Qrim tatarlari rahbariga Qrimga kirish man qilindi

Qrim tatarlari xalq rahbari Mustafo Djemilevning Qrimga kirishi taqiqlangan. Qrim tatarlari Majlisi bu haqida o‘z websaytida ma‘lum qildi.

Qrimda aholining 12 foizini tashkil etuvchi 300 ming tatarlar rahbari bo‘lgan janob Djemilev Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini qoralab kelayotgandi. U Qrimning Ukrainadan ajralib chiqishi borasidagi referendumni tan olmagan.

Dushanba kuni esa Qrimdagi Majlis binosiga hujum uyushtirilgan va u yerdagi Ukraina bayrog‘i yulib tashlangan.

Ayni damda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrim tatarlari huquqlarini tiklash bo‘yicha dushanba kuni farmonga imzo chekkan.

BBC Majlis voizi Liliya Muslimovadan oxirgi voqealar tafsilotini so‘radi.

Image copyright b
Image caption Majlis a‘zolari Rossiya bayrog‘ini yana yulib tashlashgan

Muslimova: Bugun, 22 aprel kuni, ertalab Mustafo Djemilev Qrimdan Kiyev sari otlandi, Qrimdan chiqishdagi chegara postida chegara posbonlari oldida Mustafo Djemilevga harbiy kamuflyaj kiyimida bo‘lgan va avtomatik qurollari bo‘lgan shaxslar yaqinlashib, bildirish aktini o‘qib eshittirganlar. Bu aktga binoan, Mustafo Djemilevga, xorijiy fuqaro va Ukraina fuqarosi sifatida, federal qonunlarining ma‘lum moddasiga ko‘ra, Rossiya xududiga 2019 yilning 19 apreligacha kirish man etiladi. Ya‘ni, bu uning Qrim hududiga besh yil davomida kirishi taqiqlanadi, degani. Bu aktni unga Rossiya Federatsiyasining chegara qo‘shinlari ko‘zi oldida, o‘zini tanishtirmagan noma‘lum shaxslar o‘qib berishgan. Chegarachilar u kishilarni to‘xtatishga ham urinmaganlar. Mustafo Djemilev ulardan aktni unga topshirishlarini iltimos qilgan, lekin ular uning iltimosini rad qilishgan. Oxiri baribir bu aktni olishga muvaffaq bo‘ldik. Hozir Mustafo Djemilev Kiyevga yo‘l olgan.

BBC: Kecha Qrim tatarlari Majlisi binosiga hujum qilingani aytiladi. Kim edi bu hujumchilar va u qanday yuz berdi?

Muslimova: Kecha, 21 aprel kuni, ertalabki soat 11da, Qrim tatar xalqining Majlisi idorasi oldiga harbiy kamuflyaj kiyimida bo‘lgan odamlar bilan to‘la bir avtobus keldi. Bu zabardast erkaklar Majlis oldiga narvon qo‘yib, bino tepasida o‘rnatilgan Ukraina bayrog‘ini yechib olishdi. Bu vaqtda binoda faqat uchta ayol bor edik, biz ayol bo‘la turib, ularni to‘xtatishga uringanimizda, bizga qarshi jismoniy kuch ishlatishdi. Qo‘llarimizni qayirib, bizni uyat so‘zlar bilan so‘kishdi va Qrim tatarlari bo‘lganimiz uchun "O‘zbekistonga qaytarib yuboramiz" deb tahdid qilishdi. Keyin ular Ukraina bayrog‘i o‘rniga Qrim bayrog‘ini o‘rnatib, unga chest berishdi va ketishdi. Ular ketgach, bizning navbatchi ayol yuqori qavat oynasidan u bayroqni yulib tashladi. Keyin Qrim mudofaa kuchlarining a‘zolari ekani aniq bo‘lgan bu yigitlar qaytib kelishdi, Qrim bayrog‘ini olib bizning hovlimizda u yoq bu yoqqa hilpiratishdi, bizni gijgijlashga urinishdi, keyin ketishdi.

BBC: Siz huquq-tartibot organlarini chaqirishga urindingizmi?

Muslimova: Bizning huquq-tartibot organlarini chaqirish harakatlarimizga kelsak... Aslida huquq-tartibot organlari hodimlari ularga hamrohlik qilishayotgandi. Biz ayollarga qarshi qo‘llanilgan jismoniy zo‘ravonlikni ko‘ra turib, ular miq etishmadi, faqat chetda qarab, kuzatib turishgandi. Bu voqeadan yarim soat o‘tgach, biz Majlis tepasiga yana Ukraina bayrog‘ini o‘rnatdik. Majlisimiz tepasida hozir yana Ukraina bayrog‘i hilpirab turibdi.

Your contact details
Disclaimer