Rossiya Tashqi ishlar vaziri Ukraina hukumatini Jeneva bitimini buzishda aybladi

Image copyright Reuters
Image caption Sergey Lavrovga ko‘ra, Ukrainadagi qonunsizliklarni chek qo‘yish haqidagi chaqiriqlar Rossiyani "murakkab ahvolga solgan"

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ukrain rasmiylarini o‘tgan hafta Ukraina inqirozini hal etish maqsadida erishilgan Jeneva bitimini buzishda ayblagan.

Janob Lavrov aytishicha, Kiyev noqonuniy harbiy guruhlar, xususan, millatchi "O‘ng Qanot" guruhi a‘zolari qurolsizlantirish va‘dasini bajarmagan.

Janob Lavrovga ko‘ra, Slavyanskdagi halokatli otishma Kiyev ekstremistlarni nazorat qilolmayotganidan dalolatdir.

Uning ta‘kidlashicha, o‘tgan hafta Jenevada erishilgan to‘rt tomonlama bitim shartlarini bajarish uchun muhlat belgilanmagan, ammo choralar tezlik bilan ko‘rilishi kerak.

"Bitimda noqonuniy qurolli guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish, ularni qurolsizlantirish, ekstremizmning har qanday ko‘rinishi, diniy toqatsizlikning oldini olish, siyosiy mahbuslar, namoyishlar qatnashchilariga amnistiya qo‘llash va konstitutsiyaviy muloqotni boshlash singari bandlar bor. Ammo, asosiysi, zo‘ravonliklarga yo‘l qo‘ymaslik. Bu Jeneva bitimining birinchi bandidir. Ammo Kiyevdagi hokimiyat bu talablarni nafaqat bajarmayapti, balki qo‘pol ravishda buzayapti", - deb aytgan Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Janob Lavrovga ko‘ra, Rossiyaga Ukraina janubi-sharqidagi qonunsizliklarga chek qo‘yish chaqiriqlari yangramoqda va Rossiya bu chaqiriqlar bois hozirda "murakkab ahvolda qolgan".

"Ukraina sharqidagi Slavyansk, Mariupol va boshqa joylarda niqob kiyib olgan va mutlaq shafqatsizlik bilan harakat qilayotgan jangarilarning hujumlari davom etayapti. Va Rossiyaga bu qonunchizliklardan qutqarish chaqiriqlari borgan sayi kuchaymoqda. Bizni juda ham murakkab ahvolga qo‘yishmoqda", - deya Sergey Lavrovdan iqtibos keltiradi Ria novosti agentligi.

Yakshanbaga o‘tar kechasi rossiyaparats kuchlar nazorati ostidagi Donetsk viloyatining Slavyansk shahrida yuz bergan hodisa tafsilotlari qorong‘uligicha qolmoqda.

Ukraina hukumati va rossiyaparast kuchlarga yaqin manbalar turlicha farazlarni ilgari surmoqda.

Ukraina ichki ishlar vazirligi Slavyansk shahriga kirishdagi nazorat o‘tish nuqtasida yuz bergan otishmada uch kishi halok bo‘lgan va yana uch kishi yaralanganini bildirgan.

Jarohat olganlardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Hujumchilar bergan talofatlar borasida hech narsa ma‘lum emas.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa hodisa ortida Ukrainadagi millatchi "O‘ng qanot" faollar turganini da‘vo qilgan.

Ammo "O‘ng qanot" faollari BBC bilan suhbatda hodisaga mutlaqo aloqalari yo‘qligini aytganlar.

Ularga ko‘ra, Slavyanskda yuz bergan hodisa Rossiya maxsus xizmatlarining "ig‘vogarona harakatidan boshqa narsa emas".

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Moskvada o‘tirgan diplomatlar Slavyanskdagi hodisa yuzasidan rasmiy axborotga ega bo‘lmay turib, o‘z ayblovlarini xuddi isbotlangandek ilgari surayotganlaridan taajjub izhor qilgan.

Jurnalistlar hodisa tushirilgan videotasvirlarda sahnalashtirish unsurlari borligi, jumladan, unda "O‘ng qanot" rahbari Dmitriy Yaroshning tashrif qog‘ozi namoyish etilganiga e‘tibor qaratishgan.

Ayni paytda Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov prezident Putinning maqsadi "mustaqil Ukrainani qo‘y qilish" ekanini aytgan.

"Putin Ukrainadan qo‘rqadi, chunki Ukraina ko‘pgina sobiq Sovet davlatlari uchun bir namuna. Odamlar qanday hokimiyat istashlarini o‘zlari hal qilishlarining bir namunasi. Bizda odamlar o‘zlari hokimiyatni o‘zgartirishdi va "byudjet oxuri"dan yem yeb yotgan tekintomoqlarni yo‘qotdilar", - deb aytgan janob Turchinov.

Ayni paytda Ukrainaning muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk prezident Putinning maqsadi "SSSRni qayta tiklash" ekanini aytgan.

"Prezident Putin Sovet Ittifoqini tiklashni orzu qiladi. U har kuni bu yo‘lda bir qadam tashlamoqda. Uning qayergacha borishi yolg‘iz Xudoga ayon", - deb aytgan janob Yatsenyuk shanba kuni Amerikaning NBC telekanali bilan bo‘lgan suhbatida.