O‘sh aholisi hamon gazsiz qolmoqda

Image copyright Reuters
Image caption "O‘zTransGaz" shirkati 14 aprelida Qirg‘iziston janubiga gaz berishni to‘xtatgan

Bir hafta avval o‘chirilgan gaz, shahar aholisiga qator noqulayliklarni yaratmoqda. Rasmiylar esa, muammoni hal etish maqsadida so‘zlashuvlar olib borilayotganini aytish bilan cheklanmoqdalar.

Respublikaning janubiy hududlarini gaz bilan ta‘minlovchi qo‘shni O‘zbekistonning "O‘zTransGaz" tashkiloti joriy yilning 14 aprelida O‘sh viloyatiga zangori olov berishni to‘xtatgan.

O‘sh shahar gaz boshqarmasining ma‘lumotiga ko‘ra, gazning to‘xtatilishi yilning birinchi chorak kelishuvining muddati tugagani bilan bog‘liq, yangi kelishuv esa, Rossiyaning "GazProm" tashkiloti bilan tuzilishi kerak.

Shu yilning 10 aprelida Rossiyanining "GazProm" shirkati "Qirg‘izGaz"ni bir dollarga sotib olgan. O‘sha kunning o‘zida prezident Almazbek Atambayev bilan uchrashgan "GazProm" rahbari Aleksey Miller kelajakda Qirg‘izistonning gaz tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lida yirik sarmoya yotqizilajagini aytgan.

""Qirg‘izGaz"ning 40 million dollar qarzini yaqin 5 yillikda to‘lab, kelajakda Qirg‘izistonning gaz tarmog‘ini rivojlantirish uchun 600 million dollar sarmoya jalb etishni rejalashtirayapmiz" - deb aytgan janob Miller.

17 martda Talas viloyatiga rasmiy ish safari bilan borgan prezident Almazbek Atambayev xalq bilan uchrashuv chog‘ida "Gazprom"dan umid katta ekanligini ma‘lum qildi.

"GazProm" bizga kelib yaxshi bo‘ldi. Respublikamizning gaz yo‘q yerlariga, Bishkekning atrofi bo‘ladimi, boshqa shaharlar bo‘ladimi, gazni yetkazib beraman deyapti Miller. Endi xalqimiz uyini isitishda gazdan ko‘proq foydalansa, o‘shanda elektr energiyasini ozroq ishlatib, suvdan unumli foydalanib qolamiz" - dedi Atambayev.

O‘zbekistondan olinuvchi gazni O‘shga qayta yetkazish bo‘yicha shu kunlarda ikki taraflama so‘zlashuvlar olib borilayotganini Qirg‘iziston energetika vaziri O‘smo‘nbek Artiqbayev aytar ekan, so‘zlashuvlarda Rossiyaning "Gazprom" tashkiloti ham ishtirok etayotganini qayd etdi. Biroq, vazir so‘zlashuvlar qachon nihoyasiga yetib, aholini qayta gaz bilan ta‘minlanish muddatini ochiqlamadi.

O‘sh shahar fuqarosi Nazokat Abdukarimova bir haftadan beri gazning yo‘qligi sabab, ovqatni elektr plitasida yoki o‘choqda pishirayotganini aytadi.

"Ovqat qilish uchun har doim gazdan foydalanamiz. Gaz o‘chganiga mana bugun bir hafta bo‘ldi. Biz uchun noqulay bo‘layapti. Rahbarlarimiz bu muammoni tezroq hal qilib bersa deymiz" - deydi Nazokat Abdukarimova.

Joriy yil boshida "Qirg‘izGaz" tashkilotini Rossiyaning "GazProm" tashkilotiga sotish bo‘yicha qonun loyihasi Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Kengashida muhokama etilib, deputatlar qo‘llovidan so‘ng prezident Almazbek Atambayev huzuriga yuborilgan va 10 aprelda prezident qonun loyihasiga imzo qo‘ygan.