"Musulmon Lionel Messi"?..

Image copyright gh

Argentina va Ispaniyaning nahang "Barselona"si yulduzi "Lionel Messi musulmonchilikni qabul qilibdi", "Messini masjidda ko‘rishibdi", deyishsa, nima degan bo‘lardingiz?..

Bu kabi gap-so‘zlarga ishonib-ishonmay qaragan bo‘lishingiz tabiiy.

Shoshmang, bunga o‘xshash mish-mishlarning barchasiga oddiygina jo‘g‘rofiya o‘qituvchisi Abdul Karim sabab ekan.

Gap nimada ekan desangiz, tafsilotlari bilan tanishing:

Bir-biriga quyib qo‘ygandek o‘xshash odamlarni odatda siz matbuot xabarlari va filmlarda uchratasiz, qiziqib o‘qiysiz va tomosha qilasiz, to‘g‘rimi?

Biroq haqiqiy hayotda o‘zaro qondosh bo‘lmasa-da, qiyofadosh bo‘lgan insonlarga har doim ham to‘qnash kelavermaysiz.

Ammo yaqinda Afg‘onistonning g‘arbiy Hirot viloyatida xuddi shunga o‘xshash bir voqea yuz berdiki, hamma Messini "musulmon"ga aylantirib yuborish darajasiga bordi.

So‘z jahon futboli yulduzi Lionel Messiga bir tomchi suvdek o‘xshash bo‘lgan Abdul Karim haqida ketmoqda.

Image copyright BBC World Service
Image caption Afg‘onistonning "bo‘lajak Messi"si xuddi mana shu bazmda kashf etilgan

Odatda, dunyoning ikkita turli burchagidan bo‘lgan odamlarning yuz qiyofalarida o‘xshashlik topish qiyin bo‘ladi.

Agar, odmigina qilib aytadigan bo‘lsak, Afg‘oniston qayerdayu Argentina qayerda,

Ustiga ustak, iqlimi, ob-havosi va yeyish-ichishlari ham bir-biridan butkul farq qilsa.

Abdul Karim esa, kimsan Messining "o‘zi" emasmi, odamlarga faqat shunisi kerak: mashhur yulduzlarga qiyofadosh bo‘lgan kishilar haqidagi xabar hammaning e‘tiborini bir zumda o‘ziga tortadi-qo‘yadi.

"Musulmon Lionel Messi"

Hammasi bir oy avval boshlanadi: Hirotdagi mahalliy shifokorlardan biri o‘zi taklif etilgan bazmda xuddi Lionel Messiga o‘xshash bir odamni uchratib qoladi.

Ikkovlonning qanchalik bir-birlariga o‘xshashib ketishlaridan hayratga tushgan shifokor qo‘l telefonida Abdul Karimning suratini oladi va Facebook dagi sahifasiga qo‘yadi.

Buning ortidan shunday gap-so‘zlar tarqab ketadiki: "Lionel Messi Islom dinini qabul qilgan emish", "Messini masjidda ko‘rishibdi...".

Ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi buncha mish-mish, so‘zsiz, ommaviy-axborot vositalarining ham e‘tiboridan chetda qolmaydi va Messining quyib qo‘ygandek o‘zi bo‘lgan afg‘on yigiti haqida xabarlar yog‘ilib ketadi.

Ustiga ustak, ikkovlonning bir yil va bir oyda dunyoga kelishganini aytmaysizmi: 1987 yil iyun...muxbirlarga esa, gap kerak.

"Ustod Messi"

Image copyright gf
Image caption Agar, o‘zining iqroriga tayanilsa, jahon futboli yulduzi Messiga qiyofadosh bo‘lish oson emas...

Agar, Abdul Karimning so‘zlariga tayanilsa, mahalliy ommaviy-axborot vositalari qolib, o‘zi ishlayotgan maktabda ham shu ahvol.

Maktabda hech kim: nad-da rahbariyat, na-da hamkasblari va na-da o‘quvchilari uni ustod Abdul Karim, deb chaqirishsa, deng...

Jo‘g‘rofiya o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirgan ilk kunidan boshlaboq barcha unga "Ustod Messi", deb murojaat qiladi.

Qani endi, hech bo‘lmasa, o‘quvchilari, "Jo‘g‘rofiya o‘qituvchimiz kelayapti", deb aytishsa koshki, yo‘q...

"Boshog‘riqmi va yoki xoslik?"

Kimsan, aynan jahon futboli yulduzi Lionel Messiga qiyofadosh bo‘lish oson emas.

Abdul Karimning aytishicha, gohida Messiga qiyofadoshligi haqiqiy boshog‘riqqa aylanadi.

Ayniqsa, ul-bul olaman, deb bozorga tushgan paytimda buning yaxshiligi ham, yomonligi ham juda bilinadi, deydi u.

Ayon bo‘lishicha, bir narsa xarid qilaman desa, argentinalik nomdor futbolchining tujjor yoki do‘kondor muxlislari unga arzon-garovga tutqazishadi.

Xarid uchun Messini jini suymaydiganlarning yoniga borib qolsa, unga qosh-qovoq o‘yib, ko‘rmaganga olishadi.

"Ayniqsa, shunisi odamni juda xunob qiladi", - deydi Abdul Karim "Messi".

Ammo, uning aytishicha, Lionel Messiga qiyofadosh bo‘lishning yoqimli tomonlari ham yo‘q emas: O‘zi bilan birga suratga tushaman deganlarning soni ham ozmuncha emas.

O‘xshashlik ham bundan ortiq bo‘lmasa kerak

Image copyright gf
Image caption Abdul Karimning aytishicha, hali "kashf" etilmasidan avval ham, hozir ham Messining ashaddiy ishqibozi

Abdul Karim uylangan va Lionel Messiga o‘xshab, uning ham bitta o‘g‘li bor.

Ikkovlon terisining ranggi ham bir xil, faqat ammosi: Abdul Karimning bo‘yi Barsa yulduzinikidan 3 smga uzun, ya‘ni 1.72 metrni tashkil etadi.

Futbol Abdul Karimning ham jonu dili: jo‘g‘rofiya o‘qituvchisi ekaniga qaramay, futbol bo‘yicha mahalliy terma jamoa a‘zosi.

Ta‘kidlash joiz, yana ustasi farang Lionel Messiga o‘xshab hujumchi – hujumda o‘ynaydi.

Agar, o‘zining so‘zlariga ishonilsa, hali Messiga o‘xshashligi bilan tilga tushmasidan avval ham, Ispaniyaning amaldagi chempioani, jahonning eng old jamoalaridan biri bo‘lmish nahang "Barselona" va jahonning to‘rt karra "Eng zo‘r o‘yinchisi" Lionel Messiga ishqibozlik qilgan va hozir ham ularning muxlisi.