Toshkentda noqonuniy kirakashlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Shu maqsadda Davlat soliq qo‘mitasida "Toshkentdagi nolegal taksilar ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha" hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. Nazoratchilar va jarima miqdori ko‘paytiriladi. Bu haqda anhor.uz sayti ma‘lum qilgan.

Toshkent shahar yo‘lovchi tashish transporti departamenti liniyadagi taksilarning faoliyatini monitoring va muvofiqlashtirish bo‘limi rahbari Ruslan Sulaymanovga ko‘ra, agar hujjat tasdiqlansa poytaxtda har kuni 22 odam faqat avtomobildan yo‘lovchi tashishda noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Mas‘ulning ta‘kidlashicha, noqonuniy kirakashlik uchun jarima miqdori yanada ko‘tariladi va qoidabuzarlar haydovchilik guvohnomasidan 3 oydan 6 oygacha mahrum qilinadi. Mana shunday choralar ko‘rilgan taqdirda ham kirakashlik bilan noqonuniy shug‘ullanish 20-30 foizga kamayishi mumkin.

Rustam Sulaymonov Toshkentda nolegal kirakashlarning ko‘pligini legal taksilarning kamligi bilan izohlagan.

Poytaxtda 9000 atrofida taksiga ehtiyoj bor, litsenziyaga ega taksilar esa 2300 tani tashkil qiladi.

Vazirlar mahkamasining 2012 yil yanvar oyidagi qaroriga asosan poytaxt Toshkent va viloyatlarda yo‘nalishli taksilarga litsenziya olish va mashinani belgilangan rangga bo‘yash shart qilib qo‘yilgan edi.

Kirakashlarning yakka tartibda faoliyat yuritishi taqiqlanib, biror tashkilotga birikkan holda ish yuritishi belgilangandi.

Qaror bo‘yicha 2014 yilgacha mamlakatdagi barcha yo‘nalishli taksilar qarorda belgilangandek faoliyat yuritishga o‘tishi, unga amal qilmagan kirkashlar avvaliga katta jarimaga tortilishi keyinchalik yana qoidani buzgan taqdirda mashinasidan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Vazirlar mahkamasining qarori barcha joyda ko‘ngildagidek bajarilmadi. Hattoki tartib qoida ancha kuchli bo‘lgan poytaxt Toshkentda ham qaror ijrosi ta‘minlanmadi.

Toshkent shahar yo‘lovchi tashish transporti departamenti liniyadagi taksilarning faoliyatini monitoring va muvofiqlashtirish bo‘limi rahbari Ruslan Sulaymanovning anhor.uz ga ta‘kidlashicha qarorning to‘liq ishlamasligiga bir necha omillar bor.

"Qonunni bajarmaslikka birinchi sabab – transport vositasining legallashtirish uchun talab qilinadigan katta mablag‘. Bitta mashinanini Vazirlar mahkamasining qarorida ko‘rsatilganidek holga keltirish uchun taxminan 3,5 million so‘m (1540 dollar, BBC) sarflash kerak bo‘ladi", - deydi Ruslan Sulaymanov.

Mas‘ulga ko‘ra bundan tashqari legal taksilarga navbatsiz yonilg‘i quyish, mashinani bo‘yashning o‘rniga kerakli rangni yopishtirish kabi imtiyozlarning yo‘qligi ham kirakashlarning litsenziya olib ishlashiga rag‘batni so‘ndirmoqda.

Uchinchi sabab qilib esa noqonuniy kirakashlarni qayd etish jarayonining qiyinligi va nazoratchilarning yetishmasligi bilan izohlangan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari kirakashlar bilan kurashishi o‘rniga boshqa muhim masalalarni hal qilish kerakligi haqida yozishgan.

"Oddiy fuqarolarga halol mehnati bilan pul ishlashiga ham qo‘yishmaydi. Undan ko‘ra mansabdor shaxslarning poraxo‘rligi va o‘g‘irliklarini oldini oluvchi qonun o‘ylab topishmaydimi. Faqat kambag‘allarni ezadigan qanaq mamlakat bu? Oilani kim boqadi", - deya yozadi Bahodir Ortiqov.

Marina Kim ismli Facebook foydalanuvchisi pul topish uchun imkoniyat berilayotganini yozadi.

"Pul topishga imkon berishyapti. Faqatgina litsenziya olib soliq to‘lash kerak. Nolegal taksi bilan esa kurashish kerak. Ular sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha kerakli jarayonlardan o‘tishi kerak", - deydi Marina Kim.

O‘zbekiston maoshlarning kamligi bois ishdan bo‘sh vaqtda kirakashlik qiluvchi qatlam ham borligi aytiladi.

Ular kirakashlik bilan muttasil shug‘ullanmaganligi uchun ham davlat tomonidan qo‘yilayotgan talablarni aylanib o‘tishni afzal biladi.

Your contact details
Disclaimer