Kramatorsk - Slavyansk yo‘nalishida borayotgani xabar qilingan.

Ushbu harbiy mashinalarning rossiyaparast olomon qo‘liga o‘tgan Ukraina texnikasi ekani taxmin qilinmoqda.

6 apreldan buyon rossiyaparast qurollilar qo‘lida qolayotgan Donetsk shahrida esa olomon shahar hokimi binosini hech qanday qarshiliksiz bosib olgan.

Frans-Press agentligi muxbiri bilan suhbatda qurollilar ularning yagona maqsadi Ukrainani federal davlatga aylantirish bo‘yicha referendum o‘tkazish ekanini aytishgan.

"Fuqarolar urushi"

Image copyright Reuters
Image caption Putin va Merkelning Ukraina inqirozi borasidagi qarashlari turlicha

Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan telefon muloqotida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina "fuqarolar urushi yoqasida" turgani haqida ogohlantirgan.

Kremlning bildirishicha, muloqot chog‘ida har ikki rahbar payshanba kuni Rossiya, Ovro‘po Ittifoqi, AQSh va Ukraina o‘rtasida o‘tishi rejalangan to‘rt tomonlama muzokaralarning "muhimligini urg‘ulaganlar".

Ammo shu bilan birga Ukraina va g‘arb mulozimlari Rossiyani Ukraina sharqidagi rossiyaparastlarni dastaklayotganlikda ayblashgan.

Moskva tartibsizliklarni keltirib chiqarish haqidagi ayblarni rad etadi.

Ukrainaning terrorga qarshi kurash bo‘yicha mas‘ul mulozimi general Vasil Krutov qurolli shaxslar Ukraina chegarasini kesib o‘tganini aytgan.

"Interfaks-Ukraina" agentligining iqtibos keltirishicha, ukrain generali "bizning qarshimizda juda jiddiy, yuqori malakali va professional dushman turibdi", deb aytgan.

"Bu odamlar dunyoning qaynoq nuqtalarida bo‘lib kelganiga shubha yo‘q", degan ukrain mulozimi.

Kreml Ukrainaning aksilterror amaliyotini "tinch namoyishlarga qarshi aksilkonstitutsiyaviy kuch ishlatish" deya qoralagan.

Rossiyaparast isyonchilar Ukraina sharqidagi 10 shaharda hokimiyat binolarini bosib olishi ortidan tanglik kuchaygan.